Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Istiqlol shukuhi

Shu kunlarda ona Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik to‘yini nishonlash arafasida turibmiz. Biz Vatan so‘zini hamisha Ona so‘zi bilan birga ifodalaganmiz. Sababi, Vatanimizni doimo onamizdek muqaddas va aziz deb bilamiz. Hamisha onamiz uchun qiyosi yo‘q ta’rifni izlaymiz, uni dunyodagi jamiki chiroyli so‘zlar bilan ulug‘lasak-da, kamlik qilayotgandek tuyulaveradi. Xuddi shunday ona Vatanimizga ta’rif berayotganda ham uning beqiyosligini, har qanday maqtovlardan baland turishini his qilamiz. Va bizni suyub, ardoqlab voyaga yetkazgani uchun mana shu beqiyos maskan oldida o‘z farzandlik burchimizni ado etgimiz kelaveradi.

Jurnalimizning qadrli muxlislari, yozgi ta’tilning sanoqli kunlari qolgani sari barchamizni yaqinlashib kelayotgan katta bayram shukuhi hayajonga solmoqda. Bu bayram haqida har qancha to‘lqinlanib so‘zlasak arziydi. Birgina ta’til kunlaringizni tashkillashtirishda ham hukumatimiz tomonidan juda ko‘p xayrli ishlar amalga oshirildi. Bu ishlarning amaliy natijasini tahririyatimiz ijodiy jamoa a’zolari bilan turli oromgohlarga borganimizda ko‘rdik. So‘nggi mavsumda Toshkent viloyatining eng xushmanzara, bahavo, so‘lim maskanlaridan biri Bo‘stonliq tumanidagi “Barkamol avlod” hamda “Zilola” oromgohlarida bo‘lib, u yerda bolalarning qanday hordiq chiqarayotganliklarini ko‘rib qaytdik. To‘g‘risi, oromgohda bolalarga yaratilgan sharoitlarni kuzatib mening ham qaytadan bola bo‘lib qolgim keldi. “Barkamol avlod” oromgohi hududi zamonaviy loyiha asosida qurilgan, landshaft dizayni yangicha uslubda bo‘lsa, “Zilola”da yovvoyi tabiat manzarasi saqlab qolinganligi bilan bizni maftun etdi. Ikki oromgohning suzish havzasidagi tiniq, zilol suvda maza qilib cho‘milayotgan bolalarni ko‘rib, ularga juda havasim keldi. Bolalarning qiziqishlariga qarab turli to‘garak va sport mashg‘ulotlarining olib borilayotgani esa ta’tilning yanada mazmunli o‘tishini ta’minlamoqda. Shuningdek, ta’til so‘ngida Yunusobod tumanidagi 274-maktab oromgohidagi bolalarning ham qanday dam olayotganliklari bilan tanishdik.

Istiqlol yillarida deyarli barcha sohada yangilanish va yuksalish jarayonlarini kuzatdik. Ayniqsa, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga katta e’tibor berildi. Bunga misol qilib O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Iste’dod maktabi” respublika yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etgan 42 nafar yoshlarning kitoblari “Birinchi kitobim” loyihasidagi “Ijod” fondi tomonidan moliyalashtirilib, har biri 20 ming nusxadan chop etilgani va respublikamizdagi maktab, kollej, litseylarga tarqatilganini ko‘rsatishimiz mumkin. Bayram arafasida ana shunday yoshlar ijodi namunalaridan tashkil topgan “Biz istiqlol farzandlarimiz” deb nomlangan bayoz chop etilishi esa nur ustiga nur bo‘ldi.

Yana bir misol. Toshkent davlat pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey rahbari, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Ortiqboy Eshonqulovdan olgan ma’lumotlarimiz sizni ham hayron qoldiradi, deb o‘ylaymiz. Bu litsey o‘quvchilarining 2008-yildan buyon jahon fan olimpiadalarida kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan oltin, kumush va bronza medallarining soni 30 taga yetgan. O‘quvchilar o‘z o‘quv maskani hamda ularga saboq bergan ustozlari ishonchini yuqori darajada oqlab, yurtimiz sharafini yuqori pog‘onalarga ko‘tarmoqdalar.

Istiqlol yillarida amalga oshirilgan xayrli ishlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xalqimizning tinchlik, xotirjamligi yo‘lida tolmay mehnat qilayotganlarga hamisha kamarbasta bo‘laylik. Parvozi baland yurtga aylanib borayotgan O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashiga, yuksalishiga o‘z hissamizni qo‘shishdan charchamaylik.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.