Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ixtiyoriy obunaga yo‘l

“Gulxan” jurnalini o‘qib ulg‘aygan aziz ustozlar, ota-onalar va jurnalning qadrli o‘quvchilari! Xabaringiz bor, 2019-yil uchun Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Majburiy obuna”ga chek qo‘yildi. Bu bilan maktablarga kirib borayotgan uzundan-uzoq ro‘yxatlar barham topdi. Ya’ni, maktablar uchun zarur bo‘lgan gazeta-jurnallarga ustozlar va ota-onalardan yig‘ilgan pullar yengil-yelpi, kerak-nokerak nashrlar uchun yo‘naltirilib, talon-taroj qilinayotgan edi. “Matbuot tarqatuvchi” tadbirkorlar ham har xil bo‘lar ekan. Halol ishlab o‘z vaqtida gazeta va jurnallarni egalariga tarqatadigan firmalar hamda obuna pullarini yig‘ib olib, tahririyatga pul o‘tkazmay, bolalarning obuna pullarini yeb ketar – “qochoq tadbirkor”lar. Ana shunday soxta “ishbilarmonlar” maktablarga kirolmay qoldi. Ularning qing‘ir-qiyshiq ishlariga barham berildi. Bu “tadbirkorlar” birni yoniga o‘n qo‘shib, o‘z jig‘ildonini o‘ylab obuna bahosini osmonga ko‘tarib, pul yig‘ishning haddini rosa olishgan edi. Lo‘ndasini aytganda, majburiy obunaga chek qo‘yish bilan korrupsiyaga barham berildi. Axir muhtaram Prezidentimizning eng oliy maqsadlari ham shu-da – korrupsiyaga nuqta qo‘yish.

Mana shu sabablar bois “Gulxan”ni yaxshi ko‘rib mutolaa qiladigan o‘quvchilar ham jurnalga obuna bo‘lolmay qoldilar. Aziz o‘quvchilar, qadrli ota-onalar, ustozlar! Majburiy obuna yo‘q, degani bu – jurnal o‘qimang, degani emas. Aksincha, endi o‘zingiz istagan nashrga, sevib o‘qiydigan gazeta yoki jurnalingizga ixtiyoriy obuna bo‘lishingiz mumkin, deganidir. Endi nashrlarga obuna bo‘lish ongli yondashuv orqali amalga oshiriladi. Marhamat, siz ko‘proq qaysi gazeta yoki jurnalni o‘qishni istaysiz? Tanlagan nashringizga eng yaqin aloqa bo‘limi orqali uy manzilingiz yoki maktab kutubxonasi manzilini yozib obuna bo‘lishingiz mumkin. Agar yashash joyingizda aloqa bo‘limi mavjud bo‘lmasa, unda siz kutubxonachi opangizdan yordam so‘rang, ular albatta, yo‘l ko‘rsatishadi. Yana bir narsani eslatib o‘tmoqchimiz. Siz “Gulxan”ning 1-2-3-sonlarini olishga kechikdingiz, lekin qayg‘urmang, aprel oyidan obunani amalga oshirsangiz bo‘ladi. Bu borada sizga atrofingizdagi katta, tajribali insonlar yordam berishadi. Siz ulardan iltimos qiling. Obunaning tahririyatdagi yillik bahosi – 48000 so‘m. Aloqa bo‘limlari obunachiga yetkazib berish uchun 4% ustama narx qo‘ygan.

Endi yana ota-onalar va ustozlarga murojaat qilmoqchimiz. Farzandining ma’naviy kamolotini o‘ylab har qanday harakatga tayyor bo‘lgan azizlar! Keling, bolalarimizning barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun qo‘lni qo‘lga beraylik. Biz har doimgidek qiziqarli, ma’lumotlarga boy jurnal tayyorlaylik, sizlar esa bolalaringizni “Gulxan”ga oshno qiling.

Yaqinda Surxondaryo viloyati Denov tumanidan bir o‘qituvchi tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib “Sinfimiz o‘quvchilaridan beshtasini jurnalga obuna qildik. Men “Gulxan” jurnalidan dars davomida qo‘shimcha o‘qish uchun unumli foydalanaman”, dedi hayajon bilan. Men bu ustozga minnatdorchilik bildirdim va “Ota-onalardan homiy topib ko‘proq o‘quvchini obuna qilishini tavsiya qilaman. Har oyda bir marta bolalar bilan jurnal haqida suhbat uyushtiring, ularning jurnal haqidagi mulohazalari bilan qiziqing. Ana shunda siz o‘quvchilaringizdagi o‘sishni, o‘zgarishni, intilishni ko‘rasiz”, dedim ishonch bilan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yuksalishlar zamirida ezgulikka xizmat qilish, hayotimizni yanada farovonlashtirish, moddiy va ma’naviy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarishdek maqsadlar turibdi. Azaldan ilm-u ma’rifat beshigi sanalgan yurtimiz buyuk allomalar, mutafakkirlar yurti. Shunday ekan, katta-yu kichik – barchamiz ana shu ezgu maqsadlarga munosib hissa qo‘shaylik.

Unutmang, “Gulxan” yurtimizdagi iste’dodli, iqtidorli bolalarni kashf qilish borasida ham yetakchilik qilmoqda. Bir necha yil avval “Gulxan” o‘qigan bolalar hozirda mamlakatmizning yetakchi yoshlari safidan joy olishgan.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.