Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitobxonlar safi ortdimi?

Qadrli muxlislar! Keyingi yillarda mamlakatimizda mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish uchun ko‘pgina xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘quv maskanlarida kitob bilan bog‘liq tanlovlar, tadbirlar tashkillashtirilmoqda. Taniqli yozuvchi, shoir va jurnalistlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Bularning bari siz bolalarning, yoshlarning kelajagingiz uchun qilinayotgan sa’y harakatlar. Ayniqsa, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tomonidan yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash borasida, ularni kitob mutolaasiga jalb qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida faxr bilan aytish mumkin.

Keling, birgalikda kitob bilan bog‘liq ayrim savollarga javob beramiz:

Keyingi 2-3 yil davomida oilaviy kutubxonangiz nechta kitobga boyidi?

Siz shu yillar mobaynida darslikdan tashqari nechta badiiy kitob o‘qidingiz?

Kompyuter, telefon, kitob, televizor – qay birini ko‘proq yaxshi ko‘rasiz, nima uchun?

Ota-onangiz sizga telefon sovg‘a qilishganida, yonida bitta kitob ham sovg‘a qilishganmi?

“Gulxan”ga obuna bo‘lganmisiz?

Savollar tushunarli bo‘lsa, javoblaringizni kutib qolamiz.

Yaqinda gazetada bir maqola o‘qidim. Unda yozilishicha, rus xalqining ulug‘ rassomi Ilya Repin o‘z yurtidan o‘qish uchun Peterburgga keladi. Unga taniqli rassom Kramskiy bilan uchrashishi zarurligini aytishadi. Yosh Repin uning uyiga kelsa, Kramskiy yo‘q ekan. Lekin bo‘lajak shogird qaytib ketmasdan ustozining uyi oldida ikki soatdan ko‘proq kutib turadi. Kramskiy kelib qarasa, bir yigit kutib turibdi. U kelajakda rassom bo‘lish orzusida ekani va bu borada o‘ziga maslahat berishini iltimos qiladi. Yosh rassomning sabr-toqatiga qoyil qolgan Kramskiy unga shunday maslahat beradi: “Sen ko‘proq kitob o‘qishing lozim. Bilki, gumroh odamdan hech qachon rassom chiqmaydi”. Repin bu maslahatdan so‘ng o‘z ustida tinimsiz ishlaydi va kelajakda buyuk rassom bo‘lib yetishadi. Ushbu voqea Alisher Navoiy hazratlarining yosh iste’dod sohibi Kamoliddin Behzodga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklarini yodimga soldi. O‘z davrida ulug‘ shoir yosh musavvirga ixtiyorida bo‘lgan saroy kutubxonasidan joy berib, unga g‘amxo‘rlik qilmaganida, u “Sharq Rafaeli” darajasiga ko‘tarila olarmidi? Kamoliddin Behzod katta kutubxonaning ulkan imkoniyatlaridan unumli foydalangan, ko‘p kitoblar o‘qigan, vaqtini zoye o‘tkazmagan. Natijada atrofga teran nigoh bilan boqadigan, ranglar uyg‘unligining o‘ziga xos jihatlarini nozik ilg‘aydigan darajada kamolga yetgan. U o‘sha davrdagi katta ijodkorlarning asarlariga rasm chizadi, kitoblarni mahorat bilan bezatadi va buyuk rassom maqomiga ega bo‘ladi. Bejizga Kamoliddin Behzod yaratgan rang-tasvir durdonalari oradan besh asr o‘tsa-da, hamon san’at ixlosmandlari va bilimdonlarini hayratga solib kelayotgani yo‘q.

Ha aziz do‘stlar, unutmang, har qanday bilimning asosi – kitob.

Dog‘iston shoiri Rasul Hamzatov “Xalqqa uning farzandlari orqali baho beradilar”, deb aytgan. Biz ishonamiz, sizdek kitobsevar bolalar kelgusida xalqimiz, Vatanimiz sha’nini yanada yuksakka ko‘taradi.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.