Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maktublarda ustozlar madhi

Aziz jurnalxonlar, siz bilan yaqindagina O‘qituvchi va murabbiylar kunini bayram qildik. Ayni kunlarda esa O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sanani nishonlayapmiz. Shu munosabat bilan respublikamiz o‘quv maskanlarida an’anaga aylanib qolgan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatimizda qanday muhim sanani o‘tkazmaylik, har safar bu ulug‘ kunlarni Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yurtimizning Birinchi Prezidenti I. A. Karimov rahbarligida qabul qilinganini yaxshi bilamiz. O‘qituvchilik kasbi Istiqlol yillarida yanada qadr topdi. Shu bois har yili bayram arafasida o‘qituvchilarga alohida e’tibor ko‘rsatilib, mehnatlari munosib rag‘batlantirilmoqda. Shu kungacha tizimdagi yetti nafar o‘qituvchi “O‘zbekiston qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi. 304 nafari “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, 317 tasi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, 399 nafari “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi”, 124 kishi “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandilar.

Ayni kunlarda tahririyatimizga kelayotgan o‘nlab maktublardan katta-yu kichikning Yurtboshimizga bo‘lgan mehr-muhabbati benihoya darajada cheksiz ekanligining guvohi bo‘lmoqdamiz.

Tinchlik uchun kurashgan bobom,

Hurlik uchun kurashgan bobom.

Biz bolalar baxtini o‘ylab,

Jahon bilan bo‘ylashgan bobom.

deb yozibdi Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi 23-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Shohruza Solijonova.

Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 31-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Sunbula Hamroyeva esa:

Uzoq yillar biz uchun

Qancha zahmat chekdingiz.

Elim, yurtim deb yashab,

Uni tashlab ketdingiz.

Biz sizni unutmaymiz,

Qalbimizdasiz doim, – deya hayajonini qog‘ozga tushiribdi.

Ha, aziz mushtariylar, Islom bobomiz har jabhada xalqimizga o‘rnak bo‘lib, ibrat ko‘rsatib yashadilar. Shuning uchun ham mamlakatimizdagi barcha soha vakillari qatori biz jurnalist va ijodkorlar ham U kishi yashab o‘tgan katta hayot yo‘lini ulkan ibrat maktabi sifatida qabul qildik. U insonni o‘zimizga Ustoz deb bildik. Qaysi nutqlarini eshitmaylik, qaysiki kitoblarini qo‘limizga olmaylik, ma’no topib tingladik, hikmat terib o‘qidik. Ayni ustozlar bayramida bu Insonning tabarruk nomlarini yana bir bor yodga olib, hurmat va ehtiromimizni bildiramiz. O‘ylaymanki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I. Karimov yozgan kitoblar yuksalayotgan, rivojlanib borayotgan mamlakat taraqqiyotida dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Shu o‘rinda birgina misol, Istiqlol yillarida ta’lim-tarbiya rivojiga, siz bolalar va o‘smirlarning o‘sib-ulg‘ayib, mustaqil hayotga qadam qo‘yib, o‘z o‘rningizni topguningizcha davlat qaramog‘i va e’tiborida bo‘lishingizni kafolatlovchi tizimni yaratib ketganlarini aytishimiz mumkin. Bu tizimda olib borilayotgan samarali ishlarni esa “Gulxan”ning deyarli hamma sonlarida maktablar, “Barkamol avlod” markazlari, sport va san’at maktablari misolida yoritib borayapmiz.

Tahririyatimizga maktub yo‘llab, elektron aloqa, telefon orqali bog‘lanib, o‘z ustozlarini tabriklagan, jurnal orqali dil izhorlarini ularga yetkazmoqchi bo‘lgan barcha muxlislarimizga minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ularning eng yaxshilarini jurnalning keyingi sonlarida yoritib borishga harakat qilamiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.