Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Nega?..

Tahririyatga ishga kelayotib avtobus bekatida pista chaqib o‘tirgan o‘quvchilarga ko‘zim tushdi. Ularning oyog‘i osti atrofdagilarning “havasni keltiradigan” darajada ivirsib bo‘lgan edi. 12-14 yoshlardagi uchta o‘quvchi bolaning ust-boshi binoyidek, yonida papkasi, qo‘lida esa qadoqlangan qog‘oz paketdagi pista. Ular pista po‘chog‘ini yerga tashlab atrofni to‘zitayotganlari xayoliga ham kelmayotgani yuz-ko‘zidan, o‘zini tutishidan shundoqqina sezilib turardi. Nega?.. Kechagina shu bekatni tuman obodonlashtirish xizmatidagi farroshlar supurib-sidirib ketishayotganini ko‘rib quvongandim. Oradan bir kun o‘tib bekat yana pista po‘chog‘i-yu, qog‘oz va boshqa chiqindilarga liq to‘libdi. Jahlim chiqdi:

– Mana shu pista po‘chog‘ini biror qog‘ozga o‘rab, hu anavi – 10 metr naridagi axlat qutiga olib borib tashlasangiz bo‘ladi-ku, bolalarim, – dedim ularga.

Bolalar bir-birlariga qarab jim qolishdi.

– Har kuni shu bekatdan ota-onalaringiz, qo‘shnilaringiz, mahalla ahli va tengdoshlaringiz o‘qishga, ishga ketadilar. Bu ahvolni ko‘rib hammaning ta’bi xira tortib, kayfiyati buziladi-ku.

Bolalardan biri meni tushundi shekilli, qo‘lidagi pistasini papkasiga solib o‘rtoqlariga qaradi va “yig‘ishtirlaring”, dedi. O‘rtoqlari darrov uning aytganini qilishdi.

Qadrli o‘quvchilar, orangizda bekatda ko‘rganim kabi bolalar gohida uchrab turadi. Endi mana shunday bolalarni tartibga chaqirib, ko‘chalar, maktab va mahallamizni ozoda saqlashga o‘rgatmasak, kundan-kunga yuksalib, chiroy ochib borayotgan mamlakatimiz rivojiga to‘sqinlik qilgan bo‘lamiz.

Yurtimizdagi kutilmagan darajadagi shiddatli o‘zgarishlarni ko‘rib turibsiz. Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik, turizmni rivojlantirish borasidagi harakatlar, ilm-fan, madaniyat va sportdagi o‘zaro munosabatlar yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘zbekistonni bir bor ko‘rish, uning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilish maqsadida kelayotgan sayyohlarning soni borgan sari oshib bormoqda. Ana shunday qizg‘in jarayon kechayotgan bir pallada tabiatni, atrof-muhitni ozoda asrash, obodonlashtirish ishlariga o‘z hissamizni qo‘shish o‘zini shu diyorning dilbandiman degan har bir fuqaroning burchi, vazifasidir.

Shu o‘rinda yana bir misolni keltirgim keldi. Dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan joy olgan Yaponiyada odamlar chiqindilarni o‘zlari tozalashar ekan. U yerda farroshlarni uchratmas ekansiz. Nogoh birorta bola bir parcha qog‘oznimi yoki boshqa bir keraksiz narsani yerga tashlasa, unga “Yaponiya kelajakda shunday isqirt bo‘lishini istayapsanmi?” deb dakki berishar ekan. Shunday xatolikka yo‘l qo‘ygan bolalar ko‘pchilikning oldida butun yapon xalqidan uzr so‘rab izza bo‘lar ekan.

Yurtimizda siz bolalarning, yoshlarning kelajagini o‘ylab amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning chegarasi yo‘q. Birgina misol, Xalq ta’limi vazirligining xabar berishicha, 2019-yildan uzoq viloyatlarning chekka qishlog‘idagi o‘quvchilarning maktabga qiynalmay borib kelishlari uchun avtobus xizmatlari yo‘lga qo‘yilar ekan. Xuddi chet el filmlarida ko‘rganimiz kabi, qanday yaxshi.

Biz tabiat haqida siz bilan juda ko‘p marotaba suhbatlashganmiz. Ana shu suhbatlarimizda qayta-qayta aytgan fikrlarimizni yana eslatib o‘tmoqchimiz, Odamzod – tabiatning bir bo‘lagi. Tabiat xushhavo, atrof ozoda va go‘zal bo‘lsa, odamzod ham ana shu go‘zallik bag‘rida sog‘lom va ko‘rkam yashaydi. Tabiatning rang-barang jilvasidan quvonadi, kayfiyat oladi, ruhi tetiklashadi. Bularning hammasi kishiga ajib kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Ruhi tetik, sog‘lom odam esa yaxshi o‘qiydi, ezgu ishlarga qo‘l uradi, tog‘ni talqon qilishga qodir, bunyodkor inson bo‘lib voyaga yetadi. Biz esa sizlarni kelgusida har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishingizni istaymiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.