Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oftob porlagan uyda

Tibbiyot ilmining dahosi, buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning mashhur gapini tez-tez yodga olaman: “Quyosh kirmagan uyga kasallik kiradi”. Ya’ni, biz yashayotgan uyimizning eshik va derazalarini tez-tez ochib, uning havosini tozalab, yangilab turmasak, yorug‘lik va quyosh nuridan unumli foydalanmasak, xonadagi kichik bakteriyalar jonlanib ko‘payadi va shu uyda yashovchilarning sog‘lig‘iga ta’sir qiladi. Agar bu hikmatli iborani ma’naviyat quyoshi bo‘lmish kitobga nisbatan qo‘llasak-chi? Adabiyot, ma’rifat ahli hamisha kitobni oftobga o‘xshatishgan va buyuk allomaning so‘zlarini “Kitob kirmagan uyga ma’rifatsizlik, zulmat kiradi”, deb ifodalashgan. Keling aziz o‘quvchilar, mana shu hikmatning mag‘zini birgalikda chaqib ko‘ramiz.

Darhaqiqat, kitob kirmagan, o‘qilmaydigan uyda fikrlar sayoz, dunyoqarash tor, muammolar ko‘p va yechimsiz bo‘ladi. Bunday xonadonlarning katta-yu kichigida mustaqil fikr bo‘lmaydi. Kim qayoqqa yetaklasa ketaveradi, turli ma’naviy tahdidlarga duchor bo‘ladi. Ularni yo‘ldan ozdirish, tuzoqqa tushirish oson kechadi. Sababi, bunday oilalarda yorug‘lik, nur yo‘q, qalblar esa qattiq bo‘ladi. Aksincha, kitob, gazeta va jurnallarga oshno oilalarda toza havo, sog‘lom muhit hukmron. Kitob oilaga nur bo‘lib, oftob bo‘lib kirib keladi. Qalblarni ilitadi, ko‘ngillarga ezgulik urug‘ini sochadi, bilimingizni boyitib, dunyoqarashingizni kengaytiradi, o‘stiradi. Kitob kirgan va o‘qilayotgan xonadondagi bolalarning ko‘ngli oq, dili pok bo‘lib ulg‘ayadi, kelajakka tiyrak nigoh bilan boqadi. Hayot davomida paydo bo‘ladigan savollarga aql-zakovat bilan javob topadi, vaziyatni to‘g‘ri baholay biladi. Kitob oddiy tasavvurlarimizni mo‘jizaga aylantiradi.

Har yili 2-aprel sanasi xalqaro miqyosda Bolalar kitobi kuni sifatida keng nishonlanadi. Maktab, kutubxona, mahallalarda kitob bayramlari tashkil qilinadi. Bu yil ham aprel oyi xuddi shunday tadbirlar bilan o‘tmoqda. Birgina yangi ochilgan “Kitob olami” savdo majmuasi tomonidan maktab, litsey va kollejlarda tashkil etilgan ko‘chma kitob savdosi yuzlab, minglab o‘quvchilarni yangi chop etilgan kitoblar mutolaasiga chorladi. Respublika bolalar kutubxonasidagi kitoblar fondi 225 ming donaga yetdi. O‘zbek va jahon bolalar adabiyoti durdonlaridan tashkil topgan bu kitoblar sanog‘iga o‘nlab gazeta va jurnallarni ham qo‘shib aytsak, eh-he...

Ma’rifatga, kitoblarga bo‘lgan munosabat bizga ajdodlarimizdan meros qolgan. Amir Temur bobomiz haqidagi tarixiy manbaalarda yozilishicha, xazinalar ichidagi eng katta boylik – kitoblar bo‘lgan ekan. U kishi uzoq yillar davomida dunyodagi eng yaxshi kitoblarni tilla bahosida sotib olgan, raqiblari kitob tutib peshvoz chiqsa, avf etgan ekanlar. Yurishlar, janglar davomida qo‘l ostidagi sarbozlariga hamisha kutubxonalarni ehtiyot qilishni, ilm ahlining hurmatini joyiga qo‘yishni tayinlab, ularni sovg‘a-salom va pul mablag‘lari bilan siylagan ekanlar.

Filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi Xurshid aka Do‘stmuhamedov “O‘zbekiston” NMIUda o‘tkazilgan “Mahorat maktabi” seminariga kelganida quyidagi fikrlarni aytgan edi:

Men qaysi mamlakatga borsam, albatta kitob do‘konini aylanaman. U yerdagi kitoblar sifati bilan qiziqaman, xaridorlarning munosabatini kuzataman va o‘zimizniki bilan qiyoslayman. Mana, keyingi yillarda bizda ham kitobxon ko‘zini quvontiradigan kitoblar chop etilyapti. Bosmaxonalarga so‘nggi rusumdagi chet el dastgohlari o‘rnatilmoqda. O‘ylaymanki, bundan buyon ham talabga javob beradigan kitoblar soni yanada ko‘payadi. Ayniqsa, “Kitoblar olami” do‘konining ochilishi, u yerdagi “Bolalar adabiyotlari” bo‘limining boyligi va qulayliklarini ko‘rib bola bo‘lib qolgim keldi.

Yildan yilga yuksalib, chiroy ochib, qaddini tiklab borayotgan ona Vatanimizga kitob o‘qiydigan, sog‘lom fikrlaydigan, sog‘lom ruhiyatli bolalar, yoshlar kerak. Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, yaxshi kitoblar doimo hamrohingiz bo‘lsin, xonadoningiz hamisha oftobning, dilingiz esa kitobning zarrin nurlaridan yorishib, porlab tursin.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.