Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qo‘shaloq bayramlar shukuhi

Jurnalimizning qadrli muxlislari! Avvalo barchangizni mamlakatimiz Mustaqilligining 26 yillik to‘yi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi – “Bilimlar kuni” bilan chin dildan qutlaymiz. 2017–2018-o‘quv yilida yangi yutuq va marralarni zabt etish hammangizga nasib etsin. Biz esa siz erishgan yutuq va muvaffaqiyatlarni jurnalimiz sahifalarida fotosuratlaringiz bilan yoritib borishga ulgurolmay shoshib qolaylik. Siz – farzandlarimiz baxtiga yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin!

“Bilimlar kuni” munosabati bilan Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 249-maktabning “Birinchi qo‘ng‘iroq” bayram tantanasida ishtirok etdim. Shu kuni sinflarga kirib “Xotira darslari”da bolalar bilan birgalikda bobolarimiz bosib o‘tgan yo‘llarga nazar tashladim, hur o‘lkamizning “Xotira kitobi”da o‘chmas iz qoldirgan Insonlarning nomlarini faxr-iftixor bilan yodga oldik.

Mamlakatimiz rahbari yurtimiz ertasi, kelajagi bo‘lgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va yetuk bo‘lib ulg‘ayishi haqida hamisha qayg‘urib kelmoqdalar. Kuni kecha bayram nutqida ham bu haqida alohida to‘xtalib, quyidagi fikrlarni aytib o‘tdilar: “Jamiyatimizda sog‘lom fikr, sog‘lom kuch ustuvor bo‘lishi uchun biz ma’naviy hayotimizni yuksaltirish, aholi, avvalo yoshlarimizni turli zararli ta’sirlardan asrash, ularni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash haqida muntazam o‘ylashimiz, faol ish olib borishimiz zarur”...

Bayram kunlari avval Toshkent shahrida, so‘ngra Samarqandda O‘zbekiston respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqil davlatimiz asoschisi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan haykal 31-avgust kuni Toshkent shahrining tabarruk maskani – Oqsaroy qarorgohi oldida qad rostladi. Bu tarixiy voqea munosabati bilan tantanali marosimda ishtirok etish va Birinchi Prezidentimiz xotirasini yodga olish maqsadida ko‘plab mehmonlar yig‘ilishdi. Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar mustaqil diyorimizning shu kungacha erishgan yutuqlarida Birinchi Prezidentimizning tarixiy xizmatlari beqiyos bo‘lgani haqida, millatning haqiqiy yetakchisi sifatida ona xalqi va go‘zal yurtini jonidan ortiq ko‘rganini qayta-qayta ta’kidlab o‘tishdi. Ha, aziz muxlislar, biz ham doimo el-yurt tashvishi bilan yashagan, xalq tinchligi, osoyishtaligi to‘g‘risida qayg‘urgan, mamlakatning kelajagi bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlod uchun ko‘plab ezgu ishlarni amalga oshirgan Birinchi Prezidentimizni, Mustaqilligimiz asoschisini chin dildan yaxshi ko‘rar edik...

Shunday marosim 2-sentabr kuni Samarqand shahrida ham bo‘lib o‘tdi. Samarqand ramzi hisoblangan Registon maydoni yonidagi xiyobonda, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadon yaqinida Buyuk Yo‘lboshchimiz haykali ochildi. Yig‘ilganlar Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Qadrli o‘quvchilar! Eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz, uning asoschilari haqida siz maktabda ustozlaringizdan, uyda ota-onangiz va yana televizor, radio orqali ham juda ko‘p ma’lumotlarga egasiz, shunday emasmi? Ularning mehnati, zahmatlari evaziga gullab-yashnayotgan, yangilanayotgan O‘zbekistonimizning buyuk kelajagi uchun siz ham a’lo o‘qishingiz, yaxshi xulqingiz, tashabbuskorligingiz, qo‘ying-ki, barcha ezgu ishlaringiz bilan ona Vatanga munosib farzand bo‘lishingizga ishonamiz.

 

Bosh muharrir

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.