Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yangilanish sari

Orombaxsh yozgi ta’tilning so‘nggi kunlarini o‘tkazib, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishni ham boshlab yubordingiz. Maktab, ustoz va sinfdoshlaringizni sog‘indingizmi? Ishoning, ular ham sizni juda sog‘inishgan. To‘g‘ri-da, hayhotdek maktab huvillab turibdi. 1-sinfga qabul uchun farzandlarining hujjatlarini olib kelayotgan ona-bolalarni aytmaganda, maktab binosida osudalik. Hechqisi yo‘q, yaqinda u yozgi ta’tildan bir olam taassurotlar ila qaytgan o‘quvchilar bilan liq to‘ladi.

Unutmang, bu yil mamlakatimiz mustaqillikka erishganiga 26 yil to‘ladi. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, 2017-yil 8-fevralda e’lon qilingan Harakatlar strategiyasi haqida matbuotda deyarli har kuni, har soatda gapirilmoqda. Aziz o‘quvchilar, uning nima ekanligi va asosiy tamoyillarini siz ham yaxshi bilishingiz zarur. Chunki mamlakatimizning bundan buyongi rivojlanib borishida yangi tartib, yangi qonun va munosabatlar shakllanmoqda. Bularni bilib, tushunib borish O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning burchidir.

Yurtimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilib hayotga tatbiq etilayotgan “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” xalqimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, hayotini farovonlashtirishga qaratilgan ulkan tarixiy hujjatdir. Unda 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilangan. Siz ham ularni yoddan bilishingiz, mazmun-mohiyatini anglab borishingiz zarur.

1. Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish.

2. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish.

3. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish.

4. Ijtimoiy sohani rivojlantirish.

5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish.

O‘tgan vaqt mobaynida mazkur Harakatlar strategiyasiga muvofiq yurtimizdagi barcha soha va tarmoqlarni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab o‘rta maktablar qoshida umumiy o‘rta ta’lim maktarblarining 10-, 11-sinflarini qayta ochish masalasining atroflicha o‘rganilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bundan buyon uzoq viloyatlarning chekka qishloqlarida ham hech qachon chiroq o‘chmaydi. Siz endi shaharlik tengdoshlaringizdek bemalol dars tayyorlashingiz, zamonaviy kompyuter imkoniyatlaridan foydalanishingiz mumkin. Aholiga ichimlik suvlari, tabiiy gaz yetkazib berish masalalari jiddiy o‘ylab ko‘rilmoqda. Chekka hududlarda odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi chora-tadbirlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Odamlarning yaxshi sharoitlarda yashashi uchun arzon uy-joylar qurish ishlari allaqachon boshlab yuborildi. Bu uylarning ilk namunalari bitkazilib, kalitlari esa allaqachon egalariga topshirildi.

Strategiyaning mazmun-mohiyatida xalqimizni har bir o‘tgan kunidan rozi qilish, barchaning baxtli-saodatli umr kechirishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuzatamiz. Hozir xalq orzularini amalga oshirish uchun, eng avvalo, muammolarni hal etishga astoydil kirishildi. Shunday ekan, aziz o‘quvchilar, siz ham a’lo o‘qishingiz, yaxshi tarbiyangiz, odob-axloqingiz, mahalla va oiladagi, maktab va to‘garakdagi jamoat ishlarida faol qatnashib, yurtimizdagi yangilanishlar, o‘zgarishlarga o‘z hissangizni qo‘shishingiz zarur bo‘ladi. Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘linmalariga birikib Vatan ravnaqi, el-yurt kelajagi uchun chin dildan ko‘maklashsangizgina, uning ertasini yorug‘, yo‘llarini ravon, xalqaro miqyosdagi o‘rnini yuqori pog‘onalarda ko‘rishimiz mumkin.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.