Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yil mazmuni

Jurnalning har bir sonini ziyraklik bilan o‘qib borayotgan muxlislar! Mana siz bilan 2018-yilning so‘nggi – 12-sonida uchrashib tu­ribmiz. Nazarimda, “Gulxan”ning barcha ijodkorlari, jamoatchi mualliflari bilan ham­korlikda yil davomida siz jurnalxonlar bilan til topishishga harakat qildik. Sizdan kelgan har bir xat, har bir telefon qo‘ng‘irog‘i, internet orqali yuborilgan ijod mahsullariga e’tibor bilan qaradik. Toshkent shahri hamda viloyati maktablarida ustozlar, kutubxonachilar ta­shabbusi bilan tashkil qilingan uchrashuv va tadbirlarda faol ishtirok etdik. Buni yilning so‘nggi dekabr oyi misolida olib qarasak, eh-he, bir yillik ijodiy uchrashuvlarning soni anchaga borib qoladi. Bu maktablarning bo­lalari ziyrak, zukko ekanliklari bilan birga, iste’dod qirralarini ham ko‘rsatishdi. Biz faqat poytaxtdagi maktablarda emas,  yurtimizning barcha viloyat va tumanlariga yetib borishga harakat qilamiz. Shu kunlarda jurnalimiz muxbiri Bekmurod Abduraimov   Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi  bilan 2019-yil uchun ga­zeta va jurnallarga  ixtiyoriy obuna ishlarini samarali tashkil etish  maqsadida o‘tkazilayotgan “Matbuot kunlari”da, ijodiy uchrashuvlarda qatnashmoqda. Muxbirimizning safar ta­as­­­­surotlari haqida “Gulxan”ning kelgusi son­­la­rida batafsil tanishasiz. Shu o‘rinda  jurnalni O‘zbekiston bolalarining deyarli bar­chasiga yanada yaqin­roq qilish, do‘stona mu­nosabatlarni mustahkamlash maqsadida ha­rakat qilayotgan viloyat va tumanlardagi  jamoatchi va faol mualliflarimizning jon­bozliklarini ta’kidlagim keldi. Ular nafaqat she’r va hikoyalari, balki targ‘ibot ishlaridagi faolliklari bilan ham bizni mamnun etmoqdalar. Mamlakatimizda ma‘naviyat va ma’rifat uchun olib borilayotgan sa’y-harakatlarda o‘z ma’naviy burchlarini anglagan holda munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Muhtaram Prezidentimizning “Xalq bilan birga bo‘ling, xalqimizga yaqinroq bo‘ling”, degan xitoblariga loyiq javob bermoqdalar.   Bu fidoyi insonlarning ism-shariflarini kel­tirar ekanmiz, eng avvalo, muassisimiz va tahririyatimiz nomidan, jurnalning chin mux­lislari nomidan o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Ular – Namangan viloyatidan  sho­ir Erkin Qambar, Surxondaryodan Ochil Toshqulov,  Farg‘onadan Vali  Ahmadjon hamda Mamasoli Sarimsoqov, Xorazmdan Sodiqjon Inoyatov, Samarqanddan Boborahmat Muhammadiyev, Toshkent viloyati Angren tumanidan Muhabbat Abduqodirova, Bekobod tumanidan Nurali Jalil, Yangiyo‘l tumanidan Muhayyo To‘laganova, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan  Mohigul Rasulovalardir.

Yil davomida tahririyatimizga teng­dosh­larining yutuqlari, qishloq, maktab, ma­hal­lasidagi yangiliklar haqida muntazam mak­­tub yo‘llagan eng fàol muxbir muxlislarimiz — Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 13-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Rahmatullayev, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 17-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Fazilat Xolmatova, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi 5-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Laylo Esonmurodova, Qoraqalpog‘iston Res­publikasi Nukus tibbiyot kolleji o‘quvchisi Mahliyo Gulmatova, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 2-maktab o‘quvchisi Gulnihol Muhammadjonova, Toshkent vi­loyati Chinoz tumanidagi 17-maktab 8-sinf o‘quvchisi Nafisa Toshpo‘latova, Navoiy vi­loyati Xatirchi tumanidagi 10-maktab 7-sinf o‘quvchisi Dilnura Sailxonovalarga hozirjavob va tezkorliklari, jurnalimiz sahifalarini maz­munan boyitishga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorligimizni bildiramiz.

Mana, yurtimizga bir olam orzular, ez­gu tilaklar bilan Yangi yil kirib kelmoqda. Ishonamizki, ushbu yilda ham sizlar bilan hamkor va hamfikrligimiz davom etadi.

Yangi yilda uchrashguncha!       

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.