Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yo‘li uzun manzillar

Aziz mushtariylar, “Sog‘lom ona va bola yili”dagi eng katta ta’til kunlarini boshlab yuborganingiz bilan tabriklayman. Bilasizmi, ikki son oralig‘ida sizga aytadigan gaplarim ko‘payib, o‘rtoqlashmoqchi bo‘lgan fikrlarim yig‘ilib qoladi, sizlarni sog‘inib ketaman. U oydan bu oygacha qayerlarga bordik, kimlar bilan uchrashdik, nimalarni ko‘rdik – to‘lib-toshib so‘zlab bergim kelaveradi. O‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan IV Respublika kitob festivali, Botanika bog‘idagi “Yashil olamga sayohat” deb nomlangan bayram, yoz mavsumida o‘quvchilarni o‘z bag‘riga chorlayotgan oromgohlar haqidagi xabarlarni qo‘lingizdagi jurnalning keyingi sahifalarida o‘qiysiz. Men esa sizga Surxondaryo viloyatiga qilgan safarimiz haqida so‘zlab bermoqchiman.

Jurnal bo‘lim muharriri Muhabbat opa Hamidova bilan O‘zbekistonning janubiy qismi Amudaryoning o‘ng sohilida joylashgan Termiz shahrida poyezddan tushdik. Bizni qalami o‘tkir boysunlik ijodkor, “Kamarda o‘tgan tun” hikoyasining muallifi Ochil Toshqulov hamda Termiz shahar Xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Ochiloy Xudoynazarovalar kutib olishdi. Shu kuni o‘zimizni Termizning qaynab turgan qozoniga tushib qolgandek his qildik. Chunki havo juda issiq, poytaxtdagidan 15 daraja baland edi. Biz shahardagi 1-, 13-maktab o‘quvchilari bilan uchrashib, ularning jurnal bilan qay darajada do‘st ekanliklari bilan qiziqdik va ikki xil manzaraning guvohi bo‘ldik. Biri 1900 o‘quvchisi bor 3-maktab kutubxonasidan 2010-yil jurnallaridan boshqasini topa olmaganimiz va o‘quvchilar bilan savol-javoblar ham shunga yarashaligi bo‘ldi. Ikkinchisi, 13-maktab bolalarining qo‘lida “Gulxan”ning yangi sonlarini ko‘rib quvondik. Shu maktabning 3-sinf o‘quvchisi Abdullayeva Zumradni bizga “Bu qiz 1-sinfga kelganidayoq yuzdan ortiq she’rni yoddan bilar edi, xotirasi juda kuchli”, deb tanishtirishdi. Zumrad esa oilada momolari, onasi ko‘p kitob yig‘ishgani haqida so‘zlab berdi. 6-sinf o‘quvchisi Raimqulova Ruxshona shaxsiy kutubxonasida 200 dan ortiq kitobi borligini aytib faxrlandi. Bu maktab shahar miqyosidagi “Bilimlar bellashuvi” sinovlarida doimo birinchi o‘rinda turar ekan. Shu kuni tushdan so‘ng Amudaryoga yaqin joylashgan Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohida bo‘lib, alloma qabrini ziyorat qildik. U yerdagi bobomiz xotirasiga bo‘lgan hurmat, ko‘kalamzor manzara va obodonchiliklarni ko‘rib sevindik.

Qumqo‘rg‘on tumanida bizni XTMFMT va TE rahbari Salim Saidov hamda uslubchi Nasriddin Xoliqovlar kutib olishdi. Barchamiz birgalikda tumandagi 1-, 3-, 11-, 33-maktablar bolalari bilan uchrashdik. Ularning qiziqishlari, intilishlari bilan o‘rtoqlashdik. 3-maktabda diqqatimizni o‘ziga tortgan bir ko‘rinish haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Maktab hovlisidagi daraxtlar soyasiga o‘rnatilgan bejirim o‘rindiqlarda bolalar suhbatlashardi. “Maktabning eski partalarini tashlab yubormay, mana shunday o‘rindiqlar yasadik. Bolalar, o‘qituvchilar tanaffus paytida shu yerda dam olishadi”, dedi Salim aka. Ko‘rgan, bilganlarimizni yon daftarimizga yozib oldik. Jurnalning kelgusi sonlarida ular haqida yana to‘xtalib o‘tamiz.

Bu safar Boysun tumaniga o‘tish rejamizda yo‘q edi. Biroq o‘tgan yili borib ulgurmagan, tog‘lar tepasida joylashgan 53–hamda 17-maktab jamoalari Surxondaryoga kelganimizni eshitishibdi. “Bizning o‘quvchilarimiz ham sizni kutishmoqda”, deb xabar qilishdi. Bu taklifni quvonch bilan qabul qilib, Boysun tog‘lari tomon yo‘lga tushdik.

Xalqimizda “Yurgan daryo...” degan maqol bor. Biz ham Muhabbat opa bilan daryodek shoshib ancha manzillarda bo‘ldik, “Gulxan”ning haqiqiy muxlislari bilan yaqindan tanishdik. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng 25 yil mobaynida uzoq tuman va qishloq maktablarida amalga oshirilgan ezgu ishlarning guvohi bo‘ldik. Eng muhimi, bu maktablarda kelajagi buyuk O‘zbekistonimizga munosib vorislar ulg‘ayayotganligiga ishonch hosil qildik.

 

Zahro HASANOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.