Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Avtobusda yurishni bilasizmi?

Bilaman, koʻpchiligingiz maktabga avtobusda qatnaysiz. Ayrimlaringiz vaqtingizni tejash uchun avtobusning qatnash grafigi, intervalini yodlab ham olgansiz.

Lekin biror marta avtobusda, umuman, jamoat transportida yurishning ham qonun-qoidalari borligi, har bir yoʻlovchi unga amal qilishi kerakligi haqida oʻylab koʻrganmisiz? Balki sarlavhani oʻqib, iye, avtobusda yurishni bilmaydiganlar ham bormi, deb hayron boʻlayotgandirsiz. Afsuski, orangizda har kuni uzogʻingizni yaqin qiladigan, maktabingizga olib borib qoʻyadigan avtobusni, undagi katta-kichik yoʻlovchilarning hurmatini joyiga qoʻyish, tartib saqlash kerakligini tushunmaydiganlar ham bor ekan. Bunga bir yoʻlovchi sifatida oʻzim guvoh boʻldim.

Yangi oʻquv yili boshlangan kunlarning birida ishdan uyga avtobusda qaytdim. Avtobus navbatdagi bekatga kelib toʻxtadi. Hali avtobus eshigi tuzukroq ochilmasdan bir guruh oʻquvchilar “duv” etib oʻzlarini eshikka urishdi. Avtobus zinasiga endi oyoq qoʻygan bir kishi yiqilib ketay dedi. Oʻquvchilardan biri chiqar-chiqmas bor ovozi bilan qichqirdi:

– Baho, yoningdagi joy menga, hech kimni oʻtkazma, – u orqasidagi semiz papkasi bilan salondagilarning birining boshiga, birining yelkasiga turtib-surtib orqaga, orqa eshikdan chiqayotgan oʻquvchilar esa baqirib-chaqirib oldinga intilishdi. Avtobus ichi shovqin-suron boʻlib ketdi. Haligi semiz papkali bola shoshilinchda oyoqda arang turgan ayolni turtib yubordi. Ayolning qoʻlidagi xaltasi yerga tushib ichidagi olmalar toʻkildi. Ayol olmani olmoqchi boʻlib egilganda yana bir shoshqaloq oʻquvchi uni turtib yubordi. Ayol baqirdi, uning yonidagi oʻrindiqda ayasini tizzasida oʻtirgan kichkintoy bu shovqindan qoʻrqib yigʻladi.

Baʼzi bir mudrab kelayotgan yoʻlovchilar nima gapligini anglolmay choʻchib koʻzlarini ochishdi, oʻrinlaridan sakrab turishdi.

Haydovchi esa avtobusning orqa eshigi zinasida bir oyoqda ilinib turgan bolalar tushib ketmasa yoki ichkariga kirmasa, eshik yopilmasligini, eshik yopilmasa, bir qadam ham yurmasligini aytib baqirdi. Avtobusda havo yetishmay qolgandi. Bolakay yigʻlar, yiqilgan xola voy-voylab ingrardi. Avtobus ichi xuddi jang maydonidagidek ur-toʻpolon edi. Xayriyat, shu payt bir kishi, aftidan shu bolalar oʻqiydigan maktab oʻqituvchisi shekilli, ikki ogʻiz gap bilan oʻquvchilarni tinchitib, salondan joy ochdi, bolalarni ichkariga tortib oldi. Eshik yopildi, avtobus joyidan jildi.

Oʻrta yoshlardagi ayol koʻksiga tuflab, – Xudoga shukr, yaxshiyam ustozi shu yerda ekan, – dedi.

– Ustoz nasihatini maktabda qilganida shu ur-toʻpolon yoʻq edi, shunaqayam beodob bolalar boʻladimi. Shoshilmasa ham chiqardi shu avtobusga, yo qolib ketarmidi, – dedi yana bir yoʻlovchi.

– Shuni ham oʻqituvchi aytishi kerakmi, ota-onasi avtobusga kuzatayotganda tayinlasa boʻlmaydimi. Bu nimasi, xuddi podasidan adashgan qoʻzichoqdek oshiqib duch kelgan joyga kalla qoʻyadi, – dedi bolasini arang ovutgan ona.

Aslini olganda, ikki tomon ham haq. Ammo, 11-12 yoshli, 5-6-sinfda oʻqiydigan, koʻp narsani tushunib yetgan bolaning nahotki jamoat transportida oʻzini qanday tutish kerakligiga aqli yetmasa. Oʻsha, oʻrtogʻi Bahodirning yoniga oʻtirmoqchi boʻlgan bola orqasidagi qoʻpol, tiqilinchda odamlar orasidan oʻtishga xalaqit beradigan papkasini qoʻliga ushlab olishi kerakligini, oʻzini oʻrtoqlari bilan baravariga eshikka urmasdan navbat bilan, bir-birini hurmat qilib, bir-biriga yoʻl berishsa, avtobusga ham tez, ham tinchgina chiqib olish mumkinligini bilmasa.

Oʻquvchilarning tapir-tupur, baqir-chaqiri qancha yoʻlovchilarning asabini buzdi, ishdan horib qaytayotgan kishilarni battar charchatdi. Qolaversa, oʻzlari-chi, shuncha toʻs-toʻpolon, ur-surdan keyin uyga borib dars tayyorlashga hollari keladimi?

Ana shunaqa, men sizga faqat avtobusga chiqish va salonda harakatlanishdagi holatlarnigina aytdim. Ammo, avtobusga chiqib oʻtirib olgach ham ular jimgina ketadimi?.. bu haqda keyingi safar gaplasharmiz. Balki bu haqda siz yozib yuborarsiz. Axir avtobusdagilarning qulogʻini qomatga keltirib baqirib dugonasi, oʻrtogʻi bilan, yoki telefonda gaplashadigan bolalar kammi...

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.