Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Dangasalik – kasallik (mi?)

– Davron, daftaringni berib tur, uy vazifasini tayyorlash esimdan chiqibdi, – dedi Ilhom partadoshini turtib.

– Yanami? – dedi Davron do‘stining gapi yoqmaganini sezdirib. – Axir darsni hammadan yaxshi tushunganding-ku.

– Televizorda rosa qiziq kino bo‘layotgan ekan, ko‘rib olay, keyin tayyorlayman, deb uxlab qolibman.

– Mayli, – dedi Davron daftarini uzatarkan. – Faqat shu oxirgisi...

Bir kuni sinfdoshlari qo‘shni Ibrohim otaning bog‘ ishlariga yordamlashgani boradigan bo‘lishdi. Xazonlarni yig‘ib, toklarni ko‘mishni rejalashtirishdi. Sinfdagi bolalarning deyarli hammasi keldi. Birgina Ilhom yo‘q. Davron do‘stining uyiga kirib uni hasharga chaqirdi.

– Borolmayman, judayam charchaganman, uyqum kelyapti, – dedi Ilhom ko‘zini ishqalab.

– Seni qara-yu, – achchiqlandi Davron. – Axir qachongacha shunaqa dangasa bo‘lib yurmoqchisan? Bunaqada darslardan orqada qolganing kamday, sinfdoshlardan ham ajralib qolasan-ku.

– Bir kun dam olsam, nima qilibdi? Ko‘rasan, darslarni ham o‘zlashtirib olaman, kelasi hasharga ham boraman. Iltimos, shu safar meni majburlama. – Ilhom shunday deb kirib ketdi.

O‘sha kuni kechgacha bolalar Ibrohim otaning bog‘ida ishlashdi. Ota bolalarga rahmat aytib, kuzgi mevalardan ulashdilar. Ilhom hashardan qo‘shiq aytib qaytayotgan do‘stlarini ko‘rib, beixtiyor xo‘rsindi.

Maktabda chorak yakuni boshlandi. Darslarni tayyorlashni doim orqaga surib yurgan Ilhom ancha qiynalib qoldi. Davrondan yordam so‘rash befoyda. Vaqtida uning gaplariga kirmagan. Bu ham kamday, ota-onalar majlisida bu yil dadasi qatnashmoqchi. Majlisda sinf rahbari Davronning va u kabi jamoat ishlarida faol bolalarning ota-onalariga faxriy yorliqlar topshirdi. Ibrohim ota ham kelgan ekan. Hashar haqida gapirib, bolalarni rosa maqtadi. Hamma xursand. Birgina Ilhom dadasining ko‘ziga qaray olmadi. Dadasi yil bo‘yi unga indamay keldi. Uyga kelgach, qarshisiga o‘tqizib olib gap boshladi.

– O‘g‘lim, men senga juda ishonib yuboribman. Seni tergamasam ham yaxshi o‘qiysan, o‘z kelajaging uchun harakat qilasan, deb o‘ylagandim. Sening yoshingda men ham juda o‘yinqaroq edim, lekin dars tayyorlashga vaqt topardim. Agar o‘sha paytda dangasalik degan yomon kasallikni yuqtirib olganimda, bugun sevimli ishim, ko‘rkam uyimiz, yangi mashinamiz bo‘lmasdi.

– Nima, dangasalik kasallikmi? – dadasining gapini bo‘ldi Ilhom.

– Ha, eng yomon kasallik. Undan tezroq xalos bo‘lmasang, bir umr senga yopishib, orqaga sudrab yuradi. Boshqalar yutuqqa erishganda sen uyqusirab yuraverasan.

– Dangasalikdan qanday tuzalsam bo‘ladi, – qo‘rqib ketdi Ilhom.

– Chin dildan mehnat qilib, kitob o‘qishga erinmasdan va albatta, o‘zgalarga yordam berish bilan. Istasang, senga o‘zim yordam beraman. Endi senga kun tartibi tuzib chiqamiz va unga rioya etishingni o‘zim nazorat qilib boraman. Biroq o‘zing ham buni chin dildan xohlashing kerak. Nima deysan?

Ilhom o‘sha kuni dadasiga so‘z berdi, lekin tuzalishi avvalo, o‘ziga bog‘liq edi.

Aziz o‘quvchilar, dangasalik sizni har qadamda ta’qib etishini sezganmisiz? U bizni doim ishlarni keyinroq bajarishga, darslarni tayyorlamaslikka undaydi. Biroq uning gaplariga quloq solib, Ilhombek kabi bu “kasallik”ka taslim bo‘lsangiz, o‘z kelajagingiz uchun ko‘p narsani yutqazishingiz aniq. Masalan, do‘stlaringiz eng yaxshi o‘quv dargohlariga kirishganida, vaqtida bilim olmaganingiz sabab jazosini tortasiz. Shunday ekan, hamma narsa o‘zingizga bog‘liqligini, bugungi mehnat, ertangi rohat ekanligini unutmang. Bo‘sh vaqtingizni kitoblar o‘qish, uy ishlariga yordam berish bilan to‘g‘ri taqsimlashga odatlansangiz, har bir lahzadan unumli foydalangan bo‘lasiz.

 

Gulchehra MATYOQUBOVA

 

Tahririyatdan: Qadrli jurnalxon, sizda ham dangasalikdan qutulish uchun tavsiyalar bo‘lsa, biz bilan o‘rtoqlashing.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.