Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eng oliy burch

XXI asr axborot, globallashuv, yuksak texnologiyalar zamoni. Agarda biz ogoh va hushyor bo‘lmasak, qudratli axborot oqimidan ham, globallashuv jarayonlaridan ham, yuksak texnologiyalardan ham kattaroq xatarlar sodir bo‘lishi mumkin ekan.

Prezidentimiz 1996-yildayoq “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida bejizga “Ogoh bo‘ling, odamlar,” deya insoniyatni hushyorlik va sezgirlikka chaqirmagan edilar.

Chunki bugungi murakkab zamonda inson har qadamda hushyor bo‘lmasa, avvalo, kashf etilayotgan yangiliklar foyda emas, zarar keltirishi mumkin. Eng yomoni, g‘arazli kuchlar kishilar o‘rtasidagi loqaydlik va beparvolikdan foydalanib o‘zlarining yovuz niyatlarini amalga oshiradilar. Shu bois ham loqaydlik bugungi kunda katta xatarga aylanmoqda.

Hozirgi vaqtda inson hayotiga, uning his-tuyg‘ulari, ma’naviy olami, tushuncha va tasavvurlariga ta’sir etishning yangi-yangi makkorona usullari o‘ylab topilmoqda. Ba’zan oddiy va beozor tuyiladigan kompyuter o‘yinlari, qo‘l telefonidagi klip va lavhalar, musiqiy shovqin-suronlar orqali xalqimiz hayotida ming yillar davomida shakllangan yuksak qadriyatlarni qo‘porishga, biz yoshlarning endigina kuchga to‘lib kelayotgan ruhiy dunyomiz, hissiyotlar olamimizni egallashga qaratilgan urinishlar kuzatilmoqda.

Loqaydlik bor ekan, ma’naviyatga qarshi tahdidlar kamayish o‘rniga ko‘payib boraveradi. Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida aynan ana shunday xavfdan ogohlantirib shunday degan edilar:

“Azaldan ma’lumki, beparvo odam dushmandan ham xavfliroqdir. Chunki dushmanning kimligi, asl qiyofasi siz uchun oldindan ma’lum bo‘ladi. Biroq loqayd va beparvo odamning qiyofasini birdaniga bilib bo‘lmaydi. Shuning uchun u ichingizda yurib, sizga qarshi tish qayraydigan dushmanlar uchun imkoniyat yaratib beradi”.

Loqaydlik va beparvolikdan xalos bo‘lish uchun inson bolaligidan boshlab o‘z ustida ishlashi, o‘zini har kuni, har soatda tarbiyalab borishi lozim. Mamlakatimizda bolalar sporti rivojiga, zamonaviy musiqa va san’at maktablari barpo etish masalasiga katta e’tibor berilmoqda. Zotan sport va san’at bilan oshno bo‘lib o‘sgan bola hech qachon beparvo bo‘lmaydi. Uning ichki olami, hissiyotlari doimo yangilikka intiladi. Har kuni, har soatda o‘z qalbida, yon-atrofidagi voqealarda, tabiat va jamiyatda yangilik, mo‘jizalarni ko‘radi. O‘zi ham, qalbi va vujudi ham ana shu yangiliklarga hamohang tarzda o‘zgarib boradi.

Allomalarimizdan biri Yusuf Xos Hojib ogohlik va hushyorlik borasida “Xalq hushyorligi elga foyda keltiradi, shular tufayli elda tinchlik va totuvlik qaror topadi”, deya nasihat qilib o‘tganlar.

Ajdodlarimizdan meros qolgan ushbu tabarruk zaminni, yurtimizni asrab-ardoqlash va uni keyinga avlodlarga munosib holda qoldirish barchamizning eng oliy burchimizdir.

 

Vazira SOHIBNAZAROVA,

Toshkent Islom Universiteti

4-kurs talabasi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.