Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Haykal oddiy tosh emish

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda juda xunuk manzara aks etgan foto va video tasvirlar tarqaldi. Sho‘xligidan deymizmi yoki shuhratga o‘chlikmi, xullas, uch-to‘rt tengdoshingiz sarkarda bobomiz Amir Temur haykali ustiga chiqib suratga tushibdi. Yoqimsiz odat yuqumli bo‘ladi shekilli, ularga havas qilgan yana bir necha o‘smir Ikkinchi jahon urushi yillari boshqa o‘lkalardan keltirilgan yetim bolalarni bag‘riga olib, norasidalarning kemtik ko‘nglini to‘ldirgan, ota-ona mehrini ko‘rsatgan Shomahmudovlar sharafiga “Xalqlar do‘stligi” saroyi maydoniga o‘rnatilgan haykallarga ana shunday “mehr” ko‘rsatishibdi. Bu manzara o‘zligini, millatini qadrlagan har bir odamning qalbini larzaga soldi, desam xato bo‘lmaydi. Axir bolalar “ot-ot” o‘ynamoqchi bo‘lsa boshqa istirohat bog‘larida o‘nlab sher, kiyiklarning haykallari bor-ku! Nima bu kaltafahmlikmi, befarosatlikmi?! Nahotki bunday bolalar tarbiya topgan oilada, ta’lim olayotgan o‘quv maskanlarida haykallar haqida, ular nima maqsadda o‘rnatilishi haqida gapirilmagan bo‘lsa! Men bu bolalarga jahongir bobomizning yurt ravnaqi, daxlsizligi uchun qilgan xizmatlari, Shomahmudovlar oilasi o‘zbekni bag‘rikengligini dunyoga tanitgani haqida aytib o‘tirmayman. Buni bilishadi. Lekin ular qalbida millatidan faxrlanish hissi yo‘qligidan xafaligimni aytmoqchiman.

Rasmlar ostida izoh qoldirganlardan biri, “Ha, endi bular bola-da, sho‘xlik qilibdi, haykal bor-yo‘g‘i bir tosh bo‘lsa, shunga shunchami?!” deya fikr bildiribdi. Birinchidan, u avval tosh edi, (aslida haykallar tosh emas, bronza, misdan yaraladi) lekin haykaltarosh yillar davomida yaratayotgan qahramonining siymosini yaratar ekan, uning ichki olamini chehrasida ifodalash uchun astoydil izlanadi, mehnat qiladi. Natijada san’at asari dunyoga keladi. Bu san’at asari endi buyuk alloma bobolarimiz, ulug‘ insonlar bo‘lib xotiramizga o‘rnashadi, hurmatimizga sazovor bo‘ladi, millat mulkiga aylanadi. Chunki haykal ularni xalq uchun, vatan uchun qilgan buyuk xizmatlarining e’tirofi, xalqning ehtiromi sifatida o‘rnatiladi. O‘qituvchingizdan yoki dadangizdan so‘rang-chi, birinchi o‘zbek generali Sobir Rahimov haykali qayta tiklanganda, Shomahmudovlar haykali o‘z joyiga qaytarilganda qanchalar quvonishdi. Agar ularga shunchaki tosh deb qaralganida bu hayajon, bu quvonch bo‘larmidi. Mana yarim asrdirki har yili Xotira va qadrlash kunida yuzlab odamlar Mustaqillik maydonidagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qo‘yadi. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan jigargo‘shalarini, farzandidan ayrilgan ona faryodini mana shu muqaddas haykal poyida yurakdan his qiladi, yodga oladi. Qolaversa, bu haykallar ham biz uchun ulug‘ qadriyat. Bejizga “Avesto” kitobiga, afsonaviy qahramon Alpomishga mahobatli haykallar o‘rnatdikmi? Axir ana shu haykallar bizga ajdodlarimizni qanday zukko, bilimdon, vatanparvar bo‘lganligini eslatib turuvchi, qalbimizga g‘urur soluvchi, o‘zligimizni anglatuvchi buyuk qadriyat emasmi?

Men sobiq ittifoqning juda ko‘p shaharlarida bo‘lganman. U yerlarda millat qahramonlariga, tarixiy voqealarga o‘rnatilgan oddiy sement yoki granitdan yaratilgan haykallarni ko‘rganman. Bu haykallar menga juda g‘arib, oddiy ko‘ringan. Qalbimda haykaltarosh vatandoshlarim iste’dodidan, yurtimizda buyuklarimizning nafaqat shaxsiga, hatto haykaliga ham ulkan hurmat-ehtirom ko‘rsatilishidan sevinib ketganman. Biz o‘zbeklar o‘zidan kattalarni juda hurmat qilamiz, hatto ular o‘tirgan uyning tomiga chiqishni ham odobsizlik deb bilamiz. Ming shukur-ki orangizda yuqoridagidek “sho‘x” bolalar ko‘p emas.

Aziz jurnalxon, sizdan iltimos, atrofingizdagi shunday bolalarga aslo loqayd bo‘lmang. Nojo‘ya ishga qo‘l urayotgan o‘rtog‘ingizni hech ikkilanmasdan bilagidan ushlab qoling, xatosini tushuntiring. To‘g‘ri, avvaliga xafa bo‘lar, lekin keyin do‘st achitib gapirishini anglab oladi.

O‘zining qadriga yetmagan o‘zgani ham qadrlamaydi. Qadrga yetish esa vataningizdagi giyohni, tosh-u tuproqni ham avaylashdan boshlanadi.

Agar o‘sha bolalar haykal qoshida suratga tushganda quvonardim, chunki u kimdan faxrlanishini anglagan bo‘lardi. Lekin ular o‘z xatti-harakatlari bilan nimani maqtanmoqchi bo‘lishdi yoki hammani hayratga soladigan selfi qilmoqchi edilarmi? Shunday bo‘lganda ham ular biror martabaga ega bo‘lisharmidi. Lekin bugun ular ko‘pchilikning nafratiga uchragani aniq. O‘zlarinigina emas, ota-onasini ham uyaltirib qo‘yishdi. Qadrli bolalar, tengdoshlaringizning bu harakatiga qanday baho berasiz. Sizningcha, haykal nima?

 

Siz yashayotgan joyda qanday haykallar bor, ular tarixini bilasizmi? Tahririyatimizga shular haqida yozib yuboring.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.