Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Intizom ildizlari

Finlandiya maktablari jahon ta’lim tizimi reytingida yetakchilik qiladi. Sayyoramizda eng ko‘p kitob mutolaa qiluvchilar ham fin bolalaridir. U yerda bir fan ziyoniga ikkinchi fan chuqurlashtirib o‘tilmas ekan. Masalan, tasviriy san’at yoki musiqa xuddi matematika singari kerakli va muhim fan hisoblanadi. O‘quvchilarning tarbiyasi va bilimi havas qilgudek. Olmon maktablarida esa yo‘qlama qilinmasa-da, davomat hamisha 99,9 foizni tashkil etarkan. Bolalar bir kun dars qoldirishni katta yo‘qotish deb hisoblasharkan. Bu qoida sifatida qabul qilingan. Yapon maktablarida akademik bilimlar olishdan avval asosiy e’tibor tarbiyaga qaratiladi. “Avval xulq-atvor, so‘ngra bilim” degan temir qoida o‘rnatilgan. Yapon maktablarida farroshlar yo‘q, ularning ishini o‘quvchilar bajarar ekanlar.

Xo‘sh, bizning maktablarda-chi? Baholarimiz, odobimiz bilan maqtana olamizmi? Darslarga munosabat qanday? O‘quvchilarni qanaqa muammolar qiynamoqda? Bugun shu mavzular yuzasidan atroflicha mulohaza yuritish uchun bir necha maktablar bo‘ylab sayohatga chiqdik. Quloq tutaylik-chi, o‘quvchilarimiz nima deyisharkin.

 

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi maktablardan birida o‘qiydigan Nigina Xurramova:

Yaqinda ona tili o‘qituvchimiz malaka oshirish uchun o‘qishga ketdi. Ularning o‘rniga ingliz tili o‘qituvchimiz darsga kiryapti. Bundan barcha sinfdoshlarimiz xursand. Chunki ona tili darsi endi bir oy davomida nomigagina o‘tiladi. Matematika fani o‘qituvchimizning esa bir odatlari bizga ma’qul kelmayapti. Uy ishlarimizni to‘g‘ri bajaramizmi yoki xatomi baribir, “ko‘rildi” belgisini qo‘yib ketaveradi. Axir biz tuzatilgan arifmetik amallarni solishtirib, xatolarimizni tushunamiz-ku. Bajargan ishimizga yarasha baho olishni istaymiz. Vazifani kim qay darajada bajargan, buni farqlolmaymiz. Barcha uchun xulosa – “ko‘rildi”. Maktabimizda fan o‘qituvchilari yetishmasligi masalasida, ayniqsa, yuqori sinf o‘quvchilari ko‘p shikoyat qilishadi.

O‘qituvchilarning fikrlari bizni yanada o‘yga toldirdi.

 

Munojat Mo‘minova, Toshkent shahar Shayxontohur tumani 41-maktab o‘qituvchisi:

Aksariyat o‘quvchilarimizda ustozni hurmat qilish hissi yo‘qolib borayotganday. Qizlar darsda bemalol sochlarini tarab, turmaklab, hatto o‘qituvchiga qarab yeguliklar yeb o‘tirishadi. Qaysi kanalda qanday ko‘rsatuv yoki serial bo‘lishini yaxshi bilishadi, ammo davlat ramzlarining qa’bul qilingan sanasini bilishmaydi. Astoydil o‘qiyman, degan o‘quvchiga ham o‘qishni istamaydigan sinfdoshining xulqi yomon ta’sir qiladi. Natijada, biz o‘qituvchilarning asosiy vaqtimiz odob-axloq mavzusiga qaratilib, darsning ko‘p qismi tarbiyaviy soatga aylanib ketmoqda.

 

Munojat opaning fikrlarini 8-sinfda o‘qiydigan o‘quvchisi Muhammadaziz Dilmurodov ham ma’qullaydi:

Sinfdoshim Eldor maktabda yaxshi o‘qimaydi. O‘zi darsdan qochgani mayliku-ya, ko‘pincha oxirgi soat darslardan barchamizni qochib ketishga majburlaydi. Kimda-kim qolib, o‘qituvchiga aytib bersa, safimizga qo‘shmaymiz, deb dag‘dag‘a qiladi. O‘g‘il bolalarga qo‘shilib ba’zi qizlar ham darsdan qocha boshladi. Ertaga sinf rahbarimiz majlis o‘tkazmoqchi. Yig‘ilishda, albatta, shu masala yuzasidan aybdorlarni aniqlashda ustozga yordam beraman.

 

Shu maktabning 5-sinfida o‘qiydigan Charos Abdullayevani sinfdoshlari o‘rtasidagi boshqa bir muammo qiynarkan:

Sinfimizdagi Abdulhamid ismli bola hammaga laqab to‘qiydi. O‘ziga laqab qo‘yganlarga esa ko‘chada po‘pisa qiladi. Qiz bola bo‘lsam ham meni Charli Chaplin deb ataydi. Abdulhamidga yoqish uchun boshqa o‘g‘il bolalar ham shunday deb ustimdan kulishadi. Sinfdoshlarimiz-ku, mayli, hatto o‘qituvchilarimizga ham laqab qo‘yish urf bo‘lyapti. Uy ishlari, daftar-kitob, baholar bir ahvolda-yu, ustozlarning ustidan kulishayotganiga jahlim chiqyapti. Shu masalani ustozimga aytsammikan?!

Ba’zan qiziqishlarimiz yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ammo bu illatlar hayotimiz davomida bizni ta’qib qiladi. Shamshodbek ayrim maktabdoshlarining zararli ishlar bilan band bo‘layotganliklarini tanqid ostiga oldi.

 

Shamshodbek Zulxonov, poytaxtdagi 4-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 7-sinf o‘quvchisi:

Tengdoshlarim o‘rtasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish holatlari ko‘payayotgani ustozlarimni tashvishga solmoqda. Maktabimiz direktorining aytishicha, yuqori sinf o‘quvchilari to‘planishib, nosvoy, sigaret chekishayotganda qo‘lga tushishibdi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ularning bu nomaqbul ishlariga avvalroq guvoh bo‘lishgan ekan. Ammo sotib berishsa, ko‘rsatib qo‘yishlarini aytib qo‘rqitishibdi. Bu masala kun muhokamasiga qo‘yildi. Ota-onalar chaqirildi, sinf majlislari o‘tkazildi. Ular tartibbuzarlar ro‘yxatiga kiritildi.

Bu bilan barcha o‘quvchilarni intizomsizlikda, to‘palonchilikda ayblamoqchi emasmiz. Ular orasida tashabbuskor, bilimdon, faol, hatto do‘stlarini nazorat qila oladiganlari ham bor. Masalan, Ibrohim.

 

Ibrohim Rixsiboyev, Olmazor tumanidagi 1-maktabning 10-sinf o‘quvchisi:

Maktabimiz qoshida “Jasorat” klubi tashkil qilingan. Men ham shu klubning a’zosiman. Safimizda qizlar ham bor. Bizning asosiy vazifamiz maktabdosh do‘stlarimizning axloqi, tarbiyasi va o‘qishlaridagi muammolar bilan tanishib, yechim topishda do‘stlarimizga ko‘mak berishdan iborat. Maktabimiz direktori hamda Yoshlar ittifoqi yetakchisi ishtirokida klub a’zolari reydlarga chiqamiz. Dars qilmaydigan, ayrim fanlarni yaxshi o‘zlashtirolmayotgan bolalarning uy sharoitlarini o‘rganamiz, darsxonasi, o‘quv anjomlari bor-yo‘qligini kuzatamiz. Kitob-daftar olishga imkoniyati yo‘q bolalarga mablag‘ ajratamiz. Tungi reydlarda esa kompyuterxonalarda bemahal yurgan tengdoshlarimiz bilan tushuntirish ishlari olib boramiz. Boshqalarga saboq bo‘lsin uchun suratga tushirib olamiz. Kompyuterxonalarda qizlarning ham borligi achinarli holat. Yaqindagina Abdulloh ismli sinfdoshimizning yot g‘oyalar ta’siriga berilib qolganligini aniqladik. Uning darslarga befarqligi va odamovi bo‘lib qolgani sababi shu ekan. Hozirda u axloq tuzatish kaloniyasida tarbiyalanmoqda. Yana bir qizimiz maktabimiz shikoyatlar qutisiga xat tashlabdi. Xatga ko‘ra u maktabda ro‘mol o‘rab yurishga ruxsat so‘ragan. Guruh a’zolari tekshirib ko‘rgach, qizning ruxsatnoma olmagan diniy ta’lim beruvchilardan biriga saboq olish uchun qatnayotgani ma’lum bo‘ldi va unga ichki ishlar xodimlari ishtirokida ma’muriy chora ko‘rildi.

Maktab – ta’lim dargohi. Biz unda hayotimiz poydevorini quramiz. Zeroki, mashoyixlarimizdan biri aytganidek:

 

Poydevorni qiyshiq qo‘ysa gar me’mor,

Quyoshga yetsa ham egridir devor.

 

Xulosa qilish o‘zingizdan. Sizning ham maktabingizda shunday holatlar bo‘lib turadimi? Fikrlaringizni yozib yuboring. Birga mulohaza yuritamiz.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.