Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kim bo‘lsam ekan?

Nargiza 8-sinfda o‘qiyapti. Bugun adabiyot darsida ustozi “Kim bo‘lsam ekan?” mavzusida insho yozishni topshirdi. Ustoz aytgan mavzu Nargizani o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki u shu choqqacha bu haqida o‘ylab ko‘rmagan edi. To‘rt yil avval dadasi, kasbimning davomchisi, shifokor bo‘lasan, deb akasini kerakli fanlardan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga borishini tayinladi. Biroq, akasi qo‘shnimiz Adham akadek hunarmand bo‘lmoqchiman, deb rozi bo‘lmadi. Adham aka buyurtmaga eshik-rom yasaydi. Dastlab uning ishlariga havas qilib, keyinchalik esa yordam bera boshlagan Sardor bu hunarni sidqidildan o‘rganishga kirishdi. Hozir akasi ustaning ishongan shogirdlaridan. Bundan nafaqat oilasidagilar, balki mahallasidagilar ham xursand. Chunki akasi choyxona atrofiga o‘rindiq va supalar yasab berdi, keksalarning duosini oldi. Shularni xayolidan o‘tkazgan Nargiza oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishda tanlagan kasbi muhim o‘rin tutishini angladi.

Darhaqiqat, maktabni bitirish arafasida “Kasb qanday tanlanadi?”, “O‘quvchiga necha yoshdan boshlab kasb haqidagi tushunchalarni singdirish lozim?” kabi savollar bolalarni o‘ylantiradi. Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, psixolog Nigora Shomurodovaning quyidagi suhbatidan ana shu kabi savollarga javob topasiz.

– Bolajonlarimizda kasbga bo‘lgan qiziqish ilk muloqotda boshlanadi. Masalan, ba’zilaringiz endigina maktabga kelgan kunlaringizda ustozingizning dars o‘tishi, xatti-harakatlarini kuzatasiz. O‘rniga o‘zingizni qo‘yib o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilasiz yoki harbiy bo‘lib ishlayotgan akangizning kiyimiga havas qilib ham ana shu kasb egasi bo‘lgingiz keladi. Shu tariqa fikringiz tez-tez o‘zgarib turadi. Ammo ichki xohishlaringizga bo‘ysunib, tanlagan sohangizda bir umr mehr, ishtiyoq bilan ishlaydigan, orzuyingizdagi kasbni tanlashingiz kerak. Sababi, ota-onangiz shifokor yoki o‘qituvchi bo‘lsa, sizni ham aynan o‘z kasblarini davom ettirishingizni xohlaydi. Agar sizda bu kasbga qiziqish bo‘lmasa, uni hech qachon yaxshi egallay olmaysiz.

Yuqori sinfga o‘tgach, kasb tanlashning muhim jihatlariga e’tibor bera boshlaysiz. Ya’ni uning jamiyatdagi o‘rni, mavqei fe’l-atvoringiz, tabiatingizga mos kelishi, sizga xalaqit beruvchi to‘siqlar yo‘qligiga ishonch hosil qilib, bir qarorga kelasiz.

Ba’zi tengdoshlaringiz maktabni bitirish arafasida ham kim bo‘lishi haqida qat’iy qarorga kelmaydi. Bunday o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish uchun maktablarda “Tugallanmagan gaplar” degan so‘rovnomalar o‘tkazamiz. Unda qaroringizning qanchalik qat’iyligi, taxmin va ikkilanishingizni aniqlab olamiz. So‘rovnoma orqali “Men tanlagan kasbning muhim jihatlari”, “Men tanlagan kasb vakillari” va “Men tanlagan kasbda o‘zimni tasavvur qilishim” kabi savollarga javob olamiz. Unda tanlagan kasbingizni qanchalik qadrlashingiz, bu kasb egalaridan kimlarni tanishingiz va ularga nisbatan qanday fikrda ekanligingiz, bu kasbda o‘z mahoratingizni qanchalik namoyon qila olishingiz haqidagi tasavvuringizni o‘rganamiz. Ichki xohishlaringizni eshitamiz. Qaysi fanlarga qiziqishingizni aniqlab, sizlardagi yashirin qobiliyatlar orqali kasblarga yo‘naltiramiz.

Albatta, har bir ota-ona farzandlarining nufuzli kasb egasi bo‘lishini istaydi. Siz ham o‘smir yoshingizda hamisha e’tiborda bo‘lishni, kelajakda o‘zingizni yuqori mavqelarda ko‘rishni xohlaysiz. Ammo sizning istagingiz bilan ichki imkoniyatlaringiz to‘g‘ri kelmasligi, ya’ni sizda shu kasbga nisbatan qobiliyatning yo‘qligini ilg‘asak, dunyoqarashingizdan kelib chiqib, boshqa mutaxassislikni tavsiya qilamiz.

Ba’zida ota-onangiz yaxshi kasb egasi bo‘lsin, deb darsdan keyin qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlariga jalb qiladi. Afsuski, sizning ichki xohishlaringiz bu fanlarga nisbatan qiziqish bilan bog‘lanmagan bo‘lsa, o‘sha mashg‘ulotlarga behafsala yondashasiz. Ba’zi hollarda esa aksi bo‘lib, dastlab oqsagan fanlaringizdan mashg‘ulotlar davomida sizdagi yashirin iste’dod namoyon bo‘ladi. Shu fanga mehringiz uyg‘onib, kasb tanlashingizga turtki bo‘lishi ham mumkin. Unutmangki, inson o‘zi istamagan kasbni tanlasa, hayotda oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun ko‘p to‘siqlarga uchrashi mumkin.

Shuning uchun har biringiz hayot yo‘lingizni belgilovchi, sizni ishtiyoq bilan ishlashga undaydigan kasbni tanlashingiz lozim. Ana shunda mehr bilan bajargan har bir ishingiz samarali bo‘lib, yuqori baholanadi.

Nargiza psixologning suhbatidan keyin hech ikkilanishlarsiz o‘zi qiziqqan kasb bo‘yicha ta’lim olishni maqsad qildi.

Aziz o‘quvchi, kelajakda kim bo‘lshni yaxshilab o‘ylab ko‘rdingizmi? Tanlagan kasbingiz bo‘yicha oldingizga qanday maqsadlarni qo‘ydingiz? Bu haqidagi fikr – mulohazalaringizni kutib qolamiz, birgalikda muhokama qilamiz.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.