Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Non va tarix

yoxud o‘tmishdan saboq, bugundan shukrona

 

Maktab darvozasidan otilib chiqqan to‘rt-besh nafar o‘quvchining barchasini qo‘lida yegulik. Qay biri xot-dog, qay biri shirinli-gu yana biri qandaydir tezpishar “ovqat”ga chug‘urlashgancha og‘iz solishmoqda. Diqqat bilan quloq tutsam hammasi bir bo‘lib sheriklaridan birining qo‘lidagi tushligini muhokama qilishmoqda.

– Qaranglar, Doni yana non yeyapti. Uyidan olib kelgan.

“Xabarchi” sinfdoshining “topqir”ligiga hissa qo‘shish maqsadida novcharog‘i ham so‘z qotdi:

– Doni, har kuni non yeyishdan zerikmaysanmi? Undan ko‘ra bizga o‘xshab dadangdan pul so‘rab, maktab oshxonasidan xohlagan narsangni olib yesang bo‘lmaydimi?

Doni – hatto bayram kunlari ham yegulik sotib olib yemaydigan, ko‘zlaridan sinfdoshlariga aytar gaplari ko‘pligi sezilib tursa-da, ammo ne sabab munosib javob bera olmayotgan bola odatdagidek mum tishlab turibdi. “Do‘sti”ning istehzoli savolidan lunjidagi luqmasi tiliga yopishib qoldi. Faqatgina yuzi qizardi, faqatgina ko‘zi qizardi, faqatgina o‘zi qizardi. Ammo so‘zi...uning so‘zi dilda edi, tilida esa...

Men Doni va uning sinfdoshlarini to‘xtatdim. Nechanchi sinfda o‘qishini so‘radim – uchinchi sinf. Ismlarini so‘radim – Davron, Firdavs, Kamronbek, Diyorjon va Doni – Doniyor. Keyin Doniyorning qo‘lidagi, bir tekis mayda tish izlari qolgan burda nonni qo‘limga oldim. Bolalardan non haqida nima bilsa, shuni menga aytib berishlarini so‘radim. Ammo hammasi uy vazifasini bajarmay kelganligi uchun o‘qituvchi yonida boshi xam turgan o‘quvchilardek tosh qotib turardi. Bir fursat o‘tib novcharog‘i, chamamda – Kamronbek xayoliga kelgan gapni tiliga ko‘chirdi.

– Non, bu – non-da, nima bo‘lardi?

– Ha, to‘g‘ri, – sinfdoshiga madad bo‘ldi Davron.

Ularga bir-bir qarab yana savol berdim:

– Ammo nonning qayerdan kelishini, qanday mashaqqatlar evaziga yetishtirilishini ham bilarsizlar...

“Topqirtoy” Kamronbek yana javob berdi:

– Ha, bilamiz. Non do‘kondan olinadi. Ammo...

Keyingi so‘zlarga kalovlanib qolgan Kamronbekning boshiga kaft bosdim. Katta-katta ochilib ketgan ko‘zlaridan ko‘z uzmay yoniga cho‘kkaladim.

– Ha, barakalla. Do‘kondan olinishini bilasan-u, ammo u yerga qayerdan, qanday tarzda kelishini esa... afsuski, bilmaysan. Agar o‘sha do‘konga non kelmay qolsa-chi? Unda nima qilasizlar? Kechki ovqatni, nonushtada shiringina qaymoqni nima bilan yeysizlar? Sariyog‘ va murabbolarni-chi? Umuman, keyin nonsiz yashab bo‘ladimi?

Besh og‘ayni – besh sinfdoshning tishlagani og‘zida, bo‘lagi qo‘lida qoldi. Maktabdagi ustozidan allaqaysi zamonlardagi uzoq o‘lkalarda bo‘lib o‘tgan voqealarga – ertak eshitayotgandek tek qotgancha quloq tutardi. Shu onda mavzuga oid bo‘lganligi sabab qo‘limga telefonimni oldim. Shu kunlarda yurtimiz axborot saytlarining birida e’lon qilingan Imomnazar ota xotiralariga oid videolavhani qo‘yib berdim...

...Hozirda 103 yoshni qarshi olgan, Marg‘ilon shahrida yashayotgan Imomnazar bobo Qurbonov bugun nevara-chevaralarining soni tugul ismini ham tuzuk-quruq bilmaydi. Ammo o‘tmishini, xayolida tosh qotgan xotiralarini yaxshi eslaydi. Qay bir jihati o‘ziga issiq tuyuluvchi izdoshlari – yuzlab nevara-chevaralar qurshovida bolalik va o‘smirlik, so‘ngra urush yillarining qaqshatqich kunlarini, umr faslining ayozli onlarini o‘kinch bilan yod oladi. Boboning xotiralariga shunchaki quloq tutib bo‘lmaydi. Ularga yuzaki munosabat, quruq xulosa ham berish dargumon. 103 yoshli otaxon yuz yil ortga qaytgandek qaroqlaridagi tomchilarni to‘xtatolmaydi. Haqiqiy musibat ingan dildagi gaplar tilga ko‘chadi:

– Bolaligimni eslasam, faqat qiyinchilik, ocharchilik ko‘z oldimga keladi. Ota-onamning tonggi g‘ira-shiradan to qorong‘i quyuqlashib ketgunga qadar dalada ter to‘kkanlari, zog‘ora nonga butun bir hayot, umr mazmuni deb qaraganlarimiz hamon yodimda. O‘ttizinchi yillarda do‘kondan qora non olib kelish uchun tonggi soat yettida chiqib ketardik. Odam ko‘p, ammo non juda oz. Navbatimizni kutib hatto kech qorong‘isigacha do‘konda qolib ketardik. Shunda ham yetsa yetdi, yetmasa, yo‘q – kunimiz nonsiz o‘tardi. Urush yillari ahvol bundan ham og‘ir edi. Bolalarimning “ota, non, ota, non bering” deb yolvorishlariga, intiq nigohlariga chidash juda-juda qiyin edi.

Bobo xotiralarga uzoq beriladi. O‘z hikoyasidan o‘zi ming chandon to‘liqib ketgan otaxon bir muddat jim bo‘lib qoladi. Keyin oppoq soqollarini kaftida bir tutam qilib silaydi-da, bugungi kunlarga shukrona keltiradi. Bolalarining, tomir yoygan avlodining, butun xalqimizning ayni kunlardagi to‘kin-sochin hayotidan mamnun ekanligini bildiradi. Va shu o‘rinda, bu ulug‘ ne’matlar – tinchlik va osudalik, farovon turmush, baxtli kelajakning qadri juda katta ekanligini ularga uqtiradi. Bugungi baxtiyor kunlarimizni asrab-avaylashimiz uchun o‘tmishning mana shunday lavhalari kerakli xulosa va saboq bo‘lib xizmat qilishini aytishdan to‘xtamaydi. Har lahzaga shukronalik umr bezagi ekanligini bot-bot takrorlaydi...

...Besh mitti nigoh kiprik qoqmay Imomnazar boboning so‘zlariga quloq tutib turibdi. U kishining har so‘z ohangidagi katta qayg‘u va shukronalik tuyg‘usini kichik jussalariga singdirmoqda. Yana bir ertak, ammo hayotda bo‘lib o‘tgan rost ertak so‘ngining yaxshilik, murod-maqsadiga yetishuvi bilan tugashini ishonch bilan kutishmoqda. Goh-goh burun tortib qo‘yayotganligidan sezish qiyin emaski, bolalar boboning so‘zlarini his qilyapti. Xayolidan bir zumga o‘z bolaligi bilan Imomnazar otaning bolaligini solishtirib o‘tgan bo‘lsa ham, ne ajab.

Videolavha yakuniga yetdi. Engashib davra yasagan boshlar yuqorilagach, bolalarni zimdan kuzataman. Birinchi xulosam shuki, ular bu kabi lavhalarni faqat kinolarda bo‘lishiga allaqachon ishonib bo‘lishgan. Endi esa tirik tarix – hech qanday qayta-qayta tasvirga olishlarsiz aytilayotgan xotiralarning ham tirikligiga ishonishmoqda. Sodda tasavvurlarida o‘zlariga xos va mos xulosalar yasamoqda.

– Nahotki...! – birinchi bo‘lib so‘z boshladi Kamronbek. – Nahotki oldinlari non judayam kam bo‘lgan bo‘lsa. Chindan ham biz nonning qayerdan kelishini hali bilmas ekanmiz.

– Men ham, – suhbatga qo‘shildi Firdavs. – Endi nonni bir tishlab, to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketmayman.

– Aslida eng zo‘r ovqat Donining noni ekan-a, bolalar, – tengqurlariga bir-bir qarab chiqdi Diyorjon. – Biz bo‘lsa unga nimalar demadik...

Xulosalar shu tarzda yasaldi. Qo‘lidagi bir burda nonni kaftida mahkam siqqancha sinfdoshlarining so‘zlariga jim quloq tutib turgan Doni – Doniyor esiga muhim gap tushib qolgandek shoshib yelkasi osha sumkasini qo‘liga oldi:

– Sumkamda yana non bor. Sizlarga ham beraymi?

 

Farhod ESHMO‘MINOV

 

Tahririyatdan: Qadrli o‘quvchi! Mavzuga doir voqeani o‘qidingiz. Sinfdoshlaringiz orasida ham tushlik uchun uyidan non olib keladigan va bunga turli munosabat bildiradigan o‘quvchilar bo‘lishi, tabiiy. Sizningcha, Doniyorning o‘rtoqlari tutgan yo‘l to‘g‘rimi? Bunday vaziyatda siz o‘zingizni qanday tutasiz? Bizga shular haqida batafsil yozib yuboring.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.