Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oshkor bo‘lgan xatolar

Salom, aziz tengdoshlar!

Men 9-”A” sinf o‘quvchisi To‘laganova Komilaman. Maktabda “4”, “5” baholarga o‘qiyman. To‘g‘rirog‘i, “yaxshi o‘qib” yomon baholarimni o‘zgartiryapman. Ha, hayron bo‘lmang, o‘zimni a’lochi qizman deb, maqtab maktub yozayotganim yo‘q. Bunday holatni ayni paytda sinfimizning ko‘pgina o‘quvchisida ko‘rishingiz mumkin. Gapni boshidan boshlasam.

Menimcha, hamma maktablarda “namunaviy” sinflar bo‘lsa kerak. O‘quvchilarning tartib-intizomi yomon bo‘lishi bilan birga o‘quv fanlaridan past baho olishlari ham tabiiy holdir. Chunki sinfdagi muhit, o‘quvchilarning aynan o‘qishga bo‘lgan munosabatlari baholariga ta’sir qilmay qolmaydi. Men ham shunday sinf o‘quvchisi edim. Bizdan hamma bezor bo‘lgan. Har chorak sinf rahbarimiz o‘zgarardi. Maktabdagi janjallar sinfimizning ishtirokisiz o‘tmas, hatto qizlar o‘rtasida ham turli kelishmovchiliklar bo‘lib turardi. Maktab direktori biz va ota-onalarimiz bilan majlis o‘tkazib, tanbeh berishdan charchamasdi. Fan o‘qituvchilarimiz bizga dars o‘tishdan bezor bo‘lishgandi. Chunki darsni tinglamas, uyga berilgan vazifalarni umuman bajarmasdik.

Bizga hech kim sinf rahbarlik qilishni istamagan bir paytda maktabimizga o‘rta yoshli matematika o‘qituvchisi ishga keldi. Odatdagidek, avval bu o‘qituvchini ham, darsini ham jiddiy qabul qilmadik. Nodira opa sinfimiz o‘quvchilarining matematika faniga qiziqishi yo‘qligini darrov payqadi va noodatiy tarzda dars o‘ta boshladi. Juda oson savollar bilan bilim darajamizni bilib oldi.

– Karimov Sunnat! 6x8 nechchi bo‘ladi? – so‘radi Nodira opa to‘satdan. Sunnat sinfimizning eng cho‘rtkesar bolasi. Negaligini bilmadim-ku, lekin hamma bolalar uning aytganini qiladi.

– Men...haligi, nechchi bo‘lar edi? – Hammaga alanglab qosh qoqdi. Kimdir 46, kimdir 48 dedi. – 46 midi?.. – ikkilanib javob berdi Sunnat.

– O‘qishni tamomlab qaysi kasbni egallamoqchisan? – darrov ikkinchi savolni berdi o‘qituvchi.

– Tadbirkor, – deya javob berdi sinfdoshim.

– Shuni bilginki, o‘z qat’iy fikriga ega bo‘lmagan insondan hech qachon tadbirkor chiqmaydi. O‘tir, yaxshi.

Ha, oramizda hatto ko‘paytirish jadvalini bilmaydigan bolalar ham bor. Men ham jadvalni aytishda ko‘p adashaman.

Yangi o‘qituvchimiz bu ahvolni xotirjamlik bilan qabul qildi va ko‘pgina o‘quvchilarga yuqori baho qo‘yib, darsni yakunladi. Kutilmagan bu holatdan hammamiz xursand edik. Matematika darsi kundan-kunga biz uchun qiziq bo‘lib boraverdi. Oson savollar, oson tenglamalar... Darsga qiziqishimizni ko‘rib maktab direktori Nodira opani bizga sinf rahbari qilib tayinladi. Uning ham sinf rahbarligi uzoqqa cho‘zilmaydi, degan xayolda bu holatga ahamiyat bermadik. Nodira opa biz bilan do‘stona munosabatda bo‘lar, ayniqsa, qizlar bilan dildan suhbatlashar edi. Bir kuni tarbiyaviy soat darsida sinf rahbarimiz har bir o‘quvchiga bir varaqdan olishni, unga o‘z ism sharifini yozishi kerakligini aytdi. Keyin qog‘ozni zanjir qilib guruhga tarqatib yubordi.

– Sizlar bu qog‘ozga ism-sharifi yozilgan sinfdoshingizning ijobiy yoki salbiy fazilatlari haqida fikringizni yozasiz. Faqat to‘g‘risini yozing, buni hech kim bilmaydi. Oxirida qo‘lingizga kelib tushgan o‘zingiz haqingizdagi fikrlarni o‘qib, xulosa chiqarib olasizlar.

Hammamiz varaqlarga birin-ketin o‘z fikrimizni yozib uzataverdik. Kimdir yozuvini, kimdir ruchkasining rangini o‘zgartirib, bir-biridan berkitib fikrlarini bayon etdi... Men ham yashirib o‘tirmay yolg‘onchini yolg‘onchi, maqtanchoqni maqtanchoq, deb borini yozdim. Tabiiyki, menga ham o‘zim haqimdagi haqqoniy ta’riflar yozilgan varaq kelib tushdi. Natijani o‘qigan har bir sinfdoshim xuddi mendek lol bo‘lib qoldi. O‘zi haqidagi fikrlarni o‘qib kimningdir jahli chiqdi, kimdir uyaldi, lekin hech kim qo‘lidagi qog‘ozni turib o‘qib berolmadi.

Shu kundan boshlab har birimiz o‘zimizga boshqacha baho berib, tegishli xulosa chiqarib oldik. Hozirda men singari o‘z xatolarini to‘g‘rilayotgan sinfdoshlarim ko‘paymoqda. Asosiysi, biz qilgan xatolarimizni tushuna boshladik. Tartibli bo‘lib, yaxshi o‘qishga, maktabning jamoat ishlarida faol qatnashishga harakat qilyapmiz.

Siz ham kelajakda yetuk inson bo‘lishni istasangiz, hozirdan xato qilmaslikka o‘rganing.

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.