Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Otasining uyalishini istamagan bola

Tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Barcha o‘quvchilar guv etib maktab oshxonasiga, ayrimlar esa hovliga qarab yugurishdi. Bir gala o‘g‘il bolalar esa maktab darvozasi ro‘parasida to‘planib olishdi.

– Sen mendan kichkinasan, demak men nima desam shuni qilishing kerak, – gerdaydi 10-sinf o‘quvchisi Mohir.

– Katta bo‘lsang nima qilay? Nega seni aytganingni qilishim kerak? – hayron bo‘ldi 9-sinf o‘quvchisi Tohir.

– Qilasan dedimmi, qilasan, tushundingmi, – Mohir Tohirni turtib yubordi.

Shundan so‘ng ular mushtlashib ketishdi. Bolalarning ayrimlari ajratishga harakat qilsa, ayrimlar ularni qo‘llab-quvatladi. Janjal ustiga yetib kelgan maktab qo‘rovuli va o‘qituvchilar ularni direktor xonasiga olib kirib ketishdi. Undan keyingi ishlar hammaga ayon. Ota-onalar chaqirtiriladi, turli tarbiyaviy ishlar olib boriladi...

Kuni kecha sinfdoshlar bilan uchrashdim. Maktab davrini eslab, miriqib kulishib oldik. Sinfdoshim bir voqeani esga soldi.

8-sinfda o‘qiyotganimizda Alisher bilan Bobur janjallashib qolishdi. Bu janjal oxiri mushtlashishgacha bordi. Shunda sinf rahbarimiz Gulnora opa ularni maktab direktori xonasiga olib bordi. Direktor ular bilan suhbatlashgach, ota-onalarini chaqirishini aytganda, ikki sinfdoshim qilgan ishidan pushaymon bo‘lib bunday hodisani qaytib takrorlanmaslikka va’da berishdi. Shunda maktab direktori ularga ikki hafta davomida sinfga navbatchilik qilishni buyurdi. Bolalar bu jazoni xursandchilik bilan qabul qilishdi. Keyin bilsak, ular ota-onalarining maktabga kelib, farzandlari deb izza bo‘lishlarini istamagan ekanlar. Bobur shunda “Agar dadam kelsalar bormi, meni qattiq jazolaydilar. Kechgacha dalada ishlatib, yana yarim tungacha dars qildiradilar. U ham yetmagandek, kunlik “maosh”dan ham ayrilaman. Undan ko‘ra 2 hafta xona tozalaganim yaxshi”, degan edi.

Haqiqatdan ham, ilgari ota-onalarning maktabga chaqirilishi juda katta fojiaga aylanardi. Hozir-chi? Hozirda ham shundaymi? Ular ham Boburga o‘xshab ota-onalarining izza bo‘lishlarini istashmaydimi? Shu kabi savollarga javob topish uchun shahrimizdagi maktablarning biriga yo‘l oldim. Dastlab maktab psixologi bilan uchrashib savollarimga javob izladim.

Psixolog Umida Hamidova: – Hozir ham maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida to‘polon, janjallar, turli bezoriliklar bo‘lib turadi. Bu ayniqsa, 8-10-sinflar o‘rtasida uchraydi. Janjallarga arzimas dilxiraliklarning sabab bo‘lishi ajablanarlidir. Kimnidir turtib yuborsa, bir-biriga yo‘l bermasa yoki laqab qo‘ysa. Yuqori sinf o‘quvchilarining quyi sinf bolalariga tegajog‘lik qilishlari ham ba’zan janjal bilan tugaydi. Buning natijasida tanasining biror qismi jarohatlanadi, sinadi, kiyimlari yirtiladi. Ayrim hollarda bunday hodisalar katta mojarolarga sabab bo‘lmoqda.

Bunday hodisalarning oldini olish uchun o‘quvchilar o‘rtasida ota-onalar, mahalla va ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda tushuntirish ishlari olib bormoqdamiz.

Hozirda maktablarda shu mavzuda seminar mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Unda psixologik treninglar ham o‘tkaziladi. Ayrim seminarlarimiz qizlarga alohida, o‘g‘il bolalarga alohida o‘tiladi. Seminarlarga IIB xodimlari, mahalla faollari, sportchilar va yozuvchilarni ham taklif etamiz.

Sinf rahbar Gulchehra Akromova:

– Janjal, mushtlashuvlarning sababi, ayrim o‘quvchilarning tarbiyasizligidir. Ular ko‘proq kitob o‘qib, atrofidagi yaxshi bolalarga ergashganda edi, vaziyat o‘zgacha bo‘lardi. Yurtimiz rahbari bejizga bolalarning qo‘liga ko‘proq kitob bering, demayaptilar.

Aziz o‘quvchilar! Sizning har bir harakatingiz uchun albatta ota-onangiz, sinf rahbaringiz, yaqinlaringiz va avvalo o‘zingiz mas’uldirsiz. Yoshlikdagi eng esda qolarlik xotiralaringizni urush-janjalli, bezorilik davrlarim deb eslashingiz yoqimlimi?! Bosayotgan har bir qadamingiz kelajagingiz uchun poydevor bo‘lishini unutmang!

Qolaversa, siz bunga nima deysiz?

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.