Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Partadosh qanday tanlanadi?

Qadrli o‘quvchilar! Ko‘pchiligingiz maktabda eng yaqin do‘stingiz bilan partada yonma-yon o‘tirasiz. Partadosh sinfdoshingiz bir kungina maktabga kelmay qolsa, dars jarayonida o‘zingizni ancha noqulay his qilasiz. Ammo ba’zida o‘qituvchilaringiz sinfdagi vaziyatdan, o‘quvchilarning fe’l-atvoridan kelib chiqib joylaringizni tez-tez almashtirib turishadi. Bu holat sizning darslarni o‘zlashtirishingizga qay darajada ta’sir qilayapti? Ushbu savollarga javob topish maqsadida bir nechta maktablarda bo‘ldik.

Nigina Xurramova, Zangiota tumanidagi 44-maktabning 4-sinf o‘quvchisi:

– Yonimdagi partadoshim bilan bog‘chada ham bir guruhga borganman. Ustozimiz har gal bolalarning joylarini o‘zgartirganda, biz o‘rnimizni almashtirmasliklarini so‘raymiz. Darslarga tushunmay qolganimizda bir-birimizdan so‘rab, mavzu yuzasidan bahslashamiz. Sinfimizda “Oltin baliq” kitob tanlovi o‘tkazilayapti. Unda kim ko‘p kitob o‘qisa, o‘sha o‘quvchi “baliqlari”ning tilla tangalari ko‘payib boraveradi. Hozir partadoshim bilan ko‘proq kitob o‘qib, ana shu tangalarni boyitishga harakat qilayapmiz. Agar yangi ertak, hikoya o‘qisam, eng avval partadoshimga aytib beraman. Ba’zida to‘polon qilib, dars tinglashimizga xalaqit bersa, ustozimga, “sherigimni o‘zgartiring”, demoqchi bo‘laman. Ammo partadoshim sinfning a’lochi o‘quvchilaridan biri. U bilan dars tayyorlaganimda mavzularga oson tushunaman.

Muhammadali Ahadov, Uchtepa tumanidagi 228-maktabning 8-sinf o‘quvchisi:

– Partadoshim – eng yaqin do‘stim. U bilan fikr va qiziqishlarimiz o‘xshash. Hattoki, futbol mashg‘ulotlariga ham birga boramiz. Sportning taekvondo, qo‘l jangi turlari bo‘yicha musobaqalarga borib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdik. Onam har doim xulqim, o‘qishimni nazorat qilgani maktabga kelganda, ustozimdan partadoshimning baholari, o‘zaro munosabatimizni surishtiradi. Sinfdoshlarimning hammasi bilan ahil bo‘lsam-da, ko‘proq partadoshim bilan fikrlashaman.

Hulkar Nizomova, Sergeli tumanidagi 285-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:

– Bilasizmi, nega o‘qituvchilar o‘quvchilarni partalarga joylashtirishda tibbiy ko‘rik daftarchasini ko‘zdan kechirishadi?! Ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan o‘quvchilar orqa qatorlarda o‘tirsa o‘zlashtirishga qiynalishi, sog‘lig‘ida ham jiddiy muammolar kuzatilishi mumkin. Chapaqay bolalarning sherigi partaning chap tomoniga o‘tqazilishi ham bejiz emas. Sababi, yozayotgan vaqtda yonidagi o‘rtog‘iga xalaqit bermasligi kerak. Odatda, maktabga ilk bor qadam qo‘ygan bolalarga o‘zlari istagan do‘stlari bilan birga o‘tirishiga ruxsat beriladi. Negaki, bola partada o‘zini qulay va xotirjam sezsagina darslarni yaxshi qabul qiladi, o‘qish unga zavq bag‘ishlaydi.

Partadoshlarning o‘zlashtirishi, tasavvuri va idroki o‘qituvchi tomonidan e’tiborga olinadi. Chunki ba’zi o‘quvchiga qish manzarasi yoki ko‘l tasvirini chizish vazifasi topshirilsa, buni ko‘z oldiga keltirolmagan o‘quvchida a’lochi sinfdoshining rasm daftariga qarab tasavvur uyg‘onadi. Agar siz qoniqarsiz baholar olayotgan bo‘lsangiz, bilimdon partadoshingizdan o‘rganib, safda biroz oldinroqqa o‘tib olishingiz osonlashadi. Shuning uchun ham o‘qituvchilar diqqatingizni tortish, doimiy orqa partada bekorchi ishlar bilan band bo‘lib o‘tiradigan bolalarni o‘qishga jalb qilish maqsadida ham joyingizni tez-tez o‘zgartirib turishlari kerak. Sinfdan yuqorilaganingiz sari ichki dunyongizga kira oladigan, bir xil fikrlaydigan do‘stingiz bilan yonma-yon o‘tirishni istaysiz. Faqat bu xohishingiz ustozingizning qarori bilan mos kelsa bo‘lgani.

Bu haqda psixolog bilan suhbatlashganimizda, o‘quvchining dars jarayonida faolligi, tafakkurining kengayishi ko‘p hollarda partadoshiga ham bog‘liqligi, noto‘g‘ri tanlangan partadosh o‘quvchida darslarga, bilim olishga nisbatan qiziqishni so‘ndirib, kamgap bo‘lib qolishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Shunday ekan, aziz o‘quvchi! Siz partadoshingiz haqida qanday fikrdasiz? Fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.