Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Puch soatlar

Esimda, bog‘chada vaqtimizni faqat o‘yinchoqlar o‘ynab o‘tkazganmiz. O‘shanda tezroq bo‘yimiz cho‘zilishini, maktabga borishni orzu qilganmiz. Ammo o‘quvchilik formasini kiygach esa darsga kechikib, o‘qituvchidan dakki eshitib, ba’zilarimizning kundaligimizdan “2”, “3”lar joy ola boshlagach, har qanday orzu, istak uchun mehnat qilish, intilish kerakligini angladik.

To‘g‘ri, orangizda zehnli, uquvli, vaqtini ilm olishga, hunar o‘rganishga sarflaydigan o‘quvchilar ko‘p. Biroq bugungi mavzuimizga maktab tadbirlari, bellashuvlaridan qochib yuradigan, vaqtini bekor o‘tkazadigan bolalarni qahramon qilib oldik. Va mavzuni ilmiy asoslash, maslahatlar olish uchun dastlab ruhshunos Gulnora opaga murojaat qidik. Demak, vaqtni qanday taqsimlash kerak?

 

Gulnora Nasriddinova, shifokor-ruhshunos:

Bosh miya surunkali bekorchilik bilan band bo‘laversa, dangasa, ishlamaydigan bo‘lib qoladi. Miyani o‘z o‘rnida qancha charxlasak, shuncha yangi neyron aloqalari paydo bo‘ladi. Buning uchun murakkab matematik amallarni bajarish shart emas. Shunchaki, oddiy to‘rt qator she’r yodlashning o‘zi kifoya.

2015-yilning eng kuchli to‘rtinchi avlod kompyuteri inson bosh miyasidagi bir soniyalik faollikni takrorlab ko‘rsatish uchun 40 daqiqa sarfladi. Ko‘rdingizmi, agar miyamiz imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalansak, yangi avlod kompyuter dasturlarini yaratishga ham qodirmiz.

 

Asadbek Qurbonboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi 15-maktabning 8-sinf o‘quvchisi:

Darsdan so‘ng maktabda qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qolib, charchab yana dars tayyorlash menga sira yoqmaydi. Do‘stlarim bilan qo‘shni mahallaga futbol o‘ynagani boramiz yoki velosipedda uchamiz. To‘g‘risini aytsam, kitob o‘qishga unchalik qiziqmayman. “Gulliverning sayohatlari”dan boshqa asar o‘qimaganman. Kelgusida dadamga o‘xshab tadbirkor bo‘lmoqchiman. Men tanlagan sohani egallash uchun fanlardan a’lo baholarga o‘qish shartmas, menimcha.

 

Nazira Mamatqulova, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi:

Asadbekning fikrlariga qo‘shilmayman. Tadbirkor bo‘lish uchun ham kishida bilim, uquv bo‘lishi kerak. Aks holda boshlagan ishlari kasodga uchraydi.

Har bitta o‘quvchi, albatta, o‘zi uchun kun tartibi tuzib olishi zarur. Unga jismoniy mashqlar, kitob o‘qish va qo‘shimcha mashg‘ulotlar kiritilgan bo‘lishi shart. Shuning uchun hozirda o‘qituvchilar bellashuvlar, tanlovlarga a’lochi, tashabbuskor o‘quvchilardan ko‘ra ko‘proq bilmasvoy, to‘polonchi bolalarni jalb qilishmoqda. Ehtimol, Asadbek ham maktabdagi tadbirlarga qatnashsa, nimalarga qodir ekanini aniqlab olar?! Kitob o‘qishni istamaydigan bolalarga maslahatim, a’lochi do‘stlaridan ovoz chiqarib mutolaa qilishni so‘rashsin yoki audio kitoblar sotib olishsin. Voqealar rivoji ularni albatta qiziqtirib qo‘yadi. Bu – tajribada sinalgan!

 

Lazizbek Rahimjonov, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 21-maktabning 7-sinf o‘quvchisi:

Qishloq joyda yashaganimiz uchun ham suv tashish, o‘tin olib kelish, qo‘y boqish kabi yumushlarni bajarishimizga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ko‘p-da vaqt ajratolmaymiz. Hatto, ayrim ota-onalar qizlarining oliy ma’lumotli bo‘lishlariga qarshi. “Qiz bola o‘qib shahar olib berarmidi?!” degan fikrda. Ular uchun qizlarining o‘qishga kirishidan ko‘ra non yopishni o‘rganishi muhimroq. Darsdan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulot va to‘garaklarga faqat kelgusida “Oliy o‘quv yurtiga kiraman”, degan bolalargina qatnashadi. Qolganlarning darsdan bo‘sh vaqti uy yumushlari bilan band. Pista chaqib yarim tungacha “Ko‘cha qorovuli” bo‘lib yuradigan tengdoshlarimiz ham talaygina...

Lazizbek to‘g‘ri aytyapti. Yaqinda mahallamizda tungi 22.00 larda uchastka noziri 3 nafar bezorini qo‘lga oldi. Achinarlisi, ular hali maktab o‘quvchisi. Bezorilar notanish xonadon derazasiga tosh otib qochishdi. Bolalarning kim ekanini aytib o‘tirmayman, ammo ular jinoyatning ilk belgilarini sodir etishdi. Yuzlari shuvut bo‘ldi, ota-onasini falon pulli jarimaga tushirishdi, xonadon egalariga tashvish orttirishdi... Yarim tunda bolalarning ko‘chaga chiqishiga ruxsat bergan ota-onalarga hayron qolasan, kishi. Agar bolalar vaqtlarini avvaldan to‘g‘ri taqsimlashganida, nojo‘ya harakatlar uchun vaqt yetmagan, uning o‘rnini bilim bilan to‘ldirishgan bo‘lardi.

 

Gulnora opa Ergasheva, uy bekasi, Barchinoy Umarqulovaning oyisi, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan:

Qizim Barchinoy tengdoshi Bahodir ismli bolaning og‘ir ruhiy holatga tushib qolib, ancha vaqt darslarga kelolmaganini, negadir jahldor, odamovi bo‘lib qolganini aytib keldi. Yaxshilab surishtirilsa, Bahodir kompyuterda jangari o‘yinlar o‘ynab, turli xil saytlarga uzluksiz kirish oqibatida ruhiyatida buzilishlar sodir bo‘lgan ekan. Bahodirga ruhshunosning ko‘magi kerak. Sog‘ joniga dard yopishtirib olayotgan bolalar kelgusida kim bo‘larkin?! Botir ismli bola esa sportchi bo‘lishni juda xohlaydi, ammo ota-onasi uni shifokor qilmoqchi. Botir kimyo mashg‘ulotlaridan qochib sport zaliga yuguradi. Fizika faniga yaxshi tushunmaydi. Uning aytishicha, o‘zini shifokor qiyofasida ko‘ra olmas ekan. U hozir bekitiqcha faqat sport mashg‘ulotlariga qatnayapti. Men Botirni qo‘llab-quvvatladim. Har holda u Bahodirga o‘xshab vaqtini o‘z zarariga ishlatayotgani yo‘q...

 

Dildora Bozorova, Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 80-maktab 7-sinf o‘quvchisi:

To‘g‘ri, maktabimizda qo‘shimcha darslar, fan to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Ammo shahardagi, tengdoshlarimizga havas qilamiz. Darsdan keyingi bo‘sh vaqtimda oyim bilan birga turli liboslar, pardalar tikamiz. Uch oy yozgi ta’tilda maktab formasi, o‘quv qurollari uchun pul jamg‘ardim. Hamma fanlardan umumiy bitta “universal” daftar tutib, darsda orqa partada rasm chizib o‘tiradigan, o‘tayotgan har bir kuni puch soatlardan iborat tengqurlarimga achinaman.

Ilm olish fursati bu – yoshlik. Yoshlikda vaqtni behudaga sovurganlarning hayoti relsdan chiqib ketgan poyezdni eslatadi. O‘ylab ko‘ring-a, bir sutkada 8 soat uxlasangiz, 6 soat darsda bo‘lsangiz, ovqatlanish uchun 3 soat ajratsangiz, boring, 2 soat boshqa zarur ishlar uchun vaqt sarflasangiz, 19 soat band bo‘lgan hisoblanasiz. Qolgan 5 soatimiz... Har kuni 5 soatdan vaqt zoye qilsak, 1 oyda 150 soatni bir yilda esa 1800 soatni uvol qilgan bo‘lamiz. Bu degani bir yilda 75 sutka umrimizni havoga sovurdik degani.

Unutmang, bo‘shliqlar o‘rnini illatlar egallaydi!

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.