Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Rostini aytsam...

Yozgi ta’tilda mazza qilib dam olayotgan Sherzod bir kun avval kechki ovqat paytida dadasining aytgan gaplarini o‘rtoqlariga tezroq yetkazgisi keldi. Nonushta qildi-yu, ko‘chaga chiqib ketdi. Mahalla bog‘chasi ro‘parasidagi katta tut tagidagi yog‘och o‘rindiqqa o‘tirganicha barcha o‘rtoqlariga telefon qildi. Ularni har doimgi yig‘ilishadigan joylariga chaqirdi. Bolalar yarim soatga qolmay yetib kelishdi.

– Nima gap, namuncha ertalabdan hovliqmasang? – dedi uyqusi ochilmagan Sarvar.

– Buncha uyquchi bo‘lmasang, yana yarim kechagacha kompyuterda o‘tirdingmi? – savolga savol bilan javob qildi Sherzod.

– Nima gap o‘zi, aytaqolsang-chi? – ichi qizidi Sanjarning.

– Bilasizlarmi, bolalar, kecha dadam “Hozir mamlakatda katta o‘zgarishlar bo‘layapti. Endi bundan buyon yolg‘on va’dalar berilmaydi. Bajarilmagan ishlarga bajarildi, deb hisobot tayyorlanmaydi. Birovning haqini birov tortib ketmaydi. Egri ishlarga chek qo‘yiladi. Ana shunda mamlakat rivojlanib, xalq boy bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarning hammasini davlatimiz rahbari aytibdilar. Dadam yana ko‘p gaplarni aytib berdilar. Lekin ularning hammasini birdaniga tushunmadim. Men bir narsadan cho‘chib ketdim. “Yolg‘on va’dalar berilmaydi” degan gaplaridan. To‘g‘risi, axir biz ham goh-gohida yolg‘on gapirib turamiz-ku. Kimda bo‘lmaydi deysiz.

– To‘g‘ri, hammamiz ham yolg‘on ishlatib turamiz, – deyishdi bolalar bir ovozdan.

Dilshod: – To‘g‘risi, ba’zida dadam va oyim buyurgan ishlarini qilgim kelmasa, “Uy vazifalarimga ulgurmayapman, darslarim ko‘payib ketdi”, deb yolg‘on gapiraman.

Sarvar: – Ota-onam telefon o‘ynab o‘tirganimni ko‘rib qolishsa, “O‘rtog‘imdan uyga vazifaning javobini tekshiryapman” deyman-da, yana o‘yinimni davom ettiraman. Negadir ular menga ishonishadi.

Zokir: – Bir kuni dadamning ish stoli tortmasidan 40 ming so‘m olib Elbek bilan G‘afur G‘ulom bog‘iga ketdik. Oyim va dadam ishda edilar. Opam oshxonada nimadir qilayotgandi, uydan chiqib ketganimni sezmay qoldi. Rosa arg‘imchoq uchib, qaytishda muzqaymoqxo‘rlik qildik. Kechqurun uyda pul yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. Hamma menga qaradi. Nima deyishni bilmay, “Hech kim yo‘g‘ida uyga kambag‘al, nogiron bir kampir kelib yordam so‘radi. O‘sha kampirga juda rahmim keldi-da, pul berib yubordim”, dedim va jazodan qutulib qoldim...

Baxtiyor: – Men bo‘lsam oshxonadagi elektr toki bilan ishlaydigan murch maydalagichga ul-bullarni solib maydalab ko‘rdim. Bir payt nima bo‘ldi-yu, ishlamay qoldi. U yer-bu yerini titib ko‘rdim, biroq tuzata olmadim. Asbobning ishdan chiqqani ma’lum bo‘lgach, bilmayman, deb turaverdim.

Sanjar: – O‘tgan yili yozda dadam “Hovlimizning past tomonidagi tomidan chakka o‘tayapti. Endi katta bola bo‘lib qolding. Tomlarni qanday moylaganimni ko‘rgansan. Qolaversa, tomga chiqib gilos, dovuchcha terishni ham boplaysan. Anavi ustaxonadagi bo‘yoq idishda quyulibroq qolgan bo‘yoq bor. Shuni tomning chakka o‘tgan qismiga surtib chiqqin”, dedilar. Men xo‘p bo‘ladi, dedim-u, esimdan chiqib ketdi. 2-3 kun o‘tgach, dadam “Nima qilding?” deb so‘rab qoldilar. Kech kirib qolgan edi. Dadam tekshirib o‘tirmaydilar-ku deb, “Moylab qo‘ydim” dedim. Xayolimda “Ertaga albatta qilib qo‘yaman”, deb o‘yladim. Lekin yana esdan chiqaribman. Kuz kelib o‘sha tomdan chakka o‘ta boshladi. Dadam menga qaradilar, men esa yerga... Borib bo‘yoq idishini ham tekshirib ko‘rdilar. Rosa izza bo‘ldim. Tuflim yirtilgani uchun yangi poyabzal olib bermoqchi edilar, olib bermadilar. “Bir-ikki marta suv o‘tadigan tuflida yurib ko‘rgin, zora esing kirib qolsa”, dedilar. Men esa kuzda tushlikka berilgan pullarimni yig‘ib tuflimni poyabzal ustaxonasiga olib borib yamatib, tiktirib keldim. Eski tuflida qolganim mayli, yoz bo‘yi oyog‘im o‘sib tufli kichkina bo‘lib qolgan ekan, oyog‘imni siqdi. Og‘riqqa zo‘rg‘a chidadim. Shundan beri dadam menga ishonmay qo‘ydilar. Biron ish buyursalar, ketidan albatta tekshiradilar.

Shu kuni bolalar bir ovozdan, endi yolg‘on gapirmaslikka bir-birlariga va’da berdilar.

 

Zahro HASANOVA

 

Tahririyatdan: Darhaqiqat, yolg‘onchilik haqida xalqimizning ajoyib hikmatli iboralari bor: “Yolg‘on – barcha yomonliklarning boshidir”, “Yolg‘onchining uyi yonsa ham hech kim ishonmaydi”, “Yolg‘on – odamni o‘zgalar oldida beburd qilib qo‘yadi”... kabi. Bugun siz kichkina deb ishlatgan yolg‘oningiz, ertaga kattalashib borib juda xunuk holatlarga olib kelishi mumkin. Yolg‘onchilikning kattasi esa nafaqat o‘zingizga, balki oilangizga, jamiyatga, mamlakatimizga ham zarar keltiradi. Aqli raso insonlar esa yolg‘on so‘zlashdan hamisha o‘zlarini tiyib yuradilar.

Siz yuqorida bir nechta tengdoshingizning tan olgan yolg‘onlari haqida o‘qidingiz. Lekin ular o‘zaro suhbat so‘ngida qilmishlaridan ko‘p pushaymon bo‘lishdi. Siz-chi, aziz muxlislar, siz ham yolg‘on ishlatib turasizmi? Uning oqibatlari sizni qay ko‘ylarga solgan? Balki jurnalxonlar bilan o‘rtoqlasharsiz. Shular haqida bizga yozib yuboring. Xatlaringizni kutamiz.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.