Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tuhmatning ogʻir toshi

Tahririyatdan: Jurnalimizning 2019-yil 9-sonida “Kim aybdor?” deb nomlangan mulohazali voqea chop etilgach, mavzu yuzasidan tahririyatga bir nechta maktub keldi. Maʼlumki, oʻqituvchi bilan oʻquvchi, ota-ona va farzand, maktab rahbari va oilalar oʻrtasida baʼzan uchrab turadigan kelishmovchilik, tushunmovchiliklar atrofdagilarning kayfiyatiga, ustozlarning ish faoliyatiga, oʻquvchilar ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Tantiq, manman, oʻqituvchini mensimaydigan, oʻzini hammadan zoʻrman, deb oʻylaydigan ayrim bolalar maktabda, sinfda sodir boʻlayotgan voqealar haqida oʻz ota-onalariga notoʻgʻri maʼlumot beradilar. Ular yolgʻon aralashtirib aytganlari nojoʻya oqibatlarga olib kelishini bilmaydilar. Yaʼni natijasini oʻylamay toʻqilgan yolgʻonlar oʻqituvchi va ota-onani, maktab va oilani bir-biriga qarama-qarshi qilib qoʻyishini tasavvur qilmaydilar.

Jurnalimizga Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanidan kelgan yuqoridagi voqeaga oʻxshash mavzudagi maktub ham bizni oʻylantirib qoʻydi. Xat muallifining ism-sharifi, maktabi va sinfini koʻrsatmadik. Lekin oʻylaymizki, ushbu maktub yolgʻonchi, oʻz manfaati uchun atrofidagi sinfdoshlari va ustozlarini xafa qilishdan tap tortmaydigan bolalarni biroz oʻylab koʻrishga, mulohaza yuritishga undaydi. Qolaversa, salbiy nuqsonlari bor oʻquvchilarni tarbiyalash, oʻrni kelganda aybsiz aybdorlarni himoya qilish hammamizning burchimizdir. Xat muallifiga esa kuyunchakligi va atrofidagi voqea-hodisalarga befarq emasligi uchun rahmat deymiz. Adolatni koʻra bilish qobiliyati hammaga ham nasib etavermaydi. Uni yuzaga chiqarish esa faqatgina dadil va jurʼatli insonlar tufayligina amalga oshadi.

 

Sinfimizda oʻqituvchilardan eng koʻp gap eshitadigan bir qiz bor. Maktab formasi kiymaydi, oʻquv qurollari chala, yuqori sinf boʻlishiga qaramay tez-tez dars qoldiradi. Lekin choʻntagida doim meʼyoridan ortiq puli bor. Kunlarning birida oʻquvchilar bu haqida sinf rahbarini xabardor qilishdi. Ustoz undan pulni qayerdan olganini soʻradi. U yolgʻon javob qaytardi. “Puling menda turadi, onangga qaytarib beraman”, dedilar ustoz.

Ertasi kuni maktabga qizning onasi vajohat bilan kelib, oʻqituvchimizga tuhmat toshlarini yogʻdirdi. Onasining soʻzlarini batafsil yozishga qoʻlim bormadi. Lekin koʻrinib turibdiki, qiz onasiga voqeani butunlay boshqacha yetkazgan. Oʻqituvchimiz qizning onasiga bu holat doim takrorlanib turganini, shunday davom etsa, oqibati yomon ahvolga olib kelishini aytib, tushuntirishga harakat qildilar. Lekin onaning qulogʻiga gap kirmasdi. U tinmay ustozga malomat toshlarini yogʻdirardi. Shu topda oʻquvchilar oldida mulzam boʻlib borayotgan ustozimizga rahmim keldi... Chunki bu janjalkash ayolga bas kelish qiyin edi. Nahotki, qiziga koʻz nuri, qalb qoʻrini sarflab bilim bergan oʻqituvchining mehnatiga javobi shu boʻlsa, degan savol meni qiynab yubordi. Qizining tarbiyasizligidan, qilgan ishlaridan uyalish oʻrniga, maktabga kelib janjal koʻtarib yursa-ya. Axir xalqimizda “Ustoz otangdan ulugʻ” degan ibratli naql bor-ku.

Qadrli tengdoshlar, bu voqeaga siz nima deysiz? Shoyad, yozganlarim jurnalda chop etilsa, ona-bola uyalganidan ustozimdan kechirim soʻrashsa...

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.