Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ukamga xatlar

“Oltin tarvuzcha”

Ukajon, esingdami, sen hali bog‘chaga boradigan paytlaring, o‘qishni bilmaganing uchun ertak kitobingni “o‘qib bering” deb, ketimdan yuraverarding. To yangi ertakni eshitmaguningcha holi-jonimga qo‘ymasding.

Usti zangori tusli “Oltin tarvuz” nomli kitobchang hanuz ko‘z oldimda. Harflarni o‘rganib olgach esa, maktabga boraman deb, turib olding. Yetti yoshga to‘lib ulgurmagan bo‘lsang ham qo‘shnimizning o‘gli Ilhom bilan maktabga birga chiqadigan bo‘lding. Birinchi marta “Faxriy yorliq” olib kelgan kuningni eslayman. O‘zingdan katta sumkangni opichib olib, erishgan ilk yutug‘ingni bizga ko‘rsatib maqtanish uchun yuguribmas, uchub kelarding. Onajonim “besh”lar qatorlashib turgan kundaligingga huzur bilan imzo chekarkan, men ham sendek a’lochi ukam borligidan g‘ururlanib qo‘yardim.

Bir gal maktabimiz bo‘yicha 5-sinflar o‘rtasidagi ona tilidan insholar tanlovida ham, matematika musobaqasida ham g‘olib bo‘lib, ustozlaringni shoshirib qo‘yding. Xullas, oyim bilan men qolib kelajakda sening qaysi kasbni tanlashingni muhokama qilardik.

Bu orada oyim betob bo‘lib qoldilar. Dadam har kun kasalxonaga qatnaydigan bo‘ldi. Oyimning xastaligi jiddiylashgach, Viloyat tibbiyot birlashmasiga o‘tkazishdi. Men uy yumushlari, darslarim, oyim bilan ovora bo‘lib senga e’tibor berolmay qoldim.

Bir kuni “Mustaqil ish” daftaringni, kundaligingni ochib ko‘rib, o‘tirgan joyimda qotib qoldim. Bugun ham uchta a’lo baho olibsan. Uy vazifalaring tayyorlangan, sumkangga bir burda non bilan jiyda solib qo‘yibsan.

Men esa seni allaqachon davomating ham, baholaring ham pasayib ketgan, degan xayol bilan ich-etimni yeb yuribman. Eh, bilsayding o‘shanda seni qanchalar yaxshi ko‘rib ketganimni... Usting ochilib uxlab yotgan joyingda peshonangdan o‘pib, ko‘rpachangni yopib qo‘ydim. Shu-shu men seni “oltin tarvuzcham”, deb erkalaydigan bo‘ldim.

 

O‘qilmagan kitob

Oradan yillar o‘tib, maktabni bitirib institutga o‘qishga kirdim. Tahsilning birinchi yili men uchun og‘ir kechdi: bir tomondan oyimning sog‘lig‘ini o‘ylasam, ikkinchi tomondan sizlarni sog‘inardim.

Intiqib kutilgan ta’til kunlari yetdi-yu sizlar tomon oshiqdim. Oyimga nimcha, dadamga telpak, senga esa kitob oldim. Uyga borib ko‘zlarimga ishonmayman, o‘tgan besh oy davomida ancha ulg‘ayibsan, bo‘ying cho‘zilib qopti. Biroq ta’til davomida meni tinch qo‘ymayotgan qarama qarshi o‘ylar, ikkilanishlar dilimni g‘ashlayverardi. Chunki kelganimdan beri dars qilayotganingni ko‘rmadim. Kechki ovqatni yeb bo‘lgach, ko‘chaga chiqib ketasan, allamahalgacha g‘oyib bo‘lasan. Maktab sumkangni ancha qidirib, kiyimlar turadigan javondan topdim. Ichida esa... ichida bittagina daftar – bir tomoniga kimyodan, ikkinchi tomoniga ona tilidan mashg‘ulotlar yozilgan. Kundaligingni esa topolmadim.

Erta-yu kech qulog‘ingda naushnik, bir nima so‘rasam eshitmaysan ham. Tinglayotgan qo‘shiqlaringga diqqat qilsam allaqanday xorij tiliga xos ko‘cha musiqalari. Nigohlaring televizor kanallarida sargardon.

Bu yil 9-sinfni bitirasan. O‘qishga kirishga foydasi tegar, deb senga olib kelgan kitobim haliyam telefon turadigan stolda yotibdi. Men uni stipendiyamdan bir amallab orttirib, seni xursand bo‘lar, deb sotib olganimni qayoqdanam tushunarding.

 

“Nur borki, soya bor”

Ukajon, senga yozayotgan bu maktubimni o‘qiysanmi, yo‘qmi, buni bilmayman. Axir bir zamonlar ertak eshitmay uxlolmaydigan, daftar-kitoblarini o‘zi jildlab oladigan, maktabga sira kechikmaydigan, har chorakni “besh”lar guldastasi bilan yakunlaydigan a’lochi ukamni yo‘qotib qo‘ydim. Oyim ikkimiz seni kelgusida huquqshunos bo‘lishingni orzu qilardik. Dadam esa “yo‘q, o‘g‘lim Hakim chilangarning o‘g‘liga o‘xshab diplomat bo‘ladi”, derdi astoydil orziqib.

Kecha mahalla noziri Abdukarim aka seni va do‘stlaringni mahalla uchastkasiga chaqirib, so‘roq qilgandan beri halovatim yo‘q. Hidoyat xolaning tovug‘i, Nosir amakining bir xalta bug‘doyi yo‘qolganmish... Nahotki! Nahotki endi... yo‘q, yo‘q, bilaman, bu ishni sen qilmagansan, buni ich-ichimdan sezyapman. Bu voqeani oyimga bildirmadik, dadam ikkimiz bir hovuch bo‘lib o‘tirganimizni ko‘rib, ezilib yurding. Dadam “bemahal ko‘chada yurgan odamning gardaniga ana shunday balolar osilaveradi, o‘g‘lim”, dedi “uh” tortib.

“Dada, yozgi ta’tilda kelolmayman, shaharda qolib ishlamoqchiman, harna oilamizga yordam bo‘lar. Xafa bo‘lmang, kelgusida ham o‘g‘il, ham qiz bo‘lib niyatlaringizga yetkazaman,” – dedim senga achchiq qilib. Ko‘zlaring javdirab xonangga kirib ketding. Shu-shu sen bilan uch kun gaplashmadik.

Xayriyat, ta’tilim tugaguncha o‘g‘ri topildi. Qo‘shni qishloqqa yaqinda ko‘chib kelgan kishi ekan, qo‘lga tushibdi.

Ketadigan kunim sizlar bilan xayrlashib, avtobusga o‘tirgach, negadir yig‘lagim keldi. Dastro‘molimni olish uchun sumkamni ochsam, ichida bir dasta pul. Yonida buklangan qog‘oz ham solingan.

“Opa, iltimos, xafa bo‘lmang, do‘stlarim bilan kechqurunlari uylarni ta’mirlab, pul yig‘ayotgandim, axir siz shartnoma asosida o‘qiysiz, oyim betob. Dadamning bir o‘zi qiynalmasin, dedim. Ishlashimga baribir ular ruxsat berishmasdi. Kitob o‘qishga esa vaqt orttirolmay qoldim. Yozda kelguningizcha, qolib ketgan hamma darslarimning o‘rnini to‘ldiraman. Shaharda qolib ishlashni xayolingizdan chiqaring.

 

O‘qishlaringizga omad

tilab, ukangiz.

 

Ko‘ksimni havoga to‘ldirib nafas oldim. Shuning barobarida yuragimga og‘irlik qilib yotgan nadomatlarim bari bir nafasda chiqib ketganday yengil tortdim. Yozgi ta’tilda kelganimda esa xushxabar eshitdim: sen yuridik kollejga imtihon topshirish uchun xonangdan chiqmay tayyorlanayotganmishsan.

Javonda paydo bo‘lgan yangi kitoblarni ko‘rib ko‘nglim yorishdi. Ular orasida men senga sovg‘a qilgan O‘tkir Hoshimovning “Nur borki, soya bor” asari ham bor edi.

 

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.