Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ularga ishondik

Ko‘p qavatli uylar orasidan o‘tib ketayotgandim. Garajlar yonida maktab formasidagi 5-10 o‘quvchiga ko‘zim tushdi. Ularning turishlari bejo. O‘rtada, kichikroq bo‘yli bolani ikkitasi qo‘lidan ushlab olibdi. Bittasi unga qattiq-qattiq gapiryapti. Men to ularning yoniga yetib borgunimcha, uning yelkasiga musht tushirib qoldi.

– Hoy, bola, nega o‘rtog‘ingni uryapsan? – dedim jahl bilan.

– U bizga o‘rtoq emas. Biz u bilan o‘rtoq bo‘lmaymiz. U ham, anavi panjara ustida turgan bola ham g‘irt to‘polonchi, dangasa. Bugungi qiliqlari judayam oshib tushdi. Ustozga gap qaytarishdi, haqorat qilishdi, – chuvillashdi bolalar baravariga. – Ularni sinfimizda o‘qishini xohlamaymiz.

Shu gapdan so‘ng panjara tepasida turgan bola ham sakrab pastga tushdi. Lekin davraga yaqinlashmadi. Joyida turaverdi.

– Kim o‘zi bu bolalar?

– Bunisi Egamnazarov, anavi panjaradan sakrab tushgani Matyoqubov.

– Shunday chiroyli bolalar to‘polonchimi?

– To‘polonchi, ikkichi. Sinfimizda o‘qishmasin ular, – bir ovozdan dedi bolalar.

– Shoshilmang. Bunday qilamiz. Men ertaga sinfingizga kiraman. Ustozingizdan bor gapni bilib olaman. Keyin ular haqida suratlari bilan jurnalda yozamiz.

– Yo‘q-yo‘q, – boyadan beri miq etmay turgan Egamnazarov tilga kirdi, – endi sirayam to‘polon qilmaymiz. Hoziroq ustozning uylariga borib kechirim so‘raymiz, – u yig‘lab yubordi. Panjaradan sakrab tushgan Matyoqubov ham o‘rtog‘ining yoniga borib, boshini egdi.

– Kechiringlar, – dedi u pichirlab. Sinfdoshlari Egamnazarovning qo‘lini qo‘yib yubordi. Bolalar asta ulardan uzoqlashdi. Nazarimda, ularga ishonishdi. Men ham ishondim. Shu bois bolalarning familiyasini o‘zgartirib yozdim. Balki bunday bolalar sizning sinfingizda ham bordir? Ular haqida yozib yuboring.

 

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.