Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uyquchi – ikkichi

Orangizda uyquni yaxshi ko‘radigan, darsga kechikib, ustozidan dakki eshitadigan, nonushtasiz, darsliklarini chala-chulpa papkaga joylab, ust-boshiga ham qaramasdan maktabga keladigan o‘quvchilar uchrab turadi.

Xo‘sh, erta turish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz? Buning yo‘li oson. Birgina oddiy misol yordamida buni tasniflashga harakat qilaylik. Deylik, siz har kuni ertalab soat 7: 00 da uyqudan uyg‘onasiz. Endi shu vaqtni oldinga surib, qo‘ng‘iroq jiringlashini 6: 00 ga ko‘chirsak. Bir soat ichida odam ko‘p narsaga ulgursa bo‘ladi. Masalan, siz uyquda bir soniyadek o‘tib ketadigan vaqt davomida kitob o‘qishingiz, ertalabki badantarbiya bilan shug‘ullanishingiz mumkin. Tongda kitob o‘qish uyquni o‘chiradi hamda xotirangizda yaxshiroq saqlanib qoladi. Mutolaa mashqlari miyaga kislorodning yetib borishi hisobiga tanangizda qon aylanishini yaxshilaydi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar bir kunda 20 soatlab uxlarkan. Ulg‘aygan sari uyqusi kamayib, o‘ynashga, atrofdagilar bilan muloqotda bo‘lishga ham vaqt sarflaydi. Maktabga bora boshlagach, dars tayyorlash, uy yumushlarini bajarish kabi vazifalar yuklanadi. Shunday vaqtlarda me’yoridan ortiq uxlash dangasalik, loqaydlik kabi odatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘larkan. O‘smir yoshdagi bolalar bir kunda 8 soat uxlashi lozim. Ba’zida o‘qiyotgan kitobimizga qiziqib yoki yumushimizni tugatish uchun ham yarim tungacha qolib ketamiz. Kam uxlasam ham ishimni ertaga qoldirmadim, har kuni bitta kitob o‘qidim, desak adashamiz. Ortiqcha narsalarga chalg‘ib kam uxlagan kishida har doim quvvatsizlik, charchoq kuzatilarkan. Organizm zaiflashib, darsdagi faolligi kamayadi. To‘g‘ri, uyquchilikdan qutulish oson emas. Buning uchun bir nechta mashqlarni bajarib, ularga rioya qilsangiz, qisqa muddatda erta uyg‘onib, maktabga kechikmaydigan o‘quvchiga aylanasiz.

Uyqu borasida ikkita yondashuv bor. Aksariyat kishilar erta turmoqchi bo‘lsa, kechqurun vaqtliroq uxlaydi. Ba’zilar esa qachon va qancha uxlash kerakligini o‘zi biladi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, uyqu kelgandagina uxlashingiz kerak va bunda uyquga to‘yganingizdan qo‘ng‘iroqsiz ham uyg‘ona olasiz. Kech uyquga yotgan bo‘lishingizga qaramay, ertalab belgilangan vaqtda turishni odat qiling. Ertasiga kunduzi charchasangiz ham sabr qiling. Bir-ikki kun shunday davom etsa, qarabsizki, bundan keyin kechqurun 21-22 larda uyqu sizni tabiiy ravishda o‘z domiga tortadi. Chunki vujudingiz o‘ziga qancha uyqu kerakligini biladi.

Soatingiz qo‘ng‘irog‘ini tonggi 6: 00 ga to‘g‘rilab, qo‘lingiz yetmaydigan joyga qo‘ying. Shunda siz qo‘ng‘iroq chalinganda yoqimsiz ovozdan qutulish uchun o‘rningizdan turib soatni o‘chirishga majbur bo‘lasiz. Oradagi masofa uyqungizni biroz tarqatadi.

Barvaqt uyg‘onish uchun xonadagi yorug‘likka ham e’tibor bering. Agar havo bulut bo‘lsa yoki xonangizga yetarlicha yorug‘lik yetishmasa, elektr chiroqlaridan foydalaning.

Tetiklashishda odatdagi gigiyena vositasi bo‘lgan tish pastasining ham o‘rni bor. Uning ta’mi, hidi va og‘iz bo‘shlig‘ining biroz sanchishi uyqungiz o‘chishiga yordam beradi.

Iloji bo‘lsa, ko‘zingizni ochishingiz bilan bir stakan iliq suv iching. Suv tanangiz uchun haqiqiy uyg‘otuvchi vazifasini bajarib, hazm qilish jarayonini ishga tushiradi.

Agar har kuni ertalab 6: 00 da turaman, deb o‘zingizga va’da bersangiz va shunga so‘zsiz amal qilsangiz, vujudingizda shunga ko‘nikma hosil bo‘ladi. Endi u ertalab soat oltida turish kerakligini biladi. 30 kun davomida shu odatlarga qattiq rioya qilsangiz, u siz bilan bir umrga qoladi.

 

Iroda UMAROVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.