Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yolg‘on so‘zning yaxshisi bo‘ladimi

Buncha kech qaytmasang, qizim? Axir, buvingni tobi yo‘qligini bilasan-ku. Hamma ishga o‘zim ulgurolmayapman.

– Oyijon, Nilufar yiqilib, qo‘lini sindirib oldi. Uyiga kuzatib kelyapman, – dedi Malika doimgi yolg‘onlaridan birini ishlatib. Aslida bugun Nilufarnikiga o‘ynagani borgandi.

– Voy, sho‘rlik, uyda kattalardan kimdir bor ekanmi? Shifokorga olib borishgandir? – tashvishlanib so‘radi oyisi.

– Ha, olib ketishdi. Nilufar rosa yig‘ladi.

Nargiza opa qizining gaplariga butunlay ishondi. Bir tarafdan dugonasiga g‘amxo‘rlik qilgani uchun qizidan xursand ham bo‘ldi.

* * *

– Nega birinchi soatdagi darsga kelmading? – kechikkan Malikani savolga tutdi ustoz. – O‘tgan hafta “Boshqa qaytarilmaydi”, deganding-ku, qizim.

– Kechiring, ustoz. Qo‘shnimiz Adolat opaning nabirasiga qarab turdim. Oyisi anchadan beri shifoxonada. – Navbatdagi yolg‘on qanday og‘zidan chiqqanini o‘zi ham sezmay javob berdi Malika.

– Unday bo‘lsa, mayli. Boshqa bunday kechikma. O‘tiraqol, – ruxsat berdi ustozi.

Har gal yolg‘on gapirib aybini berkitaverib, Malika bora-bora qachon rost gapirayotgani-yu, qachon yolg‘on so‘zlayotganini ham sezmay qoldi. Oxirgi paytlar bu yolg‘onlari oshkor ham bo‘la boshladi.

– Nega meni aldading, qizim? Nilufarga hech nima bo‘lmagan ekan-ku, bugun oyisini ko‘rib qolib, ahvol so‘ragandim, uyalib qoldim. Eng yomoni – endi yolg‘oningni ular ham bilishadi.

Malika yana darsga kechikib o‘zini oqlash uchun og‘iz juftlagandi, ustozi gapirtirmadi.

– Yana qaysi qo‘shning kasal? Adolat opoqing oyimning dugonasi bo‘ladilar, seni deb izza bo‘ldim. Boshqa yolg‘on gaplaringga ishonmayman.

Malika bu so‘zlardan keyin mulzam bo‘lib, jim qoldi. Tanaffusda sinfdosh dugonalari “yolg‘onchi” deb masxaralashdi. Eng yaqin o‘rtog‘i Nilufar kelmagani uchun hech kim uning yonini olmadi. Malika uyiga yig‘lab qaytdi va ertasiga ham, indiniga ham maktabga bormadi.

Nilufar Malikaning darsga kelmaganidan xavotirlanib uyiga bordi.

– Maktabga borgim kelmayapti, – dedi Malika o‘rtog‘ini eshitmay. – Ustoz meni yomon ko‘radi, sendan boshqalar yolg‘onchi, deb ustimdan kulishadi.

– Ustoz seni juda yaxshi ko‘radilar. Ular bizga yaqin joyda turishadi. Doim oyimga seni maqtaydilar, menga o‘rnak qilib ko‘rsatadilar. Faqat xatoingni boshqa takrorlamasligingni xohlaydilar, xolos. Buvijonim doim “Yolg‘on gapirish gunoh, bolam. Boshingga qilich kelsa ham rost gapir”, deydilar. Sinfdosh qizlar ham seni so‘rashyapti. Tezroq safimizga qayt va boshqa yolg‘on gapirma.

Bu gaplarni eshitgan Malika juda xursand bo‘lib ketdi. U endi hech kim men bilan o‘ynamaydi, ustozim kechirmaydi, deb o‘ylagandi. Yolg‘on gapirgani uchun ich-ichidan pushaymon bo‘lib, nima qilishni bilmay yurgandi.

Sinfga qadam qo‘yar ekan, dugonalari uni o‘rab olishdi. Chunki Nilufar kecha ularni Malika yolg‘on gaplaridan xijolat chekib, kasal bo‘lib qolibdi. Biroq sizlarni rosa sog‘inibdi, ertadan darslarga chiqadi va boshqa yolg‘on gapirmaydi, deb ishontirgandi-da.

Muallifdan: To‘g‘ri, yolg‘on – yomon. Ammo u ezgulikka xizmat qilsa, rost so‘z kabi foydali bo‘ladi.

 

Gulchehra MATYOQUBOVA

 

 

Tahririyatdan: Yuqorida keltirilgan voqeani siz qanday baholaysiz? Muallifning fikriga qo‘shilasizmi? Javoblaringizni kutamiz.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.