Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Adarko‘l sohillarida

  • Rukn: Nigoh
  • 120 marta ko‘rilgan

Respublikamizning Jizzax viloyati hududida joylashgan Aydarko‘l ko‘plab suv havzalaridan iborat bo‘lib, tabiati mo‘tadil. Bu yerda erta tongdan qushlarning shovqin-suroni jaranglaydi. Ayniqsa, saqoqushlar ovozi olis-olislarga sado beradi. Biz sohil bo‘ylab borarkanmiz, suv qushlari boshimiz uzra charx uradi. Qushlarning ko‘pligi va turli-tumanligi aqlni shoshiradi. Ko‘lda qorabuzov, oqbosh o‘rdak, qashqaldoq, qirg‘ovul kabi o‘troq qushlarni ham, ko‘chib yuruvchilarini ham uchratish mumkin. Ilgari ko‘lda qorabuzov va chag‘alaylar barmoq bilan sanarli edi. Ekologiya yaxshilangani bois ular soni ko‘paydi. Ular suvda gala-gala bo‘lib, tovushsiz harakat qiladi, suvning tebranishidan o‘ljasini oson topadi. Qushlar yana qirg‘oqdagi o‘simliklar va don-dunlar bilan ham oziqlanadi.

Sohilning qalin chakalakzorlarida tovuqsimonlar turkumiga kiruvchi qirg‘ovullar ko‘zga tashlanib qoladi. Xo‘rozining ko‘z atrofi qizg‘ish, boshi ko‘k rangda, bo‘ynidagi oq hoshiya bu rangni yanada yorqin ko‘rsatadi. Tanasining yarmidan ortig‘i dum. Qirg‘ovulning makiyoni xo‘roziga nisbatan ko‘rimsiz. Tanasining usti qum rangida bo‘lib, qo‘ng‘ir dog‘lari bor. Tez yuguradi.

Aydarko‘lda qishda ham suv muzlamagani uchun sovuq tushishi bilan Uzoq Sibir va Ural ortidan gala-gala qushlar uchib keladi. Saqoqush, qorabuzov, oqbosh va olaqanot o‘rdaklar, oqpeshona va qiziltomoq g‘ozlar, oqqush hamda turnalar bir-biri bilan o‘zaro xabar almashib, ozuqa mo‘l joylarni topishadi.

Yirtqich qushlar – oqdumli suvburguti hamda suvqirg‘iylar o‘tkir ko‘zli ayyor “ovchilar”dir. Ular suvga xuddi yashindek tushib panjalari bilan baliq tutib oladi.

Kulrang g‘oz nodir parrandalardan hisoblanadi. Uchish oldidan biroz yugurib, so‘ngra havoga ko‘tariladi. Ustki qismi kulrang, qorin tomoni oq patlar bilan qoplangan, tumshug‘i esa qizil rangda. Panjalari pardali bo‘lganidan suvda tez va yaxshi suzadi. Qamishli havzalarda uchraydigan yovvoyi va ko‘k g‘ozlar bu yerga qishlash uchun keladi.

O‘rdaksimonlar turkumiga kiruvchi churrak yuvvosh, odamdan cho‘chimaydi. Tashqi ko‘rinishi kulrang. Sekin harakatlanadi. Ammo suvda tez suzadi. Chuqurga sho‘ng‘ishi, suv tagida uzoq tura olishi bilan boshqa qushlardan farq qiladi.

Aydarko‘lda baliqxo‘r qushlarning yigirmaga yaqin turi mavjud. Sovuq tushishi bilan shimoldan uchib kelgan qushlar biroz dam olib, oziqlanib kuch to‘plagach janubga uchib ketishadi. Shunda Aydarko‘l sohillarida qishki osoyishtalik boshlanadi.

 

Abdulla SAIDOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.