Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Afsonaga yondosh manzillar

  • Rukn: Nigoh
  • 614 marta ko‘rilgan

Siz ta’tilda paytingizda bo‘sh o‘tirmaylik, deb biz tahririyat xodimlari ham olis viloyatlarga safarga otlandik. Birimiz Samarqand, birimiz Sirdaryo, yana birimiz Qashqadaryo sari... Men esa siz bilan afsonaviy Xiva haqidagi hayajonlarimni bo‘lishmoqchiman.

Vo ajab, bu yerda bemalol ertak-kinofilm suratga olsa bo‘ladi. Bir necha yuz yillik “jonli dekoratsiyalar” xayol bilan haqiqatni uyg‘unlashtirib yuboradi. O‘ylaymanki, Xivaning Ichan-qal’a yodgorligi bo‘ylab qiladigan sayohatimiz sizni zeriktirib qo‘ymaydi.

Qo‘sh minorali ulkan Ota darvoza Ichan-qal’aning kirish darvozasi sanaladi. U har yili minglab sayyohlarga mezbonlik qiladi. Ertaklar saltanatiga yo‘l mana shu yerdan boshlanadi. Dastlab Xorazmning timsoli bo‘lmish feruza rangli koshin bilan bezatilgan haybatli minora qarshingizdan chiqadi. Bu minorani teleekran orqali ko‘p bora ko‘rgan bo‘lsam ham uning tarixi haqida eshitmagan ekanman. Mehmonlarni bino fonida suratga olib turgan Shokir amaki bu haqda hikoya qilib berdi.

Rivoyat qilishlaricha, uni qurayotgan me’mor mashriqda tengsiz bo‘lib, eng uzun minorani qurishi kerak bo‘lgan. Ushbu san’at asari, yana takror boshqa yerlarda qad ko‘tarmasligi uchun usta ishini yakunlagach, qo‘llari kesib tashlanishi reja qilinibdi. Bu sirdan xabar topgan usta ishini chala qoldirib, olis yurtlarga ravona bo‘libdi. Uning ishini davom ettirishni hech kim uddalay olmabdi. Shundan so‘ng yarmi bitmay qolgan obida Kaltaminor nomini olibdi. Ehtimol uning bor sinoati shundadir?! Aks holda uni ko‘rish uchun sayyohlar dunyoning narigi burchagidan u tomon talpinmagan bo‘lardi. Aslida esa 1855-yilda xonning vafoti tufayli minora qurilishi to‘xtatilgan.

Nati va Laura Ispaniyaning Lugo shahridan kelishibdi. Laura iqtisodchi, Nati o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Ular Xivaga ikkinchi bor kelishi. Nati o‘zining hayajonlari va taassurotlarini o‘quvchilari bilan bo‘lishadi. Unga “Gulxan” jurnalida ishlashimni aytganimda xursand bo‘lib, elektron pochta orqali o‘quvchilarining hikoyalarini yo‘llashini aytdi.

Sayyohlik yo‘nalishi bo‘ylab tuzilgan qator savdo rastalarini kulolchilik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, milliy liboslar namunalari to‘ldirgan. Keling, sayohatni Musiqa tarixi muzeyidan boshlaymiz. 1905-yilda qurilgan Qozi Kalon madrasasi hududida joylashgan muzey sayyohlar bilan gavjum. Mumtoz musiqa san’ati darg‘alarining cholg‘u asboblari, tarixiy suratlari va ijodiy ishlari shu dargohda saqlanadi. Mo‘jaz hovli etagida muqaddas quduq joylashgan. Aytishlaricha, kimda-kim quduqdan suv olib ichsa va unga qarab tilagini so‘rasa, albatta, amalga osharkan.

Galdagi ziyoratimiz 1832-yilda qurilgan Tosh hovli saroyi tomon bo‘ladi. Saroylarni kinofilmlarda ko‘p ko‘rganman, ammo haqiqiy Xon saroyini ko‘rish... Xorazm xoni Ollohqulixon Tosh hovlini labirint usulida qurdirishni istaydi. Saroyning loyihasini ham shaxsan o‘zi tuzib beradi. Saroy yo‘lboshchisining aytishicha, hujralar oralab yurib, yo‘lingizdan adashib qolishingiz hech gap emas. Takrorlanmas, mahobatli, ammo bir-biriga yondosh sanoqsiz hujralar haqiqiy labirintning o‘zginasi. Shuning uchun ham Ollohqulixonni me’morxon deb ham atashgan. Bu yerda yana xalq orasida Feruz taxallusi bilan tanilgan Muhammad Rahimxon II ga rus podshosi Aleksandr I ning 1876-yilda sovg‘a qilgan foytuni ham saqlanadi. Russiya podsholigining in’omi Turkmanistonning Chorjo‘y viloyati orqali Xorazm xonligiga yetib keladi.

Ota darvoza bilan Polvon darvozani tutashtiruvchi yo‘ldan chapga yurganda, Mahorat maktabi hunarmandlar majmuasi joylashgan. Ammo quyidagi hujralardan birida temirchilarning bir maromda qizigan temirga bolg‘a urishlari diqqatimni tortdi. Ko‘mir hidi anqib yotgan issiq va dim hujrada Arkaboy ota Ibodullayev o‘g‘li Xudoyberganga temirchilik mahoratini o‘rgatmoqda. Xudoybergan temirchilarning beshinchi avlodi. Arkaboy ota yetmish yildan buyon shu ustaxonada misdan qumg‘on, oftoba, qozon, samovarlar yasaydi. U yaratgan buyumlar chet ellik sayyohlar uchun Xiva sayohatidan nodir esdalik. Hikoyamiz avvalida biz tilga olgan Nati va Laura Arkaboy otadan lagan va qumg‘on sotib olishdi. Ota uncha-buncha inglizcha so‘zlashni o‘rganib olgan. Aytgancha, sizga tuyalar haqida gapirmabman-ku. Xivaning mahobatli maqbara-yu minoralari oralab borayotgan tuyalar Buyuk Ipak Yo‘lining aks-sadosidek tuyuldi, nazarimda. Darvoqe, Xorazmni tuyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Har gal Xivaga borganimda Matyoqub akadan qo‘g‘irchoq sotib olaman. Ichan-qal’adagi “Alibobo va qirq qaroqchi” savdo rastasi Matyoqub akaga tegishli. Mana 24 yildirki, u kishi milliy qo‘g‘irchoqlar orasida.

– Oilaviy ustaxonamiz bor. U yerda yuzlab Qosimlar, Ali bobolar, qaroqchilar, kaniz Marjonalar yaratilib, do‘konimiz tomon oshiqadi, – deydi usta.

Matyoqub akaning do‘konidan sal tepaga yurganda Nurposhsha opaning kutubxonasi joylashgan. Yo‘g‘-e, aslida tarixiy hujjatlar, me’moriy san’at yodgorliklari, badiiy muzeylar haqida barcha ma’lumotlarni jamlagan kutubxona. Nurposhsha opa Niyozmetova bu yerda kutubxonachi bo‘lib ishlaydi. Ularning aytishicha, kutubxonada 3 yarim mingdan ortiq kitob saqlanadi. Uning asosiy o‘quvchilari sayyohlar. Axir mehmonlar sayohat uchun bekorga tarixiy shaharlarimizni tanlashmaydi-ku! Mana, “Gold Joy Tour” sayyohlik kompaniyasi tomonidan tashrif buyurgan gonkonglik Koux va uning do‘stlari Juma masjididagi naqshinkor ustunlarni sanash bilan band.

– 212 ta ekan, – dedi Koux quvonib. Uning so‘zlarini tilmoch tarjima qilib turdi.

Qizig‘i, Xonaqohning gumbazli xonalari ham, ayvoni ham yo‘q. Shiftdagi ikkita tuynuk orqali yorug‘lik tushadi. Islimiy naqshli ustunlar masjid tuzilishiga o‘zgacha ruh bag‘ishlab turibdi. Yana bir noyob obida – 1765-yilda qurilgan Muhammad Amin Inoq madrasasi tarkibida bu yil mustaqillik bayrami arafasida ochilishi rejalashtirilayotgan “Mustaqil O‘zbekiston: ozod va obod Vatan” ekspozitsiyasi haqida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Mustaqilligimizning shonli tarixi, qisqa fursat ichida erishganlarimiz, Vatanimizning iqtisodiy salohiyati va millatimiz fidoyilari haqida hikoya qiluvchi muzeydan bir zumda chiqib ketolmadim. Chunki tarixni sanoqli lahzada tomosha qilib bo‘lmaydi. Uni tafakkurga sig‘dirish uchun hatto yillar kamlik qiladi.

Ko‘rganlarimni qog‘ozga tushirgunimcha kun ham kech bo‘ldi. Afsuski, hali men ziyorat qilib ulgurmagan 50 ga yaqin maqbara qoldi. Ana shunda Ichan-qal’aning naqadar buyukligi, tariximizning qanchalik ulug‘ ekanini yana bir bor his qildim.

Umida SADATOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.