Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Akademik shoir uy-muzeyida

  • Rukn: Nigoh
  • 347 marta ko‘rilgan

Muqaddam ona tili va adabiyot fanini yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, erkin insho, bayon yozish, she’rni ifodali o‘qish uning sevimli mashg‘uloti. Mana, qo‘ng‘iroq chalindi, dars boshlandi. Adabiyot muallimi Laylo opa Rahimova 9-may – Xotira va qadrlash kuni yaqinlashib kelayotganini hamda 10-may kuni atoqli adib G‘afur G‘ulomning 115 yillik yubileyi ekanini e’lon qilgach, – bugungi darsimiz G‘afur G‘ulom ijodi haqida bo‘ladi, – deb adibning “Tanlangan asarlar” kitobini qo‘liga oldi. – Qani, u qanday asarlar yozgan, kim aytadi?

Kimdir “Shum bola” qissasini, yana kimdir “Bilib qo‘yki, seni, Vatan kutadi”, “Vaqt”, boshqasi “Sen yetim emassan” she’rlarini aytdi.

– “Sen yetim emassan” she’rini yoddan aytib beradiganlar bormi? – so‘radi o‘qituvchi mamnun bo‘lib,

– Ustoz, maylimi, men aytsam, – o‘rnidan turdi Muqaddam. Va she’rni to‘laligicha yoddan ifodali aytib berdi.

– Juda yaxshi, rahmat, – o‘qituvchi Muqaddamga o‘tir ishorasini bergach sinfga yuzlandi. Hamma jim, xonaga ma’yus sukunat cho‘kkandi.

– Ustoz, G‘afur G‘ulom yetim o‘sganmi? – Isaboyning savoli jimlikni buzdi.

– To‘g‘ri anglabsan, u ota-onasidan erta ajralib qolgan, – dedi Laylo opa.

– Necha yoshida ota-onasiz qolgan?

– Kelinglar, keyingi darsda G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga boramiz. O‘sha yerda shoir haqida batafsil ma’lumot olamiz, – dedi o‘qituvchi. Bolalarning xomush tortgan yuzida quvonch paydo bo‘ldi...

Muzey poytaxtning Beshyog‘och maydoni Arpapoya ko‘chasidagi 1-uyda joylashgan ekan. Ikki qavatli ushbu binoda O‘zbekiston xalq shoiri, akademik G‘afur G‘ulom 1944–1966-yillarda yashab ijod qilgan. Uy-muzey 1983-yili tashkil etilib, shu yil oktabr oyidan ziyoratchilarni qabul qila boshlagan. Undagi har bir xonada shoirning nafasi seziladi. Ijodxona, dam olish xonasi, kutubxona, mehmonxona, yotoqxona, hatto bolalar xonasi shoir hayotlik davrida qanday bo‘lsa, shu holatda saqlangan. Shuning uchun ham bu yerga kelganlarning ko‘z o‘ngida shoir yashagan davr, ijodiy muhit to‘laligicha namoyon bo‘ladi. Ijodkorga tegishli shaxsiy buyumlar: kitoblar, qo‘lyozma shaklidagi va toshbosma kitoblar, fotosuratlar, negativlar, grafik va moybo‘yoqda ishlangan rasmlar, asarlariga ishlangan illustratsiyalar, xat va telegrammalar, orden va medallar, turli san’at asarlari, haykallar, pero, qog‘oz, siyohdon, yondaftar, telefon apparati, musiqa asboblari, shoir ovozi yozilgan magnit tasmalar, hujjatli va badiiy filmlar, adibga tuhfa etilgan sovg‘alar, mebellar va uy-ro‘zg‘or buyumlari kabi noyob eksponatlarni bolalar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar.

Sayohatchilarga G‘afur G‘ulomning qizi – uy-muzey direktori Olmos opa dadasining bolaligi va ijodi haqida gapirib berdi. Shoir to‘qqiz yoshida otasidan, 12 yoshida onasidan yetim qolgan ekan. “Shuning uchun ham “Sen yetim emassan” she’ri o‘ta ta’sirchan chiqqan ekan-da”, deyishdi bolalar. Muzeyga sayohat “Bolalar xonasi”dan boshlandi. Bu yerda adibning farzandlari – Xolida, Mirza Ulug‘, Olmosxon, Mirzaabduqodir, Xondamir va Toshxonlar ulg‘aygan. Ular o‘qigan kitoblar, foydalangan darsliklar va o‘quv qurollari o‘sha davrni aks ettirib turibdi. To‘rdagi mo‘jazgina sahnada bolalar o‘qigan asarlaridan kichik lavhalar orqali tomosha ko‘rsatishgan ekan.

2003-yilda akademik shoirning 100 yillik yubileyi munosabati bilan uy-muzeyning yangi binosi foydalanishga topshiriladi. Bu bino ham ikki qavatli bo‘lib, adib haqida hikoya qiluvchi badiiy ekspozitsiya 2-qavatda ekan. Muzeyning katta ilmiy xodimi Lutfulla Ilhomjonov bolalarni yuqoriga boshladi. Yangi muzey “G‘afur G‘ulomning bolalik va o‘smirlik yillari” degan bo‘limdan boshlanar ekan. O‘quvchilar “Toshkent shahrining XX asr boshlaridagi ko‘rinishi”, “Eski maktab” maketlarini tomosha qilishdi.

Dars jarayoni tasvirlangan ekspozitsiyani ko‘rgan Isaboy qiziqib so‘radi: – Iye, bu maktabmi?

– Ha, ular darsda o‘tirishibdi. Domlaning yonida turgan xipchinni ko‘ryapsizlarmi? Yalqov, dars tayyorlamagan, quloqsiz, sho‘x bolalarni ana shu bilan savalagan.

– Voy, bu nonlar haqiqiymi? – hayratlandi Muqaddam qatma-qat bo‘lib turgan patirlarni ko‘rsatib.

– Haqiqiy, – jilmaydi Lutfulla aka. – G‘afur G‘ulom maktabga ana shunday patirlarni olib borgan, ustozlari bilan baham ko‘rgan ekan. Bular suvga botirib, keyin quritilgan.

O‘quvchilar muzeyni aylanib yurib shoirning tarjima asarlarining asl nusxasi va u kiygan kiyim-boshlarni ko‘rib hayratga tushdilar. Adibning “Shum bola” asariga ajratilgan alohida bo‘limda haykaltarosh Rayhon Shoabdurahmonova tomonidan ishlangan “Shum bola” va “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi” asarlari qahramonlarining haykali ham o‘rin olgan ekan. Muzeydan chiqishayotganda Isaboy:

– G‘afur G‘ulom yetim o‘sgan, qiynalgan bo‘lishiga qaramay, ko‘p kitob o‘qishga imkon topgan ekan. Shu bois mashhur shoir bo‘libdi. Endi men ham a’lochi bo‘laman, ko‘proq badiiy kitob o‘qiyman. G‘afur G‘ulomdek zukko inson bo‘lishga harakat qilaman, – deya ustoziga qaradi. Laylo opa shogirdining boshini mehr bilan silab qo‘ydi.

Bolalar adibning muzey hovlisi to‘ridan joy olgan salobatli haykaliga ta’zim qilgach, bir oz sukut saqlab turib qolishdi. Olmos opa shu yerda o‘quvchilardan dadasining she’rlaridan aytib berishlarini so‘radi. Bolalar birin-ketin she’rxonlik qilib ketishdi.

“... A’lo mamlakatning a’lo farzandi

Bilib qo‘yki, seni, Vatan kutadi!” deya jo‘r bo‘lib yoddan o‘qidilar. O‘quvchilar ortga qaytishar ekan, Olmosxon opa ularni yaxshi tilaklar bilan kuzatdi.

– O‘quvchilarim bilan bunday sayohatlarga tez-tez chiqib turamiz. Ma’naviyatga, adabiyotga qilayotgan safarimiz ularning dunyoqarashini kengaytirib, o‘zligini anglashlariga yordam beryapti. O‘quv yili yakunigacha ulug‘ adiblarimiz Abdulla Qahhor, Oybek uy-muzeylariga borishni ham maqsad qildik, – dedi Laylo opa.

Ha, aytgandek, biz bilan G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga sayohat qilgan tengdoshlaringiz Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-maktabning 5-sinf o‘quvchilari edi.

 

Sayohatni sizga Bekmurod ABDURAIMOV hikoya qilib berdi.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.