Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Alpomish yurtga qaytdi

  • Rukn: Nigoh
  • 125 marta ko‘rilgan

yoxud Surxon elidagi katta bayram haqida

 

“Baxshilar nafaqat xalq o‘tmishining aks-sadosi, ayni paytda bugungi kunning ham jarangdor ovozidir”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan

 

Keng maydondagi supradek quloch yoygan yaylov adog‘ida oybarkash misol to‘p bo‘lib olgan odamlar beshik yanglig‘ tebranishmoqda. O‘rtada qo‘r tashlab, do‘mbirasini goh sokin, goh asov otdek silkita-silkita chertayotgan baxshining do‘rildoq ovozi uzoqlarga qanot qoqadi. Dardga qorishiq ohanglarga maftun bo‘lib qolgan Bobotog‘-da qo‘shiq kuylaydi – baxshining xonishi tog‘lardan, toshlardan aks-sado beradi, yuraklarni sel qiladi, kuymaganni kuydiradi, suymaganni suydiradi. Qo‘shiq, kuy, ovoz, dard va qirlardek keng ma’noga boy satrlar baxshi tilida sehrga to‘ladi, odamlar orasiga mehr ulashadi.

Baxshi do‘mbirasini yana qo‘liga oladi:

O‘n beshida oyday to‘lgan,

Olmosini belga solgan,

Go‘ro‘g‘liga xizmat qilgan,

Qirq yigitni girdga olgan.

So‘rab o‘tdi Avaz polvon,

Avazxondan aytaymiiiiiiiiyeyeyeyeyyyy?..

 

 

Asosan turkiy xalqlar ora­sida rivoj topgan baxshichilik san’ati boshqa davlatlarda jirov, oqin, manaschi, shoir, oshiq kabi nomlar bilan atalib kelingan. Sababi, baxshi yillar osha ham shoir, ham bastakor, ham ijrochi sifatida kat­ta yo‘lni bosib o‘tgan. Ammo ma’lum muddat o‘z ohangini yo‘qotib qo‘ygan bax­shi­chilik san’ati davlatimiz rah­ba­ri­ning shaxsiy tashabbusi bilan qaytadan rivojlanmoqda, dunyoga ko‘z ochmoqda. Bu borada 2018-yil 1-noyabrda qabul qilingan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror katta va unutilmas voqea bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. 2019-yilning 5-10-aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan festival maskani sifatida bax­shilar yurti Surxon vohasidagi Termiz shahri tanlandi.

Yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik festivalining ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashdi va nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari o‘z murojaatiga baxshichilikning noyob san’at turi ekanligini bot-bot ta’kidladi. Ayniqsa, folklor san’atini insoniyatning bolalik qo‘shig‘iga mengzaganligi barchani birdek to‘lqinlantirdi.

Katta san’at bayrami maqomini olgan festivalda dunyoning 74 davlatidan 160 dan ziyod vakillar qatnashishdi. 20 mamlakat vakillari esa o‘z iste’dodlarini namoyish etishdi. Ijrochilarning mahoratini Fransiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Qo­zog‘iston va O‘zbekistonning yetuk san’at va madaniyat arboblari, olimlari va malakali mutaxassislari baholab borishdi.

Birin-ketin davraga chiqib kelgan baxshi­larning shirali ovozi bir zumda atrofni egallaydi. G‘ala-g‘ovur tinib, odamlarning borlig‘i qu­loqqa, aniqrog‘i yurakka aylanadi. Chunki bu ohanglarni yuraksiz, chin dardsiz eshitib bo‘lmaydi. Baxshining sozi va ovozi har qanday yuraksizga yurak, har qanday toshdilga mehr ulashadi.

– Yoshligimda otamning do‘mbira chertib, dostonlardan parcha aytib berishiga havasim kelardi. Mana shu orzu qo‘limga do‘mbira tutgan, – deydi mashhur Shoberdi baxshining o‘g‘li Ismoilxon baxshi Anvarov. – Do‘mbira nag‘masi, uning ichki ovoz jozibasi meni doimo ruhlantiradi. Kuylayotganimda bu ruh boshqalarga ham singib borayotganligini his qilib turaman. Chunki doston-qo‘shiqlar eshitayotgan inson tiniq xayollarga beriladi, imkon qadar yorug‘likka intiladi.

Ismoilxon baxshidan mazkur san’at turi­ning paydo bo‘lishi tarixi haqida so‘raymiz:

– Uzoq davrlar oldin mahalliy o‘troq aholi orasida davraboshi, marosimlar boshchisi baxshilar deyilgan. Ular kunduzi hamma qatori boshqa kasb bilan shug‘ullangan, do‘mbirada o‘zi to‘qigan she’rlarga kuy bastalab kech tushganda ovuldoshlarini yig‘ib qo‘shiq qilib aytib berardi. Bu baxshichilik tong otargacha davom etgan. Eng qizig‘i, hozirgi ko‘plab hofizlarimizdan farqli o‘laroq baxshilar qancha ko‘p qo‘shiq aytsa, ovoz pardalari shuncha kuchayib boraveradi.

Festivalning eng yosh ishtirokchisi – 5 yoshli G‘olibjon baxshi Oripov haqli ravishda barchaning e’tirofi va mehriga sazovor bo‘ldi. Termiz shahridagi 15-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchisi G‘olibjonning qo‘lga do‘mbira olib dostondan parchalar aytishi ustoz baxshilarni ham to‘lqinlantirib yubordi. Hamma unga jo‘r bo‘lib qo‘shiq kuyladi. Tadbir tashkilotchilari festival yakunida G‘olibjon Oripovga “Eng yosh baxshichilik san’ati ishtirokchisi” nominatsiyasi g‘olibi dip­lomini taqdim qilishdi. Yana bir ishtirokchi, malayziyalik Kamarul Baisax ham festivalning eng yosh ishtirokchisi sifatida e’tirof etildi.

Olti kun uzluksiz davom etgan baxshichilik bayrami 10-aprel kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, Xalqaro baxshichilik festivalining Gran-prisi qozog‘istonlik Uljan Baybusinovaga nasib etdi. Turkmaniston vakili Kervan Yovbasarov hamda O‘zbekiston vakili Abdunazar Poyonovlar 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. 2-o‘rin ozarbayjonlik “Oshiqlar dueti” va rossiyalik Ilgam Baybuldinovga, 3-o‘rin esa Janubiy Koreya vakili “Hanmyra Art” guruhi hamda O‘zbekiston vakili Gulnara Allambergenovalarga berildi. Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi sifatida o‘zbekistonlik Otaxon Matyakubov mukofotlandi. Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha ham sovrindorlar taqdirlanishdi.

....Baxshi yana do‘mbirani qo‘lga oladi. Endi uning aytar so‘zi Alpomishdan, elning nori, Barchinning zori, otasining bilagi, enasining tirgagi – Hakimbekdan.

Toy yetilib ot bo‘ldi, otni Boychibor atadilar. Hakimbek yetilib yigit bo‘ldi, uni Alpomish atadilar. Alpomish ot surib, qilich solganda, ming chog‘li g‘ayrning ham buti pusib, oti merovlab qolarkan. Yurtning chin bolasi – Alpomishning dushman ustiga ot sermab turgan payti ekaneyeyeyeyeyeyyyy....

 

...Davlat qo‘nsa bir chivinning boshiga,

Semurg‘ qushlar salom berar qoshiga.

Ot chopsa gumbirlar tog‘ning darasi,

Maydonda bilinar mardning sarasiiiyey­eyeyyyy...

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.