Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Armonsiz umr

  • Rukn: Nigoh
  • 579 marta ko‘rilgan

Mustaqillik e’lon qilingan kunning ertasiga Safar Barno bilan uchrashib qoldik. Kechasi bilan uxlamaganligi ko‘zlaridan bilinib turardi.

– Eshitdingizmi, shoir? – dedi u yuzlari kulib.

Men unga quchoq ochib “Hurlik muborak!” dedim. Bir-birimizni samimiy qutladik. U she’r o‘qiy ketdi.

Ha, tun bo‘yi she’r yozib chiqqan ekan. She’rlari shu kuniyoq O‘zbekiston radiosining Bolalar muharririyati eshittirishida efirga uzatildi. Hurriyat uning qulfi dilini ochib yubordi. Millat bolalarining, yoshlarning qaddini ko‘taruvchi hikoyalar, esselar yoza boshladi.

– Armonim yo‘q, – dedi u bir kuni, – Xudo bizni shu kunlarga yetkazdi. – Haqiqatdan Safar Barno hurriyatni ulug‘ladi. Hurlik ham uni ulug‘ladi. U “Ofarin” mukofoti sovrindori bo‘ldi.

Bolalar jurnalistikasi, adabiyoti haqida gap ketar ekan, safdoshim va do‘stim Safar Barnoyev haqida aytadigan alohida gaplarim bor. U bolalar gazetasida o‘n yildan ziyod adabiyot bo‘limiga mudirlik qildi. Tahririyat qoshidagi “Yosh qalamkashlar” to‘garagini boshqardi. O‘nlab shogirdlar tayyorladi. Ular hozir turli matbuotlarda ishlashyapti. “Gulxan” jurnalida bosh muharrir bo‘lib ishlab turgan vaqtida, oltmish uch yoshida oramizdan ketdi. Bolalar olami Safar Barnoyevsiz huvillab qoldi. O‘ynoqi she’rlar, qo‘shiqlar yangramay qo‘ydi. U haqida xotira yozib berishimni umr yo‘ldoshi Malikaxonim mendan ko‘p so‘radi. Chunki biz Safar bilan do‘st edik. Yozaman, deb ko‘p urindim, lekin yozolmadim. Shunda bildimki, odam ikki holatda yozolmas ekan. Birinchisi – judayam bilgan, yaxshi ko‘rgan odami haqida, ikkinchisi – yomon ko‘rgan odami haqida. Mabodo yozsam, Safardagi samimiylikni, chapanilikni, mardlikni, jo‘mardlikni qanday bo‘lsa shundayligicha yoza olamanmi, yo‘qmi, deb qo‘rqardim. Lekin endi, ha endi baholi qudrat yozmasam bo‘lmaydi...

Shunday qilib, ikki o‘rtoq birgalashib xizmat safari bilan Sirdaryoga jo‘nadik. Bizlarni Xovos stansiyasining tepa tarafidagi Balandchaqir degan joyga olib borishdi. Bu joy tog‘lar orasi bo‘lib, bir necha bolalar oromgohlari bor edi. Bir hafta qolib ketsak ham material topilar edi. Safar men bilan biroz yurgan bo‘ldi-da, birdan yo‘qolib qoldi. Xoliroq joyga borvolib, she’r yozibdi. Kechki yig‘inda o‘qib berdi. Rosa qarsakbozlik bo‘ldi. Oromgohga shoirlar kepti, degan gap bo‘ldi. Kechki ovqatdan keyin men yana yondaftarimni yangi ma’lumotlar bilan to‘latishga oshiqdim. Bolalar to uyquga yotguncha nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishini bilishim kerak. Safar meni asta chekkaga tortdi-da:

– Bilasizmi, bu oromgohda yozadigan boshqa bir narsa bor ekan, ha zo‘r narsa. Boya tarbiyachisi aytib qoldi, u bilan gaplashib ham qo‘ydim.

Stadionning gir atrofida shiyponchalar bo‘lib, o‘rtada katta lampochka charaqlab yonib turardi. Safar maqsadga o‘ta qolmay, boya yo‘qolib qolganida yozgan yangi qoralamalarini chiroq yorug‘ida o‘qib berdi. Men yozadigan narsasi nima ekan, deb og‘zini poylayman. Shu payt chor atrofdagi oromgohlardan bolalarni uyquga chorlab birin-ketin gorn ovozlari eshitila boshladi. Hamma oromgohlarda bolalar gorn ovozi bilan uyg‘onib, gorn ovozi bilan uyquga yotar edilar.

– Ro‘paradagi shiyponni ko‘ryapsizmi? – dedi u sirli shivirlab, – o‘sha yerdagi bolalar orasida bitta “lunatigi” bor ekan. Uyqusirab, kunduzi chiqolmaydigan daraxtlarga maymundek tirmashib chiqib tushar ekan. Shiyponning ingichka to‘sig‘i ustida bemalol yurib, ustunlarni aylanib o‘tar ekan. Bechora tarbiyachi kechasi bilan uxlamay orqasidan poylab yurarkan. Men bunaqalar haqida ko‘p eshitganman-u, lekin ko‘rmaganman, siz-chi?

Men Safar ko‘rsatgan shiypondan ko‘z uzmay yelka qisib qo‘ydim.

– Bola o‘rnidan turib, harakat boshlashi bilan tarbiyachi opa bizga ishora qiladi. Lekin ehtiyot bo‘lish kerak, bola uyg‘onib ketsa, yiqilib mayib bo‘lishi turgan gap. Xo‘sh, bu haqda yozsak, o‘quvchilarga qiziqarli bo‘ladimi? – Men “ha” degandek bosh qimirlatib qo‘ydim. Safar haq. Chunki bu voqeaga o‘zimiz shunchalik qiziqyapmizmi, boshqalarning ham qiziqishi tabiiy.

Oromgohda bolalar ovozi tingan, endi chor-atrofni chigirtkalar ovozi tutgan edi. Ularning chirillashi quloqni batang qilardi. Buzoqboshilar, qo‘ng‘izlar uchib kelib, chiroqqa tars-turs urilar, kapalaklar g‘ujg‘on o‘ynab, jizg‘anak bo‘lib, yerga qulardi. Biz shiypon tomonga qaragancha jim o‘tirib, tarbiyachining ishorasini kutardik.

Bir payt Safar meni turtdi:

– Anavini qarang...

Katta bir ilon stadionda sudralardi. U sudrala-sudrala to‘g‘ri chiroq tagiga keldi-da, hali o‘lmagan chalajon hasharotlarni ishtaha bilan terib yuta boshladi. Tepadan kuyib tushayotganlarini havodayoq ilib olardi. Uzun tanasi bir joyda qimirlamay turar, yerdan bir qarich ko‘tarilgan og‘ziga hasharotlarning o‘zi kelib tushardi.

– E, – dedim hayratimni yashira olmay, – bu chiroqmas mo‘jizaning o‘zi-ku, qarang, ham atrofni yorityapti (oromgohdagi boshqa chiroqlar o‘chirilgan edi), ham bolalarni bezovta qilishi mumkin bo‘lgan hasharotlarni o‘ziga chaqiryapti, ham anavi zahri qotilni boqyapti, qoyil-e. Tayyor oshga bakovul, ilonning bilganini aytmaysizmi?!

– Ha, ilonlar o‘zi dono bo‘ladilar. Yozganda ana shunaqa mo‘jizalar haqida yozish kerak-da, shoir. Iye, yana bitta ilon! – deya hayratdan Safarning ko‘zlari orqaga ketdi. Narigi tarafdan yana bitta qora ilon o‘rtaga qarab sudralib kelardi. U xuddi o‘ljadan quriq qoladigandek shoshardi. “Bu yer ilonlarning oshxonasi ekan-da”, – dedim shivirlab. Nima bo‘larkin, deb kutib turibmiz. Bir-biriga yaqinlashganda ikkala ilon tikkama-tikka bo‘b qolishdi. Qarang, ilonlar ham o‘lja talasharkan. Bir-biriga tashlanib, arqondek o‘ralib ketdi. O‘ralgan sari, xuddi birov tepadan tortayotgandek tanalari yerdan ko‘tarilib borardi. O‘ralib-o‘ralib oxiri qora kosovdek tippa-tik bo‘b qolishdi. Voh...ularning sudralib yurishiga o‘rganib qolganimiz uchunmi, tik holda ko‘rib qotib qoldik. Eh, hozir Tohirning fotoapparati bo‘lgandami! Birovga aytsang ishonmaydi. “Gazetachisizlar-da, lofni qopi bilan olib yurasizlar”, deyishadi. Shu payt ilonlar shalop etib bor bo‘yi bilan yerga quladi-yu, menmi desam Safar ham cho‘chib tushdi. Yomon yiqilishdimi, ishqilib, bir muddat qimirlamay yotishdi, so‘ng bir-biridan ajralishdi. Endi murosaga kelishdi, deb tursak, qayda, yana boyagidek chirmashib ketishdi. Yemish bilan ishlari yo‘q. Aksiga olib, hasharotlar jizg‘anak bo‘lib, tepalaridan yog‘ilib yotibdi. Ilonlar bizni sehrladimi yoki biz bu g‘aroyib tomoshaning quliga aylandikmi, ishqilib, qancha o‘tirganimizni bilmaymiz. Lunatik bolamiz ham paqqos yoddan ko‘tarilgan edi. Oxiri ilonlarning bittasi kurashda yengildi shekilli, maydonni tashlab keta boshladi. Nazarimda u maydonga birinchi bo‘lib kelgan ilon edi. Buni dastlab kelgan tomoniga qarab sudralishidan bildik. Maydonda qolgani xotirjam tayyor o‘ljalarni yutishga tushdi. Bildikki, ilonlar ham oshga o‘rtoq, boshga to‘qmoq qilishmas ekan. Keyin mard ham bo‘lishar ekan. Yengildimi – maydonni tashlab chiqib ketar ekan.

– E, – dedi Safar meni turtib, – anovi ish nima bo‘ldi?

Bizga endi bu yerdagi tomoshaning qizig‘i qolmagan edi, shoshgancha shiyponga qarab yurdik. Kech qolibmiz, u tomoshani deb bu tomoshani o‘tkazib yuboribmiz. Aslida bizga zaruri ham shunisi edi. Unisi kutilmaganda oyoq ostidan chiqib qoldi-da.

Xullas, men bu xizmat safaridan tamoman boshqacha odam bo‘lib qaytdim. Do‘stim Safar meni muharrir sifatida boshqa bir yo‘lga solib yuborgandek bo‘ldi. Shu paytgacha ko‘zim oldida qandaydir tumanlik bo‘lgan-u, u qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan edi.

Tundagi ilonlar, uyqusirab yuradigan “lunatik” bola, (biz uni keyingi kuni kuzatgan edik), yana tog‘da o‘sadigan bir dorivor o‘t haqida to‘lib-toshib yozdim. Fikrlarim qog‘ozga ravongina, osongina tushdi. Gazetaning kelgusi sonida ular Safarning yangi she’rlari bilan birga e’lon qilindi.

 

Erkin MALIKOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.