Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Baxmallik bilimdonlar

  • Rukn: Nigoh
  • 215 marta ko‘rilgan

Baxmaldagi 26-maktabga bormoqchi edim. Shu maktab o‘quvchilaridan juda ko‘p rasmlar keladi, – dedim g‘allaorollik faxriy o‘qituvchi Abdulla aka Saidovga.

– Biologlar maktabigami, – jilmaydi Abdulla aka, keyin qo‘shib qo‘ydi, – maktab joylashgan Mullabuloq qishlog‘i tabiatning eng so‘lim go‘shalaridan. Bunday go‘zallikni ko‘rgach, rasm chizmaslikning iloji yo‘q. Bu maktab Baxmal tumanidagi eng ilg‘or ta’lim maskanlaridan.

U yaqinda yangi binoga ko‘chgan. Men bejizga, biologlar maktabi, demadim, chunki maktabning yosh biologlari viloyat va respublika bellashuvlarida ketma-ket birinchi o‘rinni zabt etishdi.

Bunday ma’lumotlarni eshitgach, yaxshi kayfiyat bilan yo‘lga tushdim. Safarim Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov topshirig‘iga binoan 25-sentyabrdan 2-oktyabrga qadar o‘tkazilgan “Ustozingni tabrikla” eko haftaligiga to‘g‘ri kelibdi.

 

Ustoz sabog‘i – hayot chirog‘i

Hurmatli o‘quvchilar, qadrli mehmonlar, – tadbirni ochib so‘z boshladi maktab direktori Abduvohid Xidirov. – Bugun katta bayram. Davramizda maktabimizga ilk tamal toshini qo‘ygan ustozlarimiz Suluvxolmomo Jabborova, Afg‘on bobo Mamatov, Saidmurod bobo Normatovlar bilan bir qatorda ularning bu yil universitetni tugatgan 5 ta nevara shogirdlari o‘qituvchi sifatida ishtirok etyapti. Demak, bugungi bayramni bemalol avlodlar uchrashuvi, desak bo‘laveradi.

Shundan so‘ng Abduvohid aka so‘z navbatini mehnat faxriysi Afg‘on boboga berdi. Afg‘on bobo to‘rt xonali paxsa binoda ish boshlagan maktab tarixidan so‘zladi. Bugun o‘quvchilarning har tomonlama chuqur bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlardan xursandliklarini bildirdi.

– Bu imkoniyatdan to‘liq foydalana olsangiz, ertangi hayot yo‘lingiz porloq bo‘ladi. Agar tarix g‘ildiragi aylanib bola bo‘lib qolsam, shu maktabda jon-jon deb o‘qirdim. Chunki biz bunday chiroyli binoda, yaxshi sharoitda o‘qishni, o‘qitishni tasavvur ham qilmaganmiz, – dedi ulardan keyin so‘zga chiqqan Saidmurod bobo. – Qarang, xohlasangiz, chet tilini o‘rganasiz, istagan faningiz bo‘yicha to‘garaklarda shug‘ullanasiz. Baxmalning eng ma’rifatli, bilimdon yigitlari sizga ustoz.

O‘quvchilar ustozlarga, mehmonlarga o‘zlari tayyorlagan bayram dasturini namoyish qilishdi. Tadbirdan so‘ng eko haftalik dasturi bo‘yicha faxriy o‘qituvchilar maktab bog‘iga olma va nok ko‘chatlari o‘tqazishdi. Bu nihollar o‘quvchilar mehri bilan o‘sib, ulkan daraxtlarga aylanadi, deb tilak bildirishdi.

 

Bilimga ochilgan yo‘l

Men maktab faoliyati bilan tanishuvni kutubxonadan boshladim. Bu yerda 1000 dan oshiq badiiy kitoblar bor ekan.

– Mana bu – jahon va o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari bo‘lgan 300 dona badiiy kitobni maktabimizni 1978-yilda bitirgan o‘quvchilari sovg‘a qilishdi, – dedi quvonch bilan kutubxonachi Mamatqul Mavlonov. – Bundan tashqari, kutubxonamizni boyitishda mahalla tadbirkorlari ham yaqindan ko‘mak berishyapti.

– Agar mana shu kitob o‘tgan yili bo‘lganida men “Eng kitobxon o‘quvchi” tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lardim, – dedi qo‘lida Jek Londonning “Martin Iden” kitobini tutgan qizcha.

– Bu qiz Nasiba Usmonova, 6-sinfda o‘qiydi. Maktab suxandoni, kitob targ‘ibotida mening eng yaqin yordamchim. “Eng kitobxon o‘quvchi” tanlovining tuman bosqichi g‘olibi. Biroq viloyatda o‘rin ololmadi. Shundan xafa, – tanishtirdi Mamatqul aka.

– Ammo yoz bo‘yi rosa ko‘p kitob o‘qidim. Bu safargi tanlovda, albatta, g‘olib bo‘laman. Dadam uyimizda kutubxona ochib berdi. Kitoblarim soni 400 taga yaqinlashib qoldi. Kitob odamni fikrlashga o‘rgatar ekan, – dedi Nasiba. Keyin: – bu borada E’zoza opamga havasim keladi, – deb qo‘ydi sekingina. Nasiba havas qilgan qiz E’zoza Xolboyeva 9-sinfda o‘qir ekan. E’zoza bu yil “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichida birinchi o‘ringa sazovor bo‘libdi. Va bilimdon bolalarning “Quyoshli” oromgohida dam olib qaytibdi. Bu ikki qiz erishgan yutuqlari uchun badiiy kitoblar hamda adabiyot va ona tili muallimi A’zam Qudratovdan minnatdor. Darvoqe, E’zozaning ukasi Eshmirza ingliz tilidan “Bilimlar bellashuvi”ning viloyat bosqichida g‘olib bo‘libdi.

 

Ustoz izidan

Maktab biologiya o‘qituvchisi Rustam Baratov o‘quvchilik chog‘ida biologiya fani bo‘yicha respublika olimpiadasida g‘olib bo‘lgan ekan.

Bugun esa uning shogirdlari viloyatda, respublikada o‘z bilimlarini muvaffaqiyatli namoyish qilishmoqda. Mohira va Xurshida Abdumajidovalar “Bilimlar bellashuvi” respublika g‘olibi. Bu yil Buxoroda bo‘lib o‘tgan innovatsion fanlar respublika olimpiadasida 9-sinf o‘quvchisi Sardor Tojiboyev 3-o‘rinni, Zulxumor Alimuhammedova 2-o‘rinni egallashdi. Tumandagi 80 ta maktab ichida esa uning shogirdlariga teng keladigani yo‘q. Bu bejiz emas. Rustam aka iqtidorli shogirdlarini to‘garakka jalb qilgan. Haftada uch marta to‘garak mashg‘ulotlari laboratoriyadagi tajribalar bilan to‘ldiriladi. Ustoz bolalarga, biologiya odamning o‘zini anglashiga yordam berishini, odam tabiatning ajralmas bir qismi ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Ehtimol, ana shu mehr fandagi yutuqlarga kalit bo‘layotgandir.

 

***

Musaffo tog‘ havosi, shifobaxsh buloqlar suvini shimirib voyaga yetayotgan bolalar sog‘lom bo‘lishi bor gap. Ammo maktab jismoniy tarbiya o‘qituvchisi G‘ulom aka Safarov o‘quvchilarning jismoniy chiniqishida sportning ko‘plab turlaridan unumli foydalanadi. Maktabda voleybol, stol tennisi, suv sporti, futbol, kurash kabi sportning o‘nga yaqin turi bo‘yicha to‘garaklar ishlab turibdi. Yosh sportchilar sportning bir nechta turi bo‘yicha tuman chempioni.

Maktabning jonkuyar, tashabbuskor rahbari Abduvohid Xidirov boshchiligidagi A’zam Qudratov, Rustam Baratov, Baxtiyor G‘aniyev, Muhabbat Garimova, Odil Usmonov, Izzat Mahmudov kabi ellikka yaqin ustozlarning fidokorona mehnatlari, izlanishlari tufayli har tomonlama bilimdon, ma’naviyatli bo‘lib kamolga yetayotgan o‘quvchilar kelajakda xalqimiz, yurtimiz faxriga aylanishiga, maktablari dovrug‘ini dunyoga taratishlariga ishonamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

Jizzax viloyati

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.