Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Bir hovuch dur topdim”

  • Rukn: Nigoh
  • 113 marta ko‘rilgan

Yaqinda poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 262-maktabda o‘tkaziladigan “Kitobxon o‘qituvchi” ko‘rik-tanloviga taklif etishdi. Maktab tadbirlarida sahnada faqat o‘quvchilarni ko‘rib yurganimiz uchun u yerda ustozlarni ko‘rib hayratlandim. Tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan shu yilning sentyabr-dekabr oylarida maktablarda “Men shu aziz Vatan farzandiman!” shiori ostida turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan ekan. Tadbir “Mumtoz adabiyot” oyligida o‘tayotgani bois, bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlari asosida tashkil etilibdi.

Tanlovda o‘z kasbining fidoyilari – ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Nilufar Islomova, Ziyoda Roziqova va Mahbuba Otaxonova ingliz tili fani o‘qituvchisi Durdona Najmiddinova, musiqa ta’limi fani o‘qituvchisi Muhtaram Ergasheva, tarix fani o‘qituvchisi Mohira Tursunova, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Yulduz Ashurovalar bellashdi. Ustozlar Navoiyning o‘zlari yaxshi ko‘rib o‘qiydigan asarlarini tanlab, uch bosqichda qizg‘in bahslashdilar. Avval asar haqida qisqacha tavsif va tasvir, keyin asardan kichik ko‘rinishdagi ijro va asar yuzasidan savol-javoblar.

Har bir ustozning tayyorgarligi o‘ziga xos. Muhtaram Ergasheva g‘azalni talqin qilib bo‘lgach “Munojot” qo‘shig‘ini mahorat bilan kuylab barchani lol qoldirdi. Nilufar Islomova “Sa’bayi sayyor”, Mahbuba Otaxonova “Saddi Iskandariy” dostonlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berishdi. Asar qahramonlarini shunday ishtiyoq bilan tasvirlashdiki, davradagilar o‘zlarini go‘yo ularning yonginalarida his qilishdi.

1-o‘rinni Muhtaram Ergasheva qo‘lga kiritdi. Nilufar Islomova 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 3-o‘rin Durdona Najmiddinova va Ziyoda Roziqovalarga nasib etdi.

– O‘qituvchi yoshlarga, o‘quvchilarga har tomonlama o‘rnak bo‘lishi kerak, – deydi Muhtaram opa. – Nafaqat ta’lim-tarbiyada, bugungiday adabiy tadbirlarda, kitobxonlik madaniyatida ham ularga namuna ko‘rsata olishi kerak. Davlatimiz tomonidan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatiga katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Bu xalqimizning har bir fuqarosi, o‘sib kelayotgan farzandlarimizning kelajagini o‘ylab amalga oshirilyapti, albatta. Ushbu tanlov sabab men ham Alisher Navoiyning durdona asarlari bilan yana bir karra oshno bo‘ldim. Mehmon shoir Axtamquli aka Navoiy asarlarini, bir dengiz, deb ta’kidladilar. Darhaqiqat, u bir ummon, men shu ummondan dur topgandek bo‘ldim.

Bir so‘z bilan aytganda, tanlov o‘ziga xos va qiziqarli tarzda o‘tdi. Tadbir so‘ngida hakamlar hay’ati a’zosi, shoir Axtamquli ustozlarni qutlab, yangi she’rlaridan o‘qib berdi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.