Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Birinchi qo‘ng‘iroq kuni

  • Rukn: Nigoh
  • 174 marta ko‘rilgan

Respublikamizdagi barcha maktablarda o‘zgacha quvonch, o‘zgacha g‘urur bilan o‘tdi. Xalq ta’limi vazirligining vazirlik va idora rahbarlariga qilgan murojaatiga binoan el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan, yuqori lavozimlarda ishlaydigan insonlar Birinchi qo‘ng‘iroq bayramini bir paytlar o‘zlari o‘qigan maktablarda kutib olishdi.

Bayram Toshkent shahridagi 22-maktab o‘quvchilari yodida uzoq vaqt saqlanadigan bo‘ldi. Chunki shu kuni maktabga respublika Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tashrif buyurdi. U kishi bolalarga ularning puxta bilim olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi fidoyi ustozlarning beminnat mehnati samarasi ekanligi, har bir o‘quvchi ustoz mehnatini qadrlashi kerakligi haqida fikrlarini bildirdi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Rayhon Saparova Nukus shahridagi 1-IDUMda o‘qigan ekan.

– Men ham mana shu qadrdon maktab hovlisida chopqillab yurganman. Yaxshi va a’lo baholar olib, ustozlarim mehrini qozonganman. Maktabni bitirganimga bu yil 52 yil bo‘libdi. Lekin hech qachon maktab bilan aloqamni uzmadim. Meni farzandiday suygan, ta’lim-tarbiya berib to‘g‘ri yo‘lga solgan maktabimni onamday sog‘inib bag‘riga talpindim. Qo‘limdan kelgan yordamimni berishga intildim. Opam – Qoraqalpog‘iston respublikasi “Oltin meros” jamg‘armasi raisi, taniqli bastakor, shu maktabning sobiq o‘quvchisi Abadan Saparovadan bugun sizlarga alangali salom olib keldim.

Ustozlar sabog‘ini diqqat bilan tinglaganimiz, mashaqqatlardan cho‘chimaganimiz bois shu darajaga erishdik. Erta bir kun sizlarning orangizdan ham mamlakatimiz faxriga aylanadigan kishilar yetishib chiqishiga ishonaman, – dedi san’atkor.

Namangan viloyati Chortoq tumani hokimi Oybek Haydarov Uychi tumanidagi 18-maktabning eng a’lochi, jamoatchi o‘quvchilaridan bo‘lgan ekan.

Hokim o‘quvchilarga a’lo o‘qish va faol o‘quvchi bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z tajribalaridan so‘zlab berdi.

5-sentabr kuni Marg‘ilonda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqur o‘rgatish va xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internat ishga tushdi.

Yangi maktabdagi Birinchi qo‘ng‘iroq tantanalarini viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ochib berdi. Ijodiy imtihon va saralash testlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan ijodkor, iqtidorli 150 nafar o‘quvchi bayram tadbirida o‘z iste’dodlarini namoyish qilib, O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova e’tirofiga sazovor bo‘lishdi.

Bunday uchrashuvlar barcha viloyat, tumanlardagi maktablarda bo‘lib o‘tdi. Ming xil orzu-rejalar bilan yangi o‘quv yilini boshlagan bolalar kimlardan o‘rnak olish kerakligini, kimlarga o‘xshashga intilish lozimligini bilib olishdi. Bir so‘z bilan aytganda, ular o‘z qahramonlarini, kimga qarab qad rostlash kerakligini anglab yetishdi. Shubhasiz, porloq kelajagini tasavvur qila olgan o‘quvchilar boshlangan 2018–2019-o‘quv yilida fanlarni o‘zlashtirishda ham, jamoat ishlarida ham maktabining eng faol o‘quvchisiga aylanishadi.

 

  1. HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.