Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chempionlik sururi

  • Rukn: Nigoh
  • 444 marta ko‘rilgan

Futbolga ozgina bo‘lsa-da mehri tug‘ilgan o‘smir borki, shu yilning 9-27-yanvar kunlari Xitoy yashil maydonlarida o‘tkazilgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini katta hayajon bilan tomosha qildi. Quvnadi, hayajonga tushdi, kerak bo‘lsa, futbolchilarimizga qo‘shilib ming to‘siqlardan birga o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda, ana shu kunlar haqiqiy ma’noda bizga futbol zavqini berdi, futbol sehrini ko‘rsatdi.

Chempion kim? G‘oliblarning elga beradigan nafi qanday? Umuman, nega biz yurtdoshlarimizning har bir yutug‘idan bunchalar quvonamiz, ularni yurt faxri, deya ardoqlaymiz, sevamiz?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Osiyo chempionatida ulkan g‘alabaga erishgan yosh futbolchilarimizga yo‘llagan samimiy tabrigidan shunday iliq munosabatni o‘qiymiz: “... Sizlar qo‘lga kiritgan mislsiz bu g‘alaba butun xalqimizga cheksiz quvonch bag‘ishlab, O‘zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu ulkan zafar, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi millionlab yoshlarni mardlik va matonat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga ulkan hissa qo‘shadi.

El-yurtimiz sizlar kabi mard va jasur, fidoyi o‘g‘lonlari bilan, yurtimizning haqiqiy qahramonlari bilan faxrlanadi...”

Qit’amizning eng kuchli 16 jamoasi qatnashgan xalqaro musobaqada tenglar ichra tengsiz nomiga – Osiyo chempionligiga erishgan 22 nafar azamat yigitlarimizning yana qanday armoni bor ekan? Yurtboshining oliy e’tirofiga erishish, shu barobarida xalqning chinakam mehrini qozonish, nazarimizda, eng katta mukofot, eng ulug‘ g‘alabadir. Bu haqiqatni Prezidentimizning yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlari odil hakamdek ko‘rsatib turibdi.

 

“Qor jangi”

 

Bahslarda katta mahorat ko‘rsatgan musobaqaning ikki – O‘zbekiston va Vyetnam yoshlar terma jamoasi chempionlik masalasini hal qilish uchun oq maydonga tushib kelmoqda. Teleekran qarshisida kiprik qoqmay tarixiy lahzalarni kuzatib turgan yurtdoshlarimizning quvonchga to‘la ko‘zlarida biroz xavotir. Sababi, necha soatki yog‘ayotgan qor yashil maydonga oppoq gilam to‘shashga ulgurgan, bu esa futbolchilarimizning o‘z imkoniyatlarini to‘la ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilishi, tabiiy. Ammo qaror qabul qilingan – bahs o‘tkazilishi aniq.

Musobaqa tarixiga o‘ziga xos “qor jangi” nomi bilan kirgan bellashuv salkam to‘rt soat davom etdi. O‘zaro teng imkoniyat ostida o‘tgan bellashuv taqdirini so‘nggi daqiqalarda maydonga tushirilgan Andrey Sidorov hal qildi. Burchakdan oshirilgan to‘pni darvoza tomon aniq yo‘llagan Andrey terma jamoamizning 2:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi! Bu esa, O‘zbekiston ko‘ksiga o‘z-o‘zidan chempionlik unvonini taqib qo‘ydi. Yurtimizning 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari o‘z tarixlarida birinchi bor Osiyoda tengsiz ekanliklarini isbotlashdi.

Ertasi kuni ko‘kda porlagan quyosh o‘zi sevgan el farzandlarini olqishlash uchun yanada yorqinroq, yanada tiniqroq nur tarata boshladi. Bu ziyo Ona Quyoshning yurtning chinakam farzandlariga aytayotgan rahmati, g‘alabaga tashna tanti xalqqa yo‘llayotgan tabrigi bo‘lsa, ne ajab!

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.