Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chin yurtida yetti kun

  • Rukn: Nigoh
  • 745 marta ko‘rilgan

Sayr-u sayohatni, dunyo kezib, o‘zi uchun yangi narsalarni kashf etishni kim xohlamaydi, deysiz!

Atigi bir necha yil oldin “Gulxan”ning sodiq o‘quvchilaridan bo‘lgan, bugun esa tahririyatimizning faol a’zolaridan biriga aylangan Elmurod akangiz (Elmurod Nishonov) ana shunday sarguzashttalab yigitlardan. Bolaligidan yurt kezishni, uning betakror tabiati, beqiyos chiroyidan bahra olib, ko‘rgan-kechirganlarini yondaftariga qayd etib borishni odat qilgan bu ijodkor yaqinda Xitoy davlatida bo‘lib qaytdi.

– Maqsadim – bu ulkan mamlakat bilan yaqindan tanishish, maktablariga borib, xitoylik bolalarni suhbatga tortish, iloji bo‘lsa, ular bilan bir qo‘l futbol o‘ynab ko‘rish edi, – deydi u safar taassurotlarini hikoya qilar ekan. – Birinchi maqsadim amalga oshdi – bir milliard to‘rt yuz millionga yaqin kishi yashaydigan diyorni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, odamlarining urf-odatlarini imkon qadar o‘rgandim, afsuski, keyingi maqsadimga erisha olmadim.

Nimaga? – deymiz hayron bo‘lib.

– Hammasi oddiy, men borgan paytda Xitoyda ham o‘quvchilar yozgi ta’tilda ekan.

– Vo‘, – deydi yana bir “gulxan”chi akangiz Bekmurod Abduraimov. – Ular ham bizning bolalarga o‘xshab uch oy ta’tilda bo‘lishar ekan-da?

– Yo‘q, ularda yozgi ta’til ikki oy. Iyul va avgust oylarida to‘liq hordiq chiqarib, 1-sentabrdan yangi o‘quv yiliga qadam qo‘yishadi.

– Ha-a, lekin baribir bizga o‘xshash tomonlari ko‘p ekan, – deymiz bir ovozdan.

Unga hayrat bilan quloq tutib turganimizni ko‘rgach, Elmurod hammasini bir boshdan so‘zlab berishga kirishdi...

 

Tahririyat

 

Bir kunni “yo‘qotib” qo‘ydim

 

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan 25-avgust kechqurun yurtimiz vaqti bilan soat 22.10 da havoga ko‘tarildik... Bag‘riga 300 nafar yo‘lovchini sig‘dirgan ulkan “Eyrbas” samolyoti uchib borar ekan, allamahalgacha ko‘zimga uyqu kelmasa deng. Nuqul o‘zimni Buyuk Xitoy devorida yurgandek, milliard odam qurshovida Pekinning osmono‘par binolarini tomosha qilayotgandek his etardim. Lekin bunday uzoq manzilga uxlamasdan borish ilojsiz (Toshkent bilan Pekin orasi salkam to‘rt ming kilometr). Uxlab qolibman. Bir payt bort kuzatuvchisi avval xitoychalab (biz Xitoy aviakompaniyasiga qarashli havo laynerida parvoz qilayotgandik), so‘ngra inglizchalab samolyot qo‘nishga hozirlanayotganini e’lon qilib qoldi. Soatga qarasam, hali yarim tun: 2.45. Qop-qorong‘ida kirib borarkanmiz-da, manzilga, desam, yonimdagi sherigim: “Oynadan qarang-chi”, dedi. Qarasam, tashqari yop-yorug‘! Bilsam, bizda sahar paytda, Xitoyda allaqachon ertalab bo‘lar ekan.

– Xitoyda soat olti bo‘layapti! – Kimdir luqma tashladi.

Ana shunda geografiya o‘qituvchimizning soat mintaqalari to‘g‘risidagi sabog‘i yodimga tushdi. Bizdan Sharqda joylashgan mamlakatlarda quyosh ertaroq chiqadi-ku! Har bir davlat o‘z vaqtini shunga monand belgilaydi.

Ajabo, hammasiga aqlim yetib turibdi-yu, baribir hayratdaman: men kecha yo‘lga chiqib, besh soat o‘tmasdan “bugun”da turibman!

 

Pekin. Joylashuv. Birinchi manzil.

 

Pekin – Xitoyning poytaxti, yirik shahar. 20 milliondan ziyod aholi yashaydigan mazkur megapolisni mahalliy xalq Beyjing deb ataydi. U ikkita iyeroglif (xitoy alifbosiga xos belgi)dan iborat: bey – shimoliy, jing – poytaxt degani.

Shaharda meni ilk hayratlantirgan narsa ko‘cha to‘la velosiped va mototsikllar bo‘ldi. Yo‘q, ular avtomobil yoxud odamlar harakatiga umuman xalaqit bermaydi. Chunki ko‘cha uch yo‘lakdan iborat. O‘rta – avtomobillar, ikki yon – velosiped va mototsikllar, eng chet qismi piyodalar uchun. Odamlar... Bolalar, Toshkent, Samarqand, Namangan singari yirik shaharlarimizning markaziy ko‘chalariga yo‘lingiz tushganmi? Qanday gavjum, mashinalar serqatnov-a? Pekin ham shunday. Ayniqsa, ertalab, odamlar ishga otlanayotgan mahalda... Agar siz u yerga endi borgan bo‘lsangiz va yoningizda shaharni yaxshi biladigan hamrohingiz bo‘lmasa, adashib qolishingiz hech gap emas. To‘g‘ri, xitoyliklar xushmuomala, birorta savolingizni javobsiz qoldirmaydi. Biroq hammasi ham ingliz yoki rus tilini tushunavermaydi. Ular uchun ona tillari – xitoycha barcha tildan ustun. Iloji bo‘lsa, ularga xitoychalab murojaat qiling...

Biz, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida uyushtirilgan navbatdagi mediatur ishtirokchilari sanalmish bir guruh jurnalistlarga hamrohlik qilgan Day Yanli xonim (u kishi O‘zbekistondagi Xitoy elchixonasida xizmat qiladilar) rus va ingliz tillarini yaxshi bilar ekan. Uning yordamida Xitoyning bosh shahri ko‘chalarida o‘zimizni ancha erkin va yengil his etdik.

Mehmonxonaga joylashib, nonushta qilib olgach, Pekin markazidagi mashhur Imperator saroyiga – Jyananmen maydoni hamda Gugun saroy-muzeyiga yo‘l oldik.

 

Qadriyatlarni ulug‘lovchi xalq

 

Ko‘plab tarixiy shaharlarimizda bo‘lganman. Yurtdoshlarimizning qadimiy obidalarimizga muhabbatini his qilganman. Bu borada xitoyliklar ham bizga o‘xshar ekan. 72 gektarli ulkan hududni egallagan qadimiy Imperator saroyi mahalliy sayyohlar bilan to‘la. To‘g‘ri, u yerda xorijlik mehmonlar ham oz emas. Biz borgan kuni minglab chet elliklarga ko‘zim tushdi. Biroq saroyni tomosha qilayotgan kishilarning bittasi xorijlik bo‘lsa, to‘qqiztasi mahalliy xalq vakillari edi.

Qizig‘i, ular orasida bolalar ham, 70-80 yoshli keksalar ham anchagina. Ota-onalar, hatto 2-3 yashar farzandlarini ham olib borgan.

Ajablanganimni mahalliy yo‘lboshlovchimizga bildirganimda u: “Xitoyliklar tarixini juda e’zozlaydi. Ular farzandlariga ham ana shu tuyg‘uni singdirib borishadi”, deb javob berdi.

 

Buyuk Xitoy devori

 

Jahon tarixi darslarida Buyuk Xitoy devori qachon va nima maqsadda qurilgani haqida o‘qigansiz. Shu bois men bu mashhur obidaning o‘zim ko‘rgan jihatlarini so‘zlab bermoqchiman.

Kitoblarda uning ustida otliqlar bemalol yurgan, dushman uni oshib o‘tolmagan, degan ma’lumotlarni o‘qib: oddiy devor bo‘lsa, kuchli qo‘shinlar nahotki, uni oshib o‘tolmagan, deb o‘ylar edim. Tashqi dushmanlar uni oshib o‘tolmagani sababini ko‘rib bildim: yetti-sakkiz metr, ba’zi joylari undan ham baland devorning qalinligi besh metrcha bo‘lib, devor tepasining ikki cheti bir metrcha keladigan tuynukli qo‘shimcha to‘siq-devorlar bilan o‘ralgan. Haqiqatan ham devor ustida otliqlar va hatto aravalar bemalol yura oladi. Dushmandan mudofaa qilish uchun himoyachi askarlar joylashib, tuynuklardan yovga o‘q uzishgan. Uzunligi 7 ming kilometrga teng devor Pekin shahriga yaqin hududdan o‘tgan. Sayyohlar poytaxtdan Buyuk Xitoy devoriga avtomobilda yarim soatda yetishlari mumkin. Inshoot yaqinida do‘konlar, oshxonalar, umuman, sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yomg‘irli kunlarda yengilgina yomg‘irpo‘sh sotiladi. Kiyib olsangiz, hatto jalada ham ivimaysiz.

 

Xitoy taomlari

 

Kartoshkali murabbo, qalampir sepilgan non, povidlo surtilgan baliq – shu kabi antiqa taomlar an’anaviy xitoy pazandaligida alohida o‘rin tutadi. Mahalliy xalq sanchqini deyarli ishlatmaydi, oshxonalaridagi qoshiq-sanchqilar mehmonlar uchun. O‘zlari cho‘p bilan ovqatlanadi.

Tushki va kechki ovqatlarini dengiz mahsulotlari – har xil o‘t va ko‘katlar, baliq va qisqichbaqasimonlar go‘shtisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuningdek, dimlangan qo‘y go‘shti ham tansiq taomlaridan. Nilufar gulining ildizidan tayyorlangan salatlari juda mazali.

Darvoqe, tarvuz, pomidor, olma, bodring ham xitoyliklarning sevimli yeguliklaridan. Faqat bizdan farqi shuki, ular tarvuzni pomidorga qo‘shib tanovul qilishni xush ko‘rishadi. Xuddi biz pomidor bilan bodringni qo‘shib yeganimizdek.

 

Odamlar

 

Xitoyliklar xushchaqchaq xalq. Shandun provinsiyasining Jinan shahridagi Baotusyuan bog‘i va Daminhu ko‘liga sayohatimiz davomida 90 yoshlardagi onasi bilan sayr qilib yurgan 60 yashar bir onaxonni ikki og‘iz suhbatga tortdik. U bizning O‘zbekistondan ekanimizni bilgach, Samarqand va Buxoro shaharlari haqida ko‘p eshitganini aytdi. Xursand bo‘ldik. Bizning Xitoy sizlarga yoqyaptimi, deb so‘radi (xitoyliklar o‘z yurtlarini Chongo deb atashar ekan).

– Chongo – chiroyli yurt ekan, – deya lutf qildik biz ham.

 

Ona yurt sog‘inchi

 

Bu ulkan mamlakatga bir haftalik sayohatimiz qiziqarli kechdi. Pekindan tashqari Xitoyning qadimiy poytaxti – Nankin (aslida, Nanjing, nan – janubiy, jing – poytaxt degan ma’noni anglatadi), buloqlar shahri Jinan (shaharda sersuv chashmalar ko‘p) kabi go‘shalarda bo‘ldik. Aslo zerikib qolmadik, har kuni, har soatda bir yangilikka duch keldik. Ammo... Yuragimizning tubida bir his borgan kunimizning ertasigayoq paydo bo‘lib, qolgan kunlar bizga yo‘ldosh bo‘ldi. Bu – Vatan sog‘inchi edi.

1-sentabr – mustaqilligimizning 26 yilligi hamda muborak Qurbon hayiti nishonlanayotgan qutlug‘ kunda bir olam taassurotlar bilan ona yurtimizga qaytdik. Bu sana xitoylik tengdoshlaringizning ham bayrami edi: ular uchun o‘sha kuni yangi o‘quv yili boshlandi.

 

Elmurod NISHONOV,

Toshkent – Pekin – Toshkent

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.