Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chiqarsang yaxshi hordiq

  • Rukn: Nigoh
  • 329 marta ko‘rilgan

– Dadajon, ta’tilda oromgohga boramanmi? – so‘radi Soliha so‘nggi qo‘ng‘iroqning ertasiga.

– Borasan, lekin keyinroq, hozir iloji yo‘q, – dedi dadasi uzrli ohangda.

– Mayli dadajon, maktabimizda sport sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etilibdi. Direktorimiz In’om aka Xudoyberdiyev, kim oromgohda dam olmoqchi bo‘lsa, ota-onasidan so‘rab kelsin, dedilar. Oromgohda-chi dadajon, sport to‘garaklaridan tashqari, ingliz va rus tili, turli fan to‘garaklari ham ishlar ekan. Men o‘zimning raqs to‘garagim bilan birga suzishga ham qatnashmoqchiman.

– Unday bo‘lsa juda soz, ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Balki, ukangni ham olib borarsan, – dedi dadasi xursand bo‘lib.

Chindan ham ko‘p o‘tmay maktab qoshida tashkil etilgan “Bo‘ston” sport sog‘lomlashtirish oromgohi Soliha va maktabdoshlarining sevimli maskaniga aylandi.

– Butun yozgi ta’til davomida faoliyat ko‘rsatishi mo‘ljallangan oromgohimizda har kuni 90 dan ortiq bola hordiq chiqarmoqda, – deydi oromgoh rahbari Dilorom opa Ismoilova, – futbol, shashka, gandbol bo‘yicha tuman maktablariaro musobaqalarda “Bo‘ston”chilarimiz qo‘li baland keldi.

Dastlabki kunlari suzish havzasiga tushishga qo‘rqqan bolalar mavsum mobaynida nafaqat mohir suzuvchi, balki suzish bo‘yicha chempionga aylanishdi. Oromgohga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlarga tarjimonlik qilgan Sevara Bakirjonova, Javohir Xayrullayevlarning mahoratidan to‘garak nechog‘lik muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotganini ko‘rish mumkin. “Giyohvandlik – asr vabosi” rasmlar tanlovida ham oromgoh bolalari chizgan rasmlar eng yaxshi, deb topildi.

Ajoyib kuy-qo‘shiqlarsiz dam olib bo‘ladimi? Oromgoh musiqa to‘garagi rahbari Latofat opa Yusupovaning serzavq shogirdlari deyarli har kuni o‘rtoqlariga konsert dasturi namoyish qilishdi. Dam oluvchilarga, ayniqsa, Soliha Sobirova ijro etgan milliy raqslar juda manzur bo‘ldi.

“Chiqarsang yaxshi hordiq, biliming ketar ortib” deyishadi. Darhaqiqat, yozgi ta’tilni o‘zlariga manzur mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib, sevimli badiiy asarlarni o‘qib o‘tkazgan Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 236-maktabning bu serg‘ayrat o‘quvchilari yangi o‘quv yilida maktabning eng a’lochi, faol bolalariga aylanishlariga ishonamiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.