Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Chiroy ochayotgan Manas

  • Rukn: Nigoh
  • 277 marta ko‘rilgan

Qirq besh kun ichida butunlay yangi qiyofaga kirgan Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ini bugun qishloq deyishga til bormaydi. Barcha bino va uylar yangicha ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Go‘yo yangi qurilgan maktablardek ko‘rk sochib turgan hududdagi 5-umumta’lim maktabi aslida 1966-yil qurilgan. Xolbo‘ta Mingjigitov rahbarlik qilayotgan bu maskanda bugungi kunda 636 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Ro‘za Xolmo‘minova, Azamat Yo‘ldoshev, Xurshida Ulug‘murodova, Tursunoy Xo‘rozova, Ozodbek Ahmatov, Nilufar Isoqova, Abduhakim Ibragimov va Vohid Ochilovlar o‘quv dargohining iqtidorli o‘quvchilaridan. Ular, shuningdek, eng jamoatchi, tashkilotchi va turli fan olimpiada g‘oliblaridan.

– “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasida maktabimiz to‘liq ta’mirlanib, 10 ta sinf xonasi yangi jihozlar bilan ta’minlandi. O‘qituvchi va o‘quvchilarimiz uchun yagona maktab formasi joriy etildi. Tashlandiq holga kelib qolgan 4 xonali ustaxona to‘liq ta’mirlanib, bu yerda 10-11-sinf o‘quvchilari uchun to‘rt yo‘nalish – chilangarlik, duradgorlik, tikuvchilik va kompyuter operatorligi kabi to‘garaklar tashkil etildi. Ular zamonaviy asbob-uskuna, stanok, tikuv mashinalari hamda kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi. Bu esa o‘quvchilarimizning kasb-hunar o‘rganishlari uchun yanada katta imkoniyat yaratib bermoqda. Buning uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz va ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlarimiz bilan ularning ishonchlarini oqlaymiz, – deydi maktab rahbari.

Manas qishlog‘iga tashrif buyurgan bir guruh ijodkor va san’atkorlar, nuroniy keksalarning katta o‘zgarishlardan boshi osmonga yetdi. Joylardagi tadbirlarda so‘zga chiqqanlar amalga oshirilgan ishlardan qanchalar xursand ekanliklari, yaratilgan sharoitlardan o‘quvchilar munosib foydalanishlari, o‘quv dargohi, jihozlarini ko‘z qorachig‘idek asrashlari va bunga bilim olishdagi yutuqlari bilan javob berishlari zarurligi haqida fikr bildirdilar. “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika Boshqaruvi tomonidan maktab kutubxonasi uchun 100 dan ziyod sara badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.

 

Gulchehra KARIMOVA

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.