Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ekobog‘ – vaqtingiz o‘tar chog‘

  • Rukn: Nigoh
  • 45 marta ko‘rilgan

Tabiat go‘zal, ayniqsa, bahorda. Maysalarning intiq nigohi quyoshni izlab ko‘kka o‘rmalasa, qushlarning yangi “xirgoyi”lari borliqni raqsga chorlaydi. Hayvonot, nabotot, odamzod, jamiki tiriklik bu rang-barang o‘zgarishlardan yangi ruh oladi, umrining yangi pallasini boshlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yer-u osmon o‘rtasi ham jisman, ham ruhan kamalak libosini kiyadi, tevarakni ajib hislar o‘raydi. Ko‘rganing, eshitganing, his etganing olis o‘lkalardagi sehrli hayot manzaralariga o‘xshab ketadi.

Poytaxtimizda o‘tgan yilning yoz faslida ochilgan Bobur nomidagi Toshkent Markaziy ekobog‘iga kelgan kishi mana shunday o‘ylar qurshovida qolishi, tabiiy...

...Keling, avvalo, mazkur bog‘ga nega aynan bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilganligiga to‘xtalib o‘tsak. Tarixdan ma’lumki, aksar fotihlar o‘zlari bosib olgan hududlarni misli ko‘rilmagan darajada talashgan. Tarixiy obidalari, tabiati-yu xalqiga ko‘plab talofatlar yetkazishgan. Bobur-chi?

Hind xalqining mashhur olimi M. Randhavaning “Jahon bog‘lari” kitobida Bobur tomonidan Hindistonda barpo etilgan bog‘lar haqida so‘z yuritiladi. Olimning keltirishicha, Bobur 1526-yil mashhur Panipat jangida Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diy ustidan g‘alaba qozongach, bu tarixiy muzaffarlik sha’niga shaharda katta bog‘ qurishni buyuradi. Hattoki, bog‘ bitgunga qadar Panipatda qolib, qurilish ishlarini nazorat qilib turadi. Bu maskan hozirga qadar Hindistondagi eng mashhur bog‘ hisoblanib, uning darvozasi yoniga “Panipat jangi Hindiston tarixida buyuk burilish yasadi”, deb yozib qo‘yilgan. Bu e’tirofdan ma’lumki, Boburning Hindistonni egallashi u yerda nafaqat bog‘dorchilikni, balki madaniy hayotdagi ko‘plab inqiloblarni boshlab berdi. Shuningdek, Hindiston tarixidagi mashhur davlat arbobi Javohir-la’l Neru ham bu haqida so‘z yuritib shunday degan: “Bobur gulni, bog‘larni juda sevardi, bu bog‘larda sayr qilib tez-tez o‘z vatanini o‘ylardi”.

Nazarimizda, Bobur va bog‘lar o‘rtasidagi bog‘liqlik hamda poytaxt ekobog‘iga nom berilishi haqida umumiy tasavvurlarni oldingiz. Endi navbat bog‘ aro sayrga...

000

Ekoboqqa keluvchilar birinchi navbatda o‘zgacha uslubda yaratilgan halqalarni uchratadi. Halqalarda bog‘ “xaritasi”ni ko‘rsatuvchi tablolar joylashtirilgan. U orqali bog‘ning o‘zingizga ma’qul qismini osongina topib olasiz. Ekobog‘ 12 kv. km. hududni egallagan. Unda yugurish va velosiped yo‘lakchalari, mini futbol, oq qum to‘shalgan plyaj voleyboli va badminton maydonchalari, vorkaut uchun trenajyorlar, yoga bilan shug‘ullanish uchun peshayvon hamda ikkita tennis korti mavjud. Shuningdek, bolalar uchun ham o‘yin maydonchalari mavjud. Ammo, bu yerda turli attraksionlar yo‘q. Ajablanyapsizmi? Axir bog‘ o‘z nomi bilan ekobog‘.

Bog‘ning landshaft dizayni, hovuzchalari, sport maydonlari har bir sayyoh e’tiborini tortishi tabiiy. Eng muhim jihati, bog‘ sezilarli darajada sokin. O‘rtada favvora o‘rnatilgan. Yashil hudud markazida atrofi ko‘l bilan o‘ralgan orolcha ham mavjud. Orolchada turli tadbirlar hamda bayramlar o‘tkazish, esdalik uchun fotosuratga tushish mumkin. Shuningdek, sayr qiluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida tez tibbiy yordam, onalar va bolalar xonalari ham bunyod etilgan. Bog‘ning ikkinchi darvozasi yonidagi kumushrang aylana shaklidagi antiqa favvorani poytaxtimizning boshqa bog‘larida uchratmaysiz. U go‘yoki quyoshdek har tarafga “nur” taratib turibdi.

Qisqasi, keling, ko‘ring, quvoning. Tabiat va inson o‘rtasidagi buyuk do‘stlikni aynan shu yerda yanada teranroq his etasiz. Ekobog‘ – ko‘nglingizni chog‘ qilishiga aminmiz.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.