Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

E’tiborli bo‘laylik

  • Rukn: Nigoh
  • 409 marta ko‘rilgan

“Kamalak yulduzlari” tanlovidan faxrli o‘rinni olib, avtobusga chiqdim. Oxirgi o‘rindiqqa o‘tirib, onajonimning xursand bo‘lib, erkalab qo‘yishini ko‘z oldimga keltirdim. Bundoq qarasam, bir ayol tik turib ketayotgan ekan. Darrov o‘rnimdan turib salom berdim:

– Xola, mening joyimga borib o‘tiring, – dedim. U kishi:

– Rahmat, o‘g‘lim, men tik turib ketaveraman, – dedi. Xijolat bo‘lganimdan men ham tik turib ketaverdim.

Ayol menga bir muddat qarab turdi-da:

– Senga bir voqeani aytib beraymi? – dedi. Men “Ha”, deya javob qildim.

– Bir kuni uyga borish uchun avtobusga o‘tirdim. Bir nechta bekatdan so‘ng avtobus gavjum bo‘lib qoldi. Uyim yonidagi bekatga tushib qarasam, qari onam men kelgan avtobusdan og‘ir yuk bilan tushib kelyapti.

“Qizim, avtobusda odam ko‘p ekan, nevaralarimni sog‘indim, ko‘rib ketay deb kelayotgan edim. Yo‘l bo‘yi tik turib keldim, birorta bo‘sh joy yo‘g‘-a? Yoshlar ham o‘zidan bilib joy beray demaydi-ya!” dedi. Qo‘lidagi og‘ir sumkani olar ekanman, birinchi marta avtobusda o‘tirib kelganimdan uyaldim, – deb boshimni silab qo‘ydi.

– Xola, axir onangizni ko‘rmagansiz-ku, – dedim.

Ayol esa kulimsirab:

– Loqaydlik va beparvolik doimo odamni uyatga, noqulay ahvolga solib qo‘yadi. Rahmat, menga joy berganing uchun, – deb o‘rindiqqa o‘tirar ekan, minnatdorlik bildirdi.

 

Umidjon RAHMONOV,

Navoiy shahri 12-DIUM 8-sinf

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.