Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

G‘ozlar qaytgan kun

  • Rukn: Nigoh
  • 112 marta ko‘rilgan

Bir kuni opam yuksak tog‘ tizmalarida joylashgan qishlog‘imiz Qiziltomdagi Zarli dalasidan to‘rtta tuxum olib keldi. Ular tovuq tuxumidan kattaroq, sap-sariq po‘chog‘idagi kichik-kichik nuqtalar zardek tovlanar edi. Opam bu tuxumlarni Zarlidagi ostidan suv qaynab chiquvchi ko‘l yonidagi uyadan olgan ekan. Bu yulduzchali sariq tuxumlarni nima qilish kerak, deb o‘ylab qoldim. “Jo‘ja qilish kerak!” – dedi xayolimda kimdir. Men opamning oldiga yugurib bordim.

– Opa, bu tuxumlardan jo‘ja ochtirish kerak!

Opamning maslahati bilan tovuqxonada tuxum bosib yotgan kurk tovuq ostiga tuxumlarni qo‘yib, uning ostidagi 4 ta tovuq tuxumini qaytarib oldim. Chunki opamning aytishicha, ortiqcha tuxumlarni tovuq o‘z ostida isita olmas, jo‘jalar ham tuxumni yorib chiqolmas ekan.

Uch hafta o‘tib jo‘jalar tuxumlarni yorib, tashqariga chiqishdi. O‘sha to‘rtta tuxumdan chiqqan jo‘jalar sariq-ola, tovuq tuxumidan chiqqan jo‘jalardan xiyla kattaroq ham edi. Men ularni nonning ushog‘i, keyinchalik bug‘doy donlari bilan boqa boshladim. Oylar o‘tgan sari mening jo‘jalarim hovli chetidagi ariqda miriqib-miriqib suzishdi. Bo‘yni, ko‘kragi oq, dumi, qanotlari sap-sariq g‘ozga aylanishdi. Kutilmaganda ular qanotlarini qarsillatib, bir-biriga urib, chopishib, hovlimizdan uchib ketishdi. Men o‘rtoqlarim bilan hovlidan chiqib, g‘ozlar uchib ketayotgan tomonga chopdim. G‘ozlar uyimiz yaqinidan oqib o‘tgan daryogacha borib, o‘zlarini suvga tashlab, “g‘oq-g‘oq” deya suzib ketdi...

Keyinchalik biz guzar bolalari maktabdan kelib, daryoga boradigan, g‘ozlarga o‘xshab “g‘oq-g‘oq” degancha ularga qo‘shilib suzadigan bo‘ldik. Bir kuni maktabdan endigina kelib turgandim, daryo tomondan qarsillagan o‘q ovozi eshitildi. Biz o‘sha yoqqa qarab yugurdik. Yetib borganimizda, ovchi yaralangan g‘ozlardan birini ko‘tarib ketayotgan ekan. Biz baqirib-chaqirib ovchini toshbo‘ron qildik. Toshdan tazirini yegan ovchi bizga miltig‘ini o‘qtaldi.

– Yo‘qollaring, hammangni otib tashlayman! – deb boshimizdan oshirib o‘q uzdi. Biz qo‘limizdagi toshlarni yerga tashladik.

Bir bizga, bir qo‘lidagi jonsiz g‘ozga qarab:

– Men geologman, ularni yovvoyi deb o‘ylabman. Kechiringlar, – dedi. Keyin, chodirimga boringlar, sovg‘a beraman! – dedi-da, g‘ozni olib ketdi.

Geolog-ovchi boshqa g‘oz otmadi. G‘ozlar har kuni o‘sha daryoda cho‘milib, baliqlarni tutib yeb, hovliga qaytib keladigan bo‘ldi.

Saraton o‘tib, kuz kelgach, g‘ozlar negadir har kuni hovlida o‘z tillarida “qo‘shiq kuylab” yuguradigan bo‘ldi. Men ham ba’zan shovqindan uyqum o‘chib, ularning oldiga chiqib, “g‘oq-g‘oq”lab chopar, raqsga tushar edim. Bir tunda ular hovli yuzida juda ko‘p yugurishdi, keyin qanotlarini qarsillatib, bir-biriga urib, ko‘kka ko‘tarildi-da, uchib ketdi. Men o‘shanda daryoga qarab chopdim. Ular daryochada ham ko‘rinmadi, tovushlari ham eshitilmadi.

Men o‘sha g‘ozlardek “g‘oq-g‘oq” deb baqirdim, chaqirdim. Ammo ular javob bermadi...

Tog‘larni ham, qishloqni ham oppoq qor qopladi. Asriy archalar ham oppoq libos kiygan ulkan “qorbobo”ga aylanishdi. Bahor kelgach, qayoqqadir ketib qolgan laylak, kaklik, so‘fito‘rg‘aylar, fotimachumchuqlar qayta boshladi. O‘shanday kunlarning birida hovlimiz “osmoni”dan o‘sha yo‘qolgan g‘ozlar tovushi eshitildi. Ha-ha, o‘sha sayohatga ketgan uchala g‘oz, osmondan hovlimizga tushib, qanotlarini bir-biriga qarsillatib urib, o‘zlari bilan bir uyada yetilgan tovuq “do‘stlar”i atrofida “g‘oq-g‘oq”lab qo‘shiq kuylay boshladi. Balki yurtparvar, “do‘stlari” diydorini sog‘ingan bu g‘ozlar turnalarga o‘xshab eng yuksak Hinduqush tog‘lari cho‘qqilaridan o‘tgandir. Balki o‘sha qor yog‘maydigan o‘lkalar o‘t-o‘lanlarini yeb semirib qaytishgandir. Birovini ushlab bag‘rimga bosdim, o‘pdim, sog‘inch ko‘zyoshlarini qanoti ustiga to‘kdim. U semiz, og‘ir, chiroyli edi.

Guzarimiz bolalari o‘sha uchala g‘oz bilan daryoda cho‘milib, quvlashib yuraverdik.

Yana kuz keldi. Yana turnalar, kakliklar issiq o‘lkalarga qayta boshladi. Bir kun maktabdan kelsam, g‘oz tovushlari eshitilmadi. Opam oldimga bir kosa sho‘rva qo‘ydi.

– Bu nimaning go‘shti?! – so‘radim kosamni kavlab.

– G‘oz go‘shti.

– Qaysi g‘ozning?

– Sening g‘ozlaringni-da! Sariq-ola g‘ozlarni. – Sho‘rvani kosasi bilan tashqariga otdim.

– Zolimlar, ochko‘zlar! Bu g‘ozlar bora-bora, o‘nta, yuzta, mingta ham bo‘lar edi. Qishlog‘imiz hovlilarida, osmonida erkin-erkin qanot qoqardi...

Ho‘ngrab yig‘lardim.

– Ezilma, foydasi yo‘q endi. Pochchang “Bu kuzda yana uchib ketib qolmasin”, – deb qo‘rqdi, – dedi opam xotirjam. – Ammo bitta g‘ozga o‘q tegmadi, uchib ketdi...

Men shundan so‘ng sal tinchlandim.

Hozir yoshim 79 da. O‘sha g‘ozlar hanuz tushimga kiradi. Oltmish yetti yildan buyon ular bilan hovlida raqsga tushaman, daryoda cho‘milaman. Tushim hech tugamasligini istayman. Ularni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman-da. Ammo bugun tongda uyqudan uyg‘onib, deraza yoniga kelganimda qulog‘imga g‘oz ovozi eshitildi. Siz ham eshiting, osmonda yangrayotgan g‘ozlar ovozi-ku, to‘g‘rimi?!

Nahotki, nahotki o‘sha yolg‘iz g‘ozning avlodlari qaytgan bo‘lsa!

 

O‘roq SAIDOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.