Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Gulxan” atrofida suhbatlar

  • Rukn: Nigoh
  • 681 marta ko‘rilgan

Kuz oxirlab borayotgan kunlarda viloyatlardagi jurnalxonlar, o‘qituvchi-ustozlar bilan yuzma-yuz ko‘rishish, dildan suhbatlashish, jurnalning kelgusi yil rejalarini birgalikda tuzish maqsadida safarga otlandik. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil qilinib, “Matbuot kunlari” deb atalgan ushbu safar ishtirokchilari safida sevimli nashrlaringiz “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlaridan vakillar ham bor edi.

Safarimiz allomalar beshigi bo‘lgan Buxorodan boshlandi. Buxoro viloyatida 527 ta maktab bor. Buxorolik bolalar “Gulxan”ning eng faol va sinchkov o‘quvchilari. Bunday deyishimizga sabab, buxoroliklar jurnalda e’lon qilingan bahs-munozarali mavzularni hech qachon befarq qoldirishmaydi. Shu bois ular bilan bo‘lgan uchrashuvimiz ham juda qizg‘in o‘tdi. Uchrashuvni boshlab bergan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Halim aka Rajabzoda respublika bolalarining suyukli nashri “Gulxan” bilan o‘quvchilik davridan buyon do‘stligi haqida zavqlanib hikoya qildi.

Kogon tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimi Shoira opa Jo‘rayeva jurnal o‘qituvchilarga o‘z fanlarini o‘tishlarida qo‘shimcha qo‘llanma bo‘layotganini, o‘quvchilar undagi “Vatan nomi bilan”, “Iste’dod – millat mulki”, “Ertamiz egalari” ruknlari qahramonlaridan o‘rnak, ibrat olayotganligi haqida hikoya qildi.

Shahardagi 8-maktab direktor o‘rinbosari Rayhona Rahimova: – kelgusi yilda jurnalda viloyatlar yo‘qlamasi sahifasi ochilsa, ayni muddao bo‘lardi. Chunki, turli viloyatlarda amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor bo‘lib, tajriba almashardik, – degan ajoyib fikrni o‘rtaga tashladi. Bu yerda ustozlar bildirgan taklif va munosabatlar bilan yon daftarimizni to‘ldirib, qo‘shni Navoiy viloyatiga o‘tdik.

Navoiy shahridagi o‘quvchilar mustaqilligimiz arafasida ajoyib sovg‘alik bo‘lishibdi. Shahardagi maktablar soni yana bittaga oshibdi. Yangidan qurib bitkazilgan 19-maktab 707 nafar bolani o‘z bag‘riga olibdi. Maktabga uzoq yillar Navoiy shahridagi mashhur 11-maktabda direktor bo‘lgan Gulnora opa Jumaniyozova rahbarlik qilayotgan ekan.

– Yangi maktabimizdagi birinchi yutug‘imizni qo‘lga kiritdik. O‘quvchilarimiz “Zukko kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lishdi, – deydi opa quvonch bilan.

Bu yutuqda biz o‘ziga xos xislatni ko‘rdik. Chunki kitobni sevgan, uni o‘ziga do‘st deb bilgan maktab o‘quvchilari, shubhasiz, bundan buyon ham katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishadi. Uchrashuvimiz yangi maktabning yangi zalida boshlandi. Viloyatning barcha tumanlari, ta’lim bo‘limlari xodimlari ustoz o‘qituvchilar bilan dildan suhbatlashdik.

Shahardagi 1-ixtisoslashgan Davlat ta’lim maskani o‘qituvchisi Saida Sanaqulova jurnalda rus tili saboqlari ham olib borilishi, unda rusiyzabon o‘quvchilarning o‘zbek tilida yozgan she’r, hikoyalarini yoritish taklifi bilan chiqdi.

Xatirchi tumani xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Nahima Xushvaqtova “O‘zbek adiblari” sahifasi adabiyot o‘qituvchilari uchun ayni muddao bo‘lganligini, jurnalda o‘qituvchilar ijodiga ham kengroq o‘rin berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida, shu tumanning 4-maktab o‘qituvchisi Lola Vohidova esa “Gulxan”da “Mitti tarjimon” sahifasi tashkil etilsa bolalarning chet el adabiyotiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortishi haqida kuyunchaklik bilan so‘zlashdi. Uchrashuvimiz uzoq davom etdi. Bu esa 2018-yil rejalari boyishidan, jurnal sahifalari yanada qiziqarli bo‘lishidan darak berdi. Uchrashuvdan ko‘nglimiz to‘lib, qadimiy va navqiron Samarqand sari yo‘l oldik.

Bizni viloyatning uzoq-yaqin tumanlaridan kelgan maktab rahbarlari, o‘qituvchilar qarshi olishdi. Bu yerda ham uchrashuv ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. O‘qituvchilar jurnal haqida ijobiy fikrlar, yaxshi takliflar bildirishdi. Ishtixon tumanidagi 32-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi Aslixon Ergashev, bolalar nashrlarida bolalar uchun yozilgan qo‘shiqlar notasi bilan chop etilsa, o‘quvchi ko‘proq qo‘shiq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishini aytdi. Ustozlar jurnalimizda e’lon qilingan “Mashhurlar bolaligi”, “Mulohaza uchun mavzu” ruknidagi maqolalar, taniqli ijodkorlarimiz she’rlari dars jarayonida qo‘l kelishini ta’kidlab o‘tdilar. Muloqotimizda bugungi bolalar nimalarni o‘qishni xohlashadi, ularni turli yot g‘oyalardan asrashga va to‘g‘ri fikrlashga undovchi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.

Jizzaxliklar bizni yangi kapital ta’mirlanib o‘quvchilarga topshirilgan Sharof Rashidov nomidagi 10-sonli maktabda kutib turishgan ekan. Buyuk davlat arbobi va adabiyotimizning zabardast vakili tahsil olgan maktab binosi joylashgan hududda Sharof Rashidov memorial muzeyi, Sharof Rashidov xiyoboni barpo etilgan. Bizning e’tiborimizni tortgani maktab oldida savlat to‘kib turgan poyezd vagoni bo‘ldi. Vagon mamlakat rahbariga turli tashriflar va xizmat safarlari chog‘ida xizmat qilgan ekan. Bu yerda yana xalqimizning suyukli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni bunyod etilibdi. Adabiyotga qiziqqanlar uchun Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan maktab-internat tashkil etilgan. Biz uchun quvonarlisi, uchrashuvda chinakam “Gulxan” muxlislarini kashf qildik. Ular kelgusi yil uchun ham jurnalga obuna bo‘lishibdi.

Sirdaryo viloyatiga safarimiz Guliston shahridagi 5-maktabdan boshlandi. O‘qituvchi-ustozlar bildirgan takliflar bizni yanada ruhlantirdi. Sardoba tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi Ozoda Boboyeva kelgusi yil jurnalda bolalarga qadimiy o‘yinlar haqida ma’lumotlar berib borish taklifini bildirdi.

Birin-ketin so‘zga chiqqan ustozlar chet davlatlar maktablaridagi yangiliklar, o‘quvchilar hayoti haqida bilishni istashadi. “Gulxan”ning ma’lum qismi rus tilida chop etilsa, o‘zbek tilini o‘rganayotgan bolalarga yordam bo‘lishi haqida o‘z mulohazalarini bildirishdi.

Albatta, biz mazkur takliflarning barchasini tahrir hay’ati a’zolari bilan birga o‘rganamiz, iloji boricha amalga oshirishga harakat qilamiz. Chunki, bahslar, o‘zaro tajriba almashishlar yangi mavzularga, ezgu ishlarga yo‘l ochadi. Biz bir olam rejalar bilan “Gulxan”imiz bag‘riga qaytdik.

 

Muhabbat HAMIDOVA,

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.