Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gulxan uchrashuvlari

  • Rukn: Nigoh
  • 223 marta ko‘rilgan

Aziz o‘quvchilar! Sahifadagi fotosuratlarni ko‘rib havasingiz kelyaptimi? Agar “Gulxan”ning doimiy muxlisiga aylansangiz, jurnal ijodkorlari sizning ham maktabingizga albatta, borishadi.

“Boshlang‘ich ta’lim fan oyligi” hamda “Matbuot kunlari” munosabati bilan Toshkent shahridagi bir nechta maktablarda o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuvlarda bo‘lib qaytdik. Bular Yunusobod tumanidagi 67-, 122-, 274-, Bektemir tumanidagi 292-, 289-, Yashnobod tumanidagi 244-, Mirobod tumanidagi 294-, Shayxontohur tumanidagi 262-, Chilonzor tumanidagi 201-maktablardir. Keling yaxshisi, bu tadbirlarning o‘ziga xos tomonlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

262-maktabdagi uchrashuvda nafaqat Gulxanjon, balki Respublika yosh tomoshabinlar teatrining taniqli aktyori Yodgora Ziyomuhamedova, yosh rejissor Yo‘ldosh Ermatov ham ishtirok etishdi. Maktabning jonkuyar ustozlari Go‘zal G‘ofurova, Dildora Hamidullayeva, Muhabbat Sirojiddinova, Muhtaram Irgashevalar bu uchrashuvga bolalarni juda yaxshi tayyorlashibdi. Shu kuni bolalar ijrosida ajoyib kuy va qo‘shiqlar yangradi. Ular jaranglatib aytib bergan she’rlar barchada katta taassurot qoldirdi. Uchrashuvda Yodgora Ziyomuhamedova “Qunduz bobo ertaklari” multfilmi dublyajidagi obrazidan bir parcha ijro qilib, yig‘ilganlarga bir olam quvonch bag‘ishladi. Bolalar “Gulxan”da chop etilgan she’rlardan namunalar yodlashdi.

“Bolalar adabiyoti oyligi”ga mehr bilan tayyorgarlik ko‘rgan 294-maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari – Shukrona Ahmadjonova, Madina Yaxshilikova, Davron Jo‘raqulov, Islombek Aktamovlar esa Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Zulfiya Mo‘minovalarning vatan haqidagi she’rlarini hech tutilmay, nihoyatda chiroyli ohangda ifodali qilib yoddan aytishdi. Uchrashuvga taklif etilgan bolalar shoiri Dilshod Rajab jirafa hamda Qorqiz haqidagi hazil she’rlarini o‘qib barcha ishtirokchilarni rosa quvontirdi.

Suratdagi qo‘l ishlarini ko‘rayapsizlarmi, qanday chiroyli-a! Bu Yangi yil qahramonlarini 244-maktab bolalari o‘z qo‘llari bilan yasashgan. Albatta, ularga Zamira Berdiyeva singari ustozlari yordam berishgan.

Maktab rahbari Mamlakat Abduvaliyevaning “Biz 2019-yil uchun barcha bolalar nashrlariga homiylik asosida 20 donadan obuna bo‘ldik”, degan gaplarini eshitib boshimiz ko‘kka yetdi. Qani endi, yurtimizdagi barcha maktab rahbarlari o‘quvchilarning ma’naviyati uchun juda zarur bo‘lgan bu nashrlarga Mamlakat opadek ongli munosabatda bo‘lsa, degan o‘ylar o‘tdi xayolimizdan.

Eng muhimi, qayerda bo‘lmaylik, o‘quvchilarga qarab shuni angladikki, Prezidentimizning kitob haqidagi qaror va farmonlarining ijobati o‘sib kelayotgan yosh avlodning savol-javoblarida, chaqnab turgan yuz-ko‘zlarida, ular ijrosidagi har bir she’r, har bir sahna asarida o‘z aksini topmoqda.

Ha, O‘zbekistonda jurnalxon va kitobxon bolalar ko‘payaversin, biz esa ularning huzuriga yugurib borishga, zukko va donolarga peshvoz chiqishga hamisha tayyormiz.

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.