Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Gulxan” uchrashuvlari

  • Rukn: Nigoh
  • 140 marta ko‘rilgan

Gulxanjon qadrdon do‘stlari, jurnalxonlar bilan tez-tez uchrashishni, dildan suhbatlashishni xush ko‘radi. Shu bois maktablarda o‘tkaziladigan tadbirlarga taklif qilinsa, qo‘liga fotoapparatini olib, hamkasb aka-opalari bilan yo‘lga tushadi.

Aprel oyi ham ana shunday uchrashuvlarga boy bo‘ldi.

 

Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi 14-maktabda “Kitob – ma’naviyat quyoshi” nomli tadbir juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. O‘quvchilar 8-mo‘jiza deb tan olingan kitob haqida she’rlar, maqol va hikmatlar aytishdi. Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z. Mirg‘oziyev tadbirni ochib, o‘quvchilar uchun kitobxonlikka yo‘l “Gulxan” jurnalidagi she’r, hikoya, ertaklar orqali boshlanishini alohida ta’kidladi.

Ko‘p yillardan buyon Gulxanjon bilan do‘stlikni davom ettirayotgan o‘quvchilarning jurnal tarixi, rejalari haqidagi savollariga jurnal bosh muharriri Zahro opa Hasanova batafsil javob berdi.

 

Qibray tumanidagi 50-umumta’lim maktabida esa “Maktabimga kitob sovg‘a qilaman” tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Gulxan” jurnali bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Hamidova ishtirok etib, badiiy asarlarning bolalar kamolotiga qo‘shadigan hissasi haqida gapirdi. Kitobxonlikni oshirishda bolalar jurnallarining o‘rni, maktab kutubxonachisining vazifalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Maktab direktori Hilola Rahimova yuqoridagi nom ostida o‘tayotgan tadbir tufayli maktab kutubxonasi badiiy kitoblar bilan boyib borayotganini, eng muhimi, bu tadbirda “Bahor” mahallasidagi ko‘plab ota-onalar faol qatnashayotganini faxrlanib so‘zladi. Kecha oxirida M. Hamidova maktab kutubxonasiga o‘zi yozgan kitoblar, jurnalning yillik taxlamidan tashqari yana 15 ta badiiy kitob sovg‘a qildi.

 

 

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 270-maktab kutubxonachisi Latifa opa Ergasheva tahririyat bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qiladi. Maktabning jurnalsevar o‘quvchi va o‘qituvchilari “Gulxan”ning har bir sonini diqqat bilan o‘qib, fikrlarini bildirib borishadi. “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” deb nomlangan adabiy tadbirda o‘quvchilar o‘qigan asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish qilishdi. “Gulxan” bo‘lim muharriri Iroda Umarova jurnalxonlarga qimmatli mulohazalar uchun minnatdorlik bildirib, ularga maqola, xabar qanday yozilishi haqida maslahatlar berdi. Chilonzor tumani bosh imom xatibi Abduqahhor aka Yunusov muqaddas kitoblarda ham inson hayotida ilm va kitobning o‘rni haqida aytilgan fikrlardan iqtiboslar keltirdi. U maktab kutubxonasiga nodir asarlardan sovg‘a qildi. Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar shu yerning o‘zida farzandlarini “Gulxan” jurnaliga obuna qilishdi.

 

Muxbirimiz

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.