Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hamid Gʻulom

  • Rukn: Nigoh
  • 67 marta ko‘rilgan

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Davlat mukofotlari laureati Hamid Gʻulom 1919-yil Toshkentda tugʻilgan.

Maktabni bitirgach, Oʻrta Osiyo industrial instituti (1935–1937) va Toshkent pedagogika institutida (1938–1941) oʻqidi.

1955–1956-yillarda Moskvadagi M. Gorkiy nomli Adabiyot instituti qoshida tashkil etilgan Oliy Adabiyot kurslarida tahsil olgach, “Literaturnaya gazeta”ning Oʻzbekiston boʻyicha maxsus muxbiri boʻldi. 1958–1965-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasida ishladi. 1965–1972-yillarda “Sharq yulduzi” jurnaliga bosh muharrir, shuningdek, uzoq yillar Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotiga rahbarlik qildi.

H. Gʻulom adabiyotga oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari oʻrtalarida “Bizning lager”, “Quyosh kabi charogʻon” (1936) sheʼrlari bilan kirib keldi. U vatanparvarlik, dushmanga nafrat ruhi ifodalangan “Qasosim bor” (1942), “Katerina” (1942), “Ukraina yellari” (1943) kabi sheʼr va balladalarini urush yillarida yaratgan.

H. Gʻulom keyinchalik “Qoʻshiqlarim” (1949–1956), “Dnepr boʻyida” (1949), “Gʻalaba yoʻlida” (1952–1956), “Olmos qizi” (1956), “Yozyovon”, “Vafoning uzun yoʻli” asarlari, “Mashʼal” (1959), “Senga intilaman” (1963), “Binafsha atri” romanlarini nashr ettirdi.

Adib asarlari koʻpgina jahon xalqlari tillarida nashr etilgan. Jumladan, “Mangulik” romani xitoy tilida yarim million nusxada chop etilgan.

Uning respublika teatrlarida sahnalashtirilgan “Fargʻona hikoyasi”, “Toshbolta oshiq”, “Oʻgʻil uylantirish”, “Ajab savdolar” kabi zamonaviy mavzulardagi komediyalari tomoshabinlarning eng sevimli asari sifatida tan olingan.

“Toshkentliklar” (1974) romani Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Mustaqillik yillarida yozuvchi “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

  1. H. Gʻulom 2005-yil 21-avgusdat Toshkent shahrida vafot etgan.

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.