Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Har bolaga bir “Gulxan”

  • Rukn: Nigoh
  • 106 marta ko‘rilgan

Men o‘quvchilarimizning ma’naviy dunyosini boyitayotgan, ularni barkamollik sari yetaklayotgan “Gulxan” jurnalining har bir sonini orziqib kutaman. Chunki jurnal sahifalarida o‘qituvchining ish jarayonida qo‘l keladigan ko‘plab mavzular yoritiladi. Ayniqsa, darslikka kirgan shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodi haqida qiziqarli ma’lumotlar hamda portretlarining berilayotgani biz o‘qituvchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Yana muqovaning 2-betida turli sanalarga bag‘ishlab e’lon qilinayotgan she’rlardan tadbirlarda foydalanaman. Shuning uchun men har yili (35 yildan buyon) jurnalga obuna bo‘laman. Shu o‘rinda bir narsani aytishni istardim. Jurnalning sinf obunasi o‘zini oqlamaydi. Chunki bunday paytda jurnal ko‘rgazmaga aylanadi. Sinf rahbari uni hech qachon o‘quvchiga uyda o‘qib kelish uchun berib yubormaydi. Uning eskirishi yoki yo‘qolib qolishidan xavotirlanadi.

Vaholanki, kitob yoki jurnalning qadri uning qanchalik ko‘p o‘qilgani bilan belgilanadi. Jurnal bolaning o‘z mulki bo‘lsa, har kuni ko‘zi jurnalga tushib tursa, sahifalarini varaqlab, rasmlarini tomosha qilsa, o‘ziga ma’qul ertak, hikoyani qayta-qayta o‘qisa, jurnalini birovga berishdan qizg‘ansa, u jurnalxonga aylanadi. Jurnalni muntazam o‘qib borgan bolada badiiy asar o‘qish ko‘nikmasi shakllanadi. Zukko jurnalxon esa talabchan kitobxonga aylanadi.

Men ana shu fikrlarimni o‘quvchilarimning ota-onalariga ham aytdim. Ko‘pchilik ota-onalar bu fikrimga qo‘shilishdi. Chunki ota-onaning vazifasi bolasini faqat moddiy jihatdan emas, ma’naviy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlashdir. Shu tariqa bizda “Gulxan” uchun oilaviy obuna boshlandi. Sizda-chi?

 

Gulchehra KUDIROVA,

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 313-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.