Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ibrat maktabi

  • Rukn: Nigoh
  • 732 marta ko‘rilgan

Adabiyot maydoniga qadam qo‘ygan haqiqiy iste’dod egasi borki, o‘zidan mazmunli va ibratli izlar qoldirishga astoydil intiladi. Bu mashaqqatli yo‘lda tinim bilmay ijod qiladi, tun-u kun izlanadi. Adabiyotimizning ana shunday zahmatkash, fidoyi va jonbaxsh ijodkorlaridan biri shubhasiz, ustoz Ibrohim G‘ofurov bo‘ladilar.

Bugun Ibrohim aka – mashhur salaflari Mirkarim Osim, Mirtemir, Zulfiya, Ozod Sharofiddinov, Odil Yoqubovlar singari mo‘tabar va aziz ustoz maqomiga sazovor bo‘lib, adabiyotimizning darg‘alaridan biriga aylandi. Ilk asarlari e’lon qilinayotgan yoshlardan boshlab kitoblari paydar-pay chop etilib turgan ijodkorlar ham yangi yozganlari chiqqanidan so‘ng “Ibrohim G‘ofurov nima derkin”, deb kutishadi. Yoki Ibrohim aka ma’ruza qiladigan davralar yanada gavjumlashib joy topish qiyin bo‘lib qoladi. Ustozning kitoblari qo‘lma-qo‘l o‘qilayotganiga havas qilsa arziydi.

Ibrohim G‘ofurov ijodi ulkan tog‘lar bag‘ridan otilib chiqqan va doim qaynab turadigan jo‘shqin buloqqa o‘xshaydi. U kishining dastlab chop etilgan “Go‘zallikning olmos qirralari”, “Joziba”, “Yam-yashil daraxt”, “Yurak alanga” singari kitoblaridan tortib, “Hayo-xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi” singari adabiy jarayonida voqea bo‘lgan kitoblarigacha so‘z va fikr noyob olmos nurlariday porlab turadi. Har bir satrda so‘z jozibasi va fikr salmog‘i quyma yombilardek o‘quvchini o‘ziga maftun etadi va uning qalbidan muqim joy oladi.

Ustoz “Fikr moddasi” maqolasida shunday deb yozadi: “Fikr koinotning o‘zi kabi bepoyon. Uning chegarasi bor desak ham, yo‘q desak ham bo‘ladi. Fikrning tug‘ilishi, to‘g‘rirog‘i hosil bo‘lish jarayonlari shunday rang-barang sarhadsizki, eng kichik aql-idrok egasi ham uni ilg‘ab olishi qiyin, tasnifi esa ilojsizday tuyuladi. Shunga ko‘ra fikr va fikrlash odamzodning mo‘jizaligidan guvoh berib turadi... Fikrning shakli so‘z. Ammo so‘zlardan ko‘ra fikr benihoya katta. Fikr birlamchi. Fikrni so‘zga sig‘dirib bo‘lmaydi...”

Ibrohim G‘ofurov yaratgan badiiy tarjima ijod maktabi har qancha tahsinga sazovor va har qancha o‘rgansa, saboq olsa arziydi. Ustozning F. Dostoyevskiy, E. Xeminguey, Gide Mopassan, Nozim Hikmat, Chingiz Aytmatov, F. Nitsshe, Konfutsiy, Edgar Po, Folkner, Soljenitsin, Rasputin singari mashhur ijodkorlarning asarlaridan qilgan betakror tarjimalari qayta-qayta nashr etilayotir. Bu tarjimalar allaqachon kitobxonlar va mutaxassislarning yuksak baholariga sazovor bo‘lgan.

O‘zbekiston qahramoni Ozod Sharafiddinov safdoshi va zamondoshi Ibrohim G‘ofurov haqida shunday deb yozgan edi: “Ibrohimjonga Alloh o‘z ne’matlarini qo‘sh-qo‘llab tutgan. Men bu borada uning ko‘p qirrali iste’dod egasi ekanligini nazarda tutyapman – munaqqid tarjimon, shoir, publitsist, jurnalist, zo‘r tashkilotchi, deputat... Qizig‘i shundaki, bu sohalarning birontasida Ibrohimjon zimmasidagi ishlarni chala qilgani yo‘q, har bir sohada shunday salmoqli va mazmundor ishlar qildiki, ular umummadaniyatimizning rivojiga katta hissa bo‘lib qo‘shildi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mustaqilligimizning 26 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan farmoniga asosan Ibrohim G‘ofurovga “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni berildi.

Aziz ustozim! Tinimsiz qilgan mehnatlar, og‘ir zahmatlar, toshday sabr-toqatlar evaziga Alloh bergan 80 yoshingiz qutlug‘ bo‘lsin! Sizning nurli umr yo‘llaringiz, ulkan ijodingiz biz, shogirdlar uchun hamisha yuksak ibrat maktabi bo‘lib qoladi. Umringiz uzoq bo‘lsin!

 

Ashurali JO‘RAYEV

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.