Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Innovatsiya – u qanday yangilik

  • Rukn: Nigoh
  • 110 marta ko‘rilgan

2018-yil mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganiga ham deyarli bir yil bo‘ldi. Bu fursat mobaynida lug‘atimizda yangilik bo‘lgan “innovatsiya” so‘zining ma’nosini bilib oldingizmi?

Internetda bu so‘zga “yangilik”, “ixtiro” deb ta’rif berilyapti. U bozor iqtisodiyoti talabidan kelib chiqqan holda jarayonlar va mahsulotlarning sifatli o‘sishini ta’minlash uchun joriy etilgan yangilik. Insonning intellektual faoliyati, uning fantaziyasi, ijodiy qobiliyati, kashfiyot va ixtirolari, tashabbuskorligining yakuniy natijasi, deb yozilgan.

Keling, buni soddaroq qilib, oilaviy tadbirkorlik misolida tushunishga harakat qilamiz. Deylik, ota-onangiz fermer. Ular pomidor va bodring yetishtiradi. Mahsulotni olib ketadigan xaridorlar ham bor. Lekin endi ota-onangizda bu mahsulotlarni yangi texnologiyalar asosida qayta ishlab, konserva holatida bozorga olib chiqish g‘oyasi tug‘ildi. Shunday qilinsa, yanada ko‘proq foyda olish, yana bir necha o‘n kishini ish bilan ta’minlash hamda o‘z mahsulotini chet ellarga ham eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Buning uchun avvalo, aniq hisob-kitob kerak. So‘ngra yangi uskuna-texnikalar sotib olish zarur. Tayyor bo‘lgan mahsulotni do‘konlarga tarqatilsa yoki qo‘shni davlatlar bilan shartnoma tuzib eksport qilinsa, demak, kechagi g‘oya yangi shakldagi yaxshi sotiladigan, xaridorgir mahsulotga, mahsulot esa mablag‘ga aylanadi. Mana sizga innovatsiya.

“Innovatsiya” atamasi lotincha “novatio” so‘zidan olingan bo‘lib “yangilanish” (yoki “o‘zgarish”), “in” qo‘shimchasi esa lotinchadan “yo‘nalishida” deb tarjima qilinadi. Agar buni yaxlit “Innovatio” ko‘rinishida tarjima qilinsa – “o‘zgarishlar yo‘nalishida” deb izohlanadi.

Innovatsiya XX asrning boshida amerikalik iqtisodchi olim Yozef Shumpeterning ilmiy ishlarida boshlangan. U birinchi bo‘lib iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi farqni ko‘rsatib, innovatsiyani ta’riflab berdi.

Keng tarqalgan yangiliklar va fikrlashlarga qaramasdan innovatsiyalar kashfiyotlardan farq qiladi:

Ilm-fan – bu yangi konsepsiyani yaratish demak.

Innovatsiyalar – bu bilimlar va g‘oyalarni mablag‘ga aylantirish. Bu ixtironing amaliy ahamiyatini ajratib ko‘rsatish va uni muvaffaqiyatli sotiladigan mahsulotga aylantirish.

Ixtiro – bu yangi konsepsiyani yaratish demak.

Hozirda dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida milliy innovatsion modellar shakllangan. Bu modellar o‘sha mamlakatning tarixiy-madaniy rivojlanish darajasi, tabiiy geografik sharoiti, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, xalqning mentaliteti singari o‘ziga xos jihatlardan iboratdir.

Xitoyliklar mamlakatni yaqin yillarda dunyo innovatsion markaziga aylantirish vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

O‘zbekistonda ham Innovatsiyalar vazirligi tuzildi. Innovatsion turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda, oliy o‘quv yurtlarida innovator kadrlar tayyorlanmoqda. Internetning o‘tkazuvchanlik darajasi va tezligi bir necha bor ortdi. Yaqin kelajakda mamlakatning bir necha viloyat markazlarida “aqlli shaharlar” barpo etish mumkinligi haqida o‘ylanmoqda.

Yuqoridagi misollardan ham ko‘rinib turibdiki, kelajakda mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish uchun munosib hissa qo‘shadigan innovatsion ishlab chiqarish sari dadil qadamlar qo‘yilmoqda.

 

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.