Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Insho yozish kuni

  • Rukn: Nigoh
  • 196 marta ko‘rilgan

Ism-familiyangizni to‘g‘ri yoza olasizmi? Ming afsuski, bu savolga barcha o‘quvchilar “ha” deb javob bera olmaydilar. Biz aynan shu savolga javob olish uchun respublikamiz maktablarida dars berayotgan bir nechta o‘qituvchi bilan bog‘landik. Ular “har bir sinfda o‘z ism-familiyasini yoza olmaydigan bitta-ikkita o‘quvchi doim topiladi”, deb javob berishdi. Bu juda achinarli holat. Nima uchun, degan savol tug‘iladi. Albatta, bu kam o‘qishning, dars tayyorlamaslikning, internet klublariga borib o‘yin o‘ynash, telefonga berilib ketish, televizorda namoyish etilayotgan yoshiga nomunosib seriallar yoki yolg‘on va uydirmaga to‘la oldi-qochdi filmlarni kanda qilmay ko‘rib borish hisobiga-da. Biz “Gulxan” jurnaliga kelayotgan xatlarni o‘qib ham hayron qolamiz. Ba’zan ularni ko‘zdan kechirayotib xafa bo‘lib ketamiz. Bir sahifalik maktubda o‘nlab imlo xatolarni uchratish mumkin.

Shu o‘rinda bir misol keltirmoqchiman. Rossiyada aholi savodxonligini oshirish uchun bir necha yillardan buyon yagona diktant kuni mavjud bo‘lib, shu kuni o‘quvchi, talabadan tortib, to vazirgacha diktant yoki insho yozar ekan. Oliy o‘quv yurtiga kirish uchun davlat imtihonlarida abituriyentlarning insho yozishi qonun bilan belgilab qo‘yilgan ekan. AQSHda ham maktab bitiruvchilari albatta ijodiy insho yozishar ekan.

Aynan yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishni har tomonlama rivojlantirish borasida davlatimiz tomonidan qator chora va tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda shunchaki o‘qish emas, balki astoydil, mustahkam bilim oladigan vaqt keldi. Har bir bola “Men bugun maktabga borib qaysi fandan yangi ma’lumotlar olib keldim? Qaysi fanni yaxshiroq o‘rganib keldim?” deb o‘ziga o‘zi savol beradigan vaqt keldi.

Nima uchun Amir Temur bobomiz bir necha bor kam sonli qo‘shini bilan ko‘p sonli dushman qo‘shinidan ustun kelib g‘alabaga erishgan? Chunki u kishi kitobni sodiq do‘st deb bilgan, yoshligidan kitob mutolaasi bilan shug‘ullangan, hukmdor sifatida aqli raso, dono siyosatchi bo‘lgan. Shuning uchun ham jangga kirmasidan avval aql bilan, chuqur o‘ylab ish qilgan. Kitob esa aqlni hamisha charxlab boradi.

“Aslida hech qanday axborot vositasi, kino yoki boshqa tomoshalar badiiy asar o‘rnini bosa olmaydi, – deb yozadi O‘zMU professori, akademik Bahriddin Zaripov. – AQSHga ma’ruza o‘qish uchun borganimda, menga hamrohlik qilgan professor “Qaysi bo‘limlarni ko‘rishni xohlaysiz, ekskursiya qilamiz?” deb so‘radi. Men kutubxonani ko‘rsatishini iltimos qildim. Harvardning turli fan sohalarini qamrab olgan 80 ta kutubxonasi bor ekan. Qaysi birini ko‘rasiz, deyishdi. Men, eng kattasini, dedim. 1000 o‘ringa mo‘ljallangan eng katta kutubxona bo‘ylab aylandik, birorta bo‘sh joy yo‘q. Stolda kompyuter bo‘lishiga qaramasdan, hamma kitob o‘qib, konspekt qilib o‘tiribdi. Men hech kim kompyuterdan foydalanmaydimi, deb so‘radim. Professor “Kompyuter bilan uyida, ishxonada va boshqa joylarda foydalanishi mumkin, bu yer kutubxona. Kutubxonaga talabalar kitob bilan ishlash, o‘qish, zarur ma’lumotlarni topish uchun kelgan”, dedi.

Ma’lumki, Harvard universiteti dunyo ta’lim va fan reytingida yetakchi o‘rin tutadi. Bitiruvchilarining 75 nafari Nobel mukofoti sohibi. Dunyoni o‘z iqtidori va erishgan yutuqlari bilan hayratga solgan kishilarning ko‘pchiligi shu yerda o‘qigan”.

Akademik B. Zaripovning yozishicha, kitob o‘qishni yaxshi ko‘radigan bolalar maktabda ham a’lochi bo‘lar ekan. Kitoblar odamga hayotda yaxshi va munosib yashashni, samimiy, bir-biriga mehribon bo‘lishni, mehnatni sevishni o‘rgatadi. Ko‘p kitob o‘qigan odam o‘zini kuchli va aqlli sezadi. Kitoblar yaxshi, ravon gapirishni o‘rgatadi, mustaqil fikrini qiynalmay aytishni, yozishni o‘rgatadi.

Ha, aziz o‘quvchilar, kitob eng yaqin do‘st. U kerak bo‘lganda sukut saqlaydi, kerak bo‘lsa sizga dunyo eshigini ochib beradi. Yuqorida keltirilgan misollarning mag‘zini chaqib o‘qing, ular qalbingizni yoritib, yo‘lingizni ravon qiladi.

 

Gulxanjon

2016–2017 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.